2021 yilning 20 oktyabrda Toshkent shahrida “Gender tenglikni taʼminlash va barqaror rivojlanish” mavzusida oflayn shaklda xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur davra suhbati Barqaror rivojlanish markazi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Davlat va huquq instituti tomonidan YUNESKO bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Xalqaro davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, Oila va mahallani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, siyosiy partiyalar hamda mamlakatimizning akademik hamjamiyati va tahliliy markazlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan bir qatorda xalqaro ekspertlar va mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan chet el diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro davra suhbatining maqsadlari – Barqaror rivojlanishning beshinchi maqsadi “Gender tenglikni taʼminlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish”ga erishish masalalarini muhokama qilish, ushbu yo‘nalishda intellektual salohiyatni shakllantirishda O‘zbekistondagi gender tenligini taʼminlash masalalarini o‘rganish orqali jamiyatimizdagi gender muammolarini hal qilishga oid taklif va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish.
Xalqaro davra suhbatining asosiy vazifalari:
O‘zbekistonda gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlar mavqeini oshirish uchun yaratilgan qulay siyosiy-huquqiy, institutsional va tashkiliy shart-sharoitlar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish;
Davlat boshqaruvining barcha bosqichlarida (shahar, viloyat, respublika) gender tenglikni taʼminlash sohasidagi milliy qonunchiligimizni va xalqaro standartlarni tahlil qilish;
Ushbu sohada xalqaro standartlarga muvofiq O‘zbekistonning gender tenglikka erishish va xotin-qizlarning fundamental huquqlarini taʼminlash siyosatini ishlab chiqish va uni samarali amalga oshirish jarayonida jamiyat va davlat boshqaruvining barcha sohalaridagi ayollarga tegishli asosiy vazifalarni, huquqiy meʼyorlar va belgilangan tartiblarni aniqlash;
Mamlakatni modernizatsiyalashning barcha jabhalaridagi keng ko‘lamli islohotlarida ayollar ishtirokining joriy holati, xususan, BMT ning Barqaror rivojlanishning beshinchi maqsadi “Gender tenglikni taʼminlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” ni amalga oshirish nuqtai nazaridan erishilgan yutuqlar va amaldagi muammolarni o‘rganish;
Ushbu sohadagi umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq O‘zbekistondagi davlat boshqaruvining barcha bosqichlarida gender tenglikka erishish va ayollar huquqlarini to‘laqonli taʼminlash bo‘yicha muhim va sezilarli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
Xalqaro davra suhbatida asosiy eʼtibor gender tenglikka erishish, xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash va himoya qilish uchun yaratilgan qulay siyosiy-huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilishga qaratilgan bo‘lib, taklif etilgan ekspertlar tomonidan “Gender tenglikni taʼminlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish”, “Gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi”, “O‘zbekistonning milliy gender strategiyasi: amalga oshirish mexanizmlari va istiqbollari”, “Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va taʼminlash bo‘yicha O‘zbekistonning xalqaro hamkorligi” kabi mavzularga bag‘ishlangan maʼruzalar tinglandi.