Yevropa Ittifoqi: Isroil Falastin hududini anneksiya qilishni toʻxtatishi lozim

Yevropa Ittifoqiga aʼzo mamlakatlar Isroil hukumatini Falastin hududini anneksiya qilinishiga olib keladigan harakatlardan tiyilib turishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelning oʻtgan dushanba kuni tarqatgan bayonotida gap ana shu haqda borgan.


“Biz Isroilni bosib olingan Falastin yerlarini anneksiya qilinishiga olib keluvchi bir tomonlama harakatlardan voz kechishga chaqiramiz, chunki bu xalqaro huquq normalariga ziddir“, deya taʼkidlanadi bayonotda.


Hujjatda taʼkidlanishicha, YEI isroilliklar bilan falastinliklar oʻrtasida ikki tomonlama kelishuv boʻlmasdan turib chegaralarning har qanday oʻzgarishiga rozilik bermaydi.
17-may kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Iordan daryosining gʻarbiy qirgʻogʻidagi Falastin hududining bir qismini yahudiy qishloqlari uchun anneksiya qilish vaqti keldi, deb bayonot berdi.

U ushbu pozitsiyasini 2-mart kuni saylov natijasida tuzgan hukumatini Knessetga (parlament) taqdim etgan paytda maʼlum qilgan edi.
Vazirlar mahkamasi Binyamin Netanyaxu rahbarligidagi “Likud“ partiyasi bilan Isroil armiyasining sobiq qoʻmondoni Beni Gansning “Kaxol-Lavan“ partiyasi oʻrtasida koalitsion kelishuv tuzilishi natijasida tarkib topdi.

Kelishuvga binoan, Netanyaxu va Gans 18 oy muddatda navbat bilan hukumatga rahbarlik qiladi. Ushbu kelishuv hukumat rahbariga 1-iyuldan boshlab AQSH prezidenti Donald Tramp ilgari surgan Iordan daryosining gʻarbiy qirgʻogʻidagi hududlarning ayrim qismida Isroil suverenitetini oʻrnatish rejasini amalga oshirish uchun harakatlarni boshlashni nazarda tutadi.


2016-yil dekabr oyida BMT Xavfsizlik Kengashi Isroilga bosib olgan Falastin hududida yangi qishloqlar qurish amaliyotini toʻxtatishni talab qilib 2334 raqamli rezolyutsiya qabul qilgan edi. Isroil esa ushbu hujjatda koʻrsatilgan talablarni bajarishdan bosh tortgan.