Xitoy tasdiqlanmagan COVID-19 vaksinasi bilan millionga yaqin insonni emladi

“Sinofarm”ning koʻp sinovlari xorijda amalga oshirilmoqda – Xitoy kompaniyasi oʻz muvaffaqiyatini tasdiqlovchi deyarli hech qanday tibbiy dalil keltirmagan.

PEKIN – Samaradorligi tibbiy jihatdan isbotlanmaganiga qaramay, Xitoyning “Sinofarm” kompaniyasi ishlab chiqargan eksperimental koronavirus vaksinasi qariyb million kishida qoʻllanilgan.

Kompaniyaning koʻpchilik sinovlari xorijda, jumladan Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Misr, Pokiston, Iordaniya, Peru va Argentina oʻtkazilmoqda.

Qariyb million kishi favqulodda foydalanish uchun bu vaksinani qabul qildi deya xabar bergan “Sinofarm” rahbari chorshanba (18-noyabr) kuni qayta nashr qilingan intervyuda. U aniq raqamlarni keltirmagan.

“Bizga nojoʻya taʼsirlar haqida hech qanday xabar kelib tushmadi, faqat sanoqli odamlarda yengil simptoplar kuzatildi”, deb aytgan Lyu Szinchjen davlatga qarashli kompaniya tomonidan qayta nashr qilingan hujjatda.

Kompaniya olib borayotgan sinovlariga tibbiy dalillar keltirmasa-da, vaksina ishlab chiqish boʻyicha “dunyoning barcha jabhalarida yetakchilikka” daʼvo qilmoqda.

Aksincha, kompaniya emlanganlar, jumladan “quruvchilar, diplomatlar va xorijlik talabalarning” vaksinatsiyadan soʻng 150 dan ortiq mamlakatga kasallikni yuqtirmay sayohat qilgani bilan bogʻliq subyektiv holatlarga urgʻu bergan.

Xitoyda emlanganlarning koʻpchiligi ishlab chiqaruvchi sinovlarining rasmiy ishtirokchilari boʻlmay, bu jarayonda koʻngilli sifatida ishtirok etgani aytilmoqda. Ammo kuzatuvchilarga koʻra, Pekin samarasi isbotlangan COVID-19 vaksinasini ishlab chiqargan ilk mamlakat boʻlish ishtiyoqida oʻz fuqarolarini vaksina qabul qilishga jalb etgan yoki majburlagan.

Gʻarb muvaffaqiyatiga munosabat

Rossiya prezidenti Vladimir Putin yaqinda oʻz mamlakatida “Sputnik V” eksperimental vaksinasini targʻib qilganidek, Xitoy rejimining soʻnggi bayonotlari Gʻarbda ishlab chiqarilgan vaksinalarning yuqori samaradorligi haqidagi xabarlarga munosabat oʻlaroq baholanmoqda.

18 noyabr kuni Pfizer va BioNTech kompaniyalarining COVID-19ga qarshi vaksinalari ustidan yakunlangan tadqiqotlar natijasida ularning 95% samaradorlikka ega ekani tasdiqlangan edi.

Ikki kun avval Moderna biotexnologik kompaniyasining AQSH Sogʻliqni saqlash milliy instituti bilan birgalikda ishlab chiqilgan COVID-19 vaksinasining samaradorligi 94,5% ni tashkil etgani maʼlum boʻlgan.

COVID-19 qarshi vaksina ishlab chiqish – Pekinning kasallikka nisbatan masʼuliyatsiz munosabati hamda keyinroq aybni oʻzidan soqit qilish va pandemiyaning kelib chiqishi haqida yolgʻon maʼlumotlar tarqatishga qaratilgan dezinformatsiya kampaniyasini yashirishga urinish usullaridan biri boʻlgan.

Karvonsaroy va AFP