RBK: Sanksiyalar tufayli Yevropaga parvozlarni taqiqlash va boshqa xalqaro reyslarni manʼ etish hamda samolyotlarni hibsga olish xavfi, Rossiya aviakompaniyalari va ularning yo‘lovchilarini misli ko‘rilmagan muammolar oldiga qo‘ydi.
Chet elga uchish uchun rossiyaliklar o‘tgan haftada narxi 10-20 baravar ko‘tarilgan xorijiy aviakompaniyalardan chiptalarni sotib olib, transferlar bilan parvoz qilishga majbur bo‘lmoqda.
RBKning yozishicha, 24 fevralgacha Rossiyaga uchayotgan 40 ta xorijiy aviakompaniyadan hozir ularning soni 20 tadan oshmaydi.
2021 yilda Rossiya aviakompaniyalari 600 dan ortiq Boeing va Airbus samolyotlaridan foydalanganlar. Ehtiyot qismlar yo‘q bo‘lganda, xorijiy samolyotlar taxminan olti oy davomida ishlatilishi mumkin.
Prezident Putinning taʼkidlashicha, Rossiya ichidagi parvozlar Rossiyaning L-410, Il-114-300 va MS-21 samolyotlari hisobiga saqlanadi. Biroq, ularni kerakli miqdorda ishlab chiqarish uchun aviatsiya sanoatiga kamida ikki yil kerak bo‘ladi.