Ziroat Mirziyoyeva va Saida Mirziyoyeva Sardobaliklar holidan xabar olishdi

“Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Sardoba suv ombori fojiasi natijasida uylari suv ostida qolib, boshqa hududlarga evakuatsiya qilingan aholi holidan xabar olib, ular bilan suhbatlashdi.

«Tashqaridan tushkunlikka tushmang, bu kunlar o‘tib ketadi, deyish oson. Lekin hozir ichingizdan nima o‘tayotgani faqat sizga ma’lum!

O‘g‘lim boshpanali bo‘lsin deb, o‘zingiz yemay, imorat ko‘targansiz. Qizimni to‘yiga deb, o‘zingiz kiymay, sarpo yiqqansiz. Hammasidan xabarimiz bor, ko‘rdik, eshitdik. 

Eng muqaddas ayyomlardan – Hayit arafasida sizni yo‘qlashni, hech bo‘lmasa bir og‘iz so‘z bilan dalda bo‘lishni ko‘nglimga tugib qo‘ygandim. Keling, shunday tabarruk kunlarda duoga qo‘l ochib, ezgu niyat qilaylik. Bu musibatlar, mashaqqatlar tezroq ortda qolsin. Har biringiz oila davrasida halovat va xotirjamlikda yashang, ilohim.

Alloh xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Biz yoningizda turamiz. Butun O‘zbekiston xalqi siz bilan! Prezidentimiz siz bilan!», – dedi Ziroat Mirziyoyeva sirdaryoliklar bilan uchrashuv chog‘ida.

Tashrif chog‘ida «Zamin» fondi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining hamkorlikdagi ijtimoiy loyihasi e’lon qilindi. Ushbu loyiha Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi 11ta zarar ko‘rgan mahallalarda istiqomat qilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Suv ostida qolgan hududlarni qayta tiklash va ulkan qurilish ishlari ketayotgan bir paytda aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlarini ta’minlash maqsadida yoshi 60dan oshgan barcha qariyalar 10 kun davomida poytaxtda va Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida joylashgan sihatgohlar va dam olish maskanlariga, 7dan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar esa yozgi oromgohlarga bepul taklif etiladi. Yaqin kunlarda taklifnoma-sertifikatlar o‘z egalariga yetkaziladi.

Karantin talablarini inobatga olgan holda, aksiyaning barcha ishtirokchilari oldindan COVID-19 test-tekshiruvidan o‘tkaziladi. Barcha xavfsizlik choralari ko‘riladi. 

Batafsil ma’lumotlarni www.zaminfoundation.ngo rasmiy veb-saytidan olish mumkin.