Jurnalist Shuhrat Shokirjonov

Yuqoridagi fotolarning oxirgida bog‘ning 2004 yilda qay ahvolda bo‘lgani va hozir qanday siyraklashib qolganini ko‘rishingiz mumkin.
O‘tgan yilning yozida katta yong‘in sodir bo‘lgan. Yong‘in nimadan kelib chiqqanini hech kim bilmaydi. Ko‘proq o‘zlari olov qo‘yib yuborishganga o‘xshayapti. Yo‘qsa o‘lgan daraxtlar o‘rniga shu yil «Yashil makon» dasturi bo‘yicha yangi daraxtlar ekilgan bo‘lardi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov:
Yangi deyiladigan davrda “Zarafshon Qo‘riqxonasi”ning maqomi ongli va maqsadli ravishda “Milliy tabiat bog‘i” darajasiga tushirilgan. Dachalar, dam olish zonalari qurish, yer, shag‘al, qum, tosh sotish, pul ishlab qolish uchun. Bu ishlarni niqoblash uchun shior ham o‘ylab topishgan: Ekoturizmni rivojlantirish.

Bolaligi shu bog‘da o‘tgan toyloqlik jurnalist do‘stim Lutfullo Tursunov yozmoqda:
“Bolaligim o‘tgan o‘rmon. Ha, u paytlari bu yer oddiy chakalakzor emas, o‘rmon edi. Noyob va ulkan daraxtlari, turli xil jonivorlari, o‘simliklari bor o‘rmon edi. O‘rmon xo‘jaligining rahbarlari, qorovullarini o‘zlari ketma-ket yoqib, so‘ng o‘tin qilib sotib yo‘q qildi.
Shunchalik ulkan tol daraxtlari bo‘lardiki, tanasi qalinligiga besh-olti bolaning qulochi yetmasdi. Ulkanligidan, egilgan qalin shoxlari ustida quvlashmachoq o‘ynardik. “Avatar” ko‘rganlarga bu ertakdek. Ammo bu haqiqat. Hozir bu daraxtlar yo‘q, vahshiylar o‘tin qilib sotgan.
O‘rmonning o‘rtasidan tiniq chashma, xalq tilida «qora suv» oqardi. Tushlikda shu suvga yarimta nonni botirib yerdik. Suvga botirgan nonimning bir tarafidan baliqlar kelib yerdi.
Bulbullar, qirg‘ovul sayroqi, qizilishtonning daraxtni taqillatishi eshitilib turardi. Jayra, tovushqonlar yurardi”.
Endi bu bog‘ni tiriltirsa bo‘larmikan?