Xalqaro Valyuta Jamg’armasi O’zbekiston uchun 375 million AQSH dollari imtiyozli qarz mablag’lari ajratdi.

Bu haqida Iqtisodiyot va sanoat vaziri Jamshid Qo‘chqorov Twitterda xabar berdi:

“O’zbekiston Respublikasi Prezidentining global inqiroz va Koronavirus pandemiyasining milliy iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirish bo’yicha olib boriyotgan siyosatlari xalqaro moliya institutlaridan imtiyozli tashqi qarz jalb qilishda qulay imkoniyatlar bermoqda.

Xalqaro Valyuta Jamg’armasi Direktorlar kengashi 2020 yilning 18 may sanasida Koronavirus pandemiyasining O’zbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini yumshatish uchun 375 million AQSH dollari ekvivalentidagi imtiyozli qarz mablag’lari ajratilishini tasdiqladi.

Mazkur mablag’lar Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg’armasini to’ldirishga yo’naltiriladi. XVJ tomonidan imtiyozli qarz mablag’larini ajratishda an’anaviy ravishda mamlakatdagi makroiqtisodiy vaziyat va davlat qarzi bilan bog’liq xatarlar tahlil qilindi.

XVJ tomonidan e’lon qilingan hisobotda koronavirus pandemiyasining respublika iqtisodiyotiga salbiy ta’siri natijasida YaIMning o’sish sur’atlari 1,5 foizgacha pasayishi prognoz qilingan.

Shu bilan birga O’zbekiston Respublikasining davlat qarziga xizmat ko’rsatish salohiyati yuqori darajada saqlab qolinayotgani ta’kidlab o’tilgan.