Turkiy hamkorlik va Turkiyaning Markaziy Osiyodagi tashqi siyosati

Turkiya Markaziy Osiyodagi siyosatini tezkor tarzda ikki tomonlama va uzoq muddatni ko‘zlab, institutsional darajada yo‘lga qo‘ymoqda. Tog‘li Qorabog‘dagi urush vaqtida Turkiyaning taʼsiri kengaygani va mavqei kuchayganini hisobga olib, Turkiy tilli mamlakatlar hamkorlik kengashi (TTMHK) istiqbolini qanday baholash mumkin? TTMHK faoliyatining qaysi jihatlari muvaffaqiyatli ekanini ajratib ko‘rsatsa bo‘ladi? Tez orada TTMHK shafeligida harbiy hamkorlik boshlanishi haqida gapirish mumkinmi? Ushbu va boshqa masalalar “Prudent Solutions” tahlil markazi direktori, tarix fanlari nomzodi Esen Usubaliyev bilan intervyu davomida muhokama qilinadi.

TTMHK salohiyati uning kengayish imkoniyatini kuchaytiradimi? Boshqa tarafdan olib qaraganda, Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro vaqtida Turkiyaning Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlash borasidagi muvaffaqiyati TTMHK ahamiyatini oshirishi mumkinmi?

Nazariy jihatdan qaralsa, TTMHKning kengayishi unga aʼzo bo‘lgan barcha mamlakatlarning umumiy potensiali yig‘ilishiga xizmat qiladi. Turkiya rahbariyati rejasiga ko‘ra, hamkorlikning umumiy sohasiga qanchalik ko‘p mamlakatlar va xalqlar jalb etilsa, ularning “madaniy jug‘rofiy siyosat” (Medeniyetsel Jeopolitik) g‘oyasi shunchalik keng rivojlanadi. Ushbu g‘oyaga asosan, Turkiya “jismoniy jug‘rofiya”dan va uning xalqaro siyosiy maʼnodagi mafkurasidan voz kechadi hamda siyosatini madaniyat, sivilizatsiya va umumiy makon yaxlitligi singari o‘z tushunchalaridan kelib chiqib yurgizadi. Ayni holatda turkiy xalqlar tarqalgan Bolqon yarim oroliyu Janubiy Kavkazdan boshlab Markaziy Osiyo va Oltoyga qadar bo‘lgan hududda Turkiya yetakchiligidagi umumiy tamaddun makonini (til va madaniyat birligi) tashkil etish Anqara tashqi siyosatining muhim maqsadidir, biroq bugungi kunda ushbu maqsad tashqi siyosiy faoliyatning ustuvor vazifasi deyish noto‘g‘ri bo‘lur edi.

Turkiyada Markaziy Osiyoga tarixiy taʼsir mintaqasi deb qaraladi hamda u Yaqin Sharq, Bolqon yarim oroli va Janubiy Kavkaz singari mintaqalar qatorida Turkiya tashqi siyosati faolligi uchun jug‘rofiy-siyosiy makonni belgilab beradigan “tarixiy teranlik” atamasining bir qismi sifatida tushuniladi. Lekin adolat haqqi-hurmati shuni ham aytib qo‘yish kerakki, Turkiya tarixda hech qachon Markaziy Osiyoda “jismonan” hozir bo‘lmagan, ammo hamisha ushbu mintaqaga potensial taʼsir ko‘rsatish makoni sifatida qarab kelgan. Hozir ham shunday bo‘lib qolmoqda, biroq hozircha Turkiya mintaqaning iqtisodiy va siyosiy hayotida faol ishtirok etish uchun keng imkoniyatga ega emas. Bundan tashqari, Turkiya Rossiya, XXR va boshqa mamlakatlarning mintaqadagi taʼsir kuchi bilan hisoblashishga majbur va bu uning o‘ylab siyosat yurgizishini taqozo qiladi.

Hozirgi paytda Turkiya tashqi siyosatining bosh maqsadi asta-sekin uning manfaatlarini hisobga olmay turib, nafaqat Yaqin Sharq, O‘rta yer dengizi, Bolqon yarim oroli, Janubiy Kavkazdagi mintaqaviy masalalar, qolaversa, global xavfsizlik va dunyo taraqqiyotining boshqa muammolari hal etilmaydigan dunyo darajasidagi davlatga aylanishdir.

Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo Turkiya uchun, birinchidan (til va madaniyat birligi hisobga olinsa), “hech qayerga qochib ketmaydigan mintaqa”, ikkinchidan, taʼsir omillarini nazardan qochirmagan holda jo-bajo ish tutish va pragmatik siyosat yuritish makoni va nihoyat, uchinchidan, ushbu mintaqa vositasida Turkiya o‘zining xalqaro siyosatdagi ahamiyatini oshirmoqda, buning uchun Markaziy Osiyoda ham jamoaviy, ham ikki tomonlama hamkorlik mexanizmlari (institutlari) yaratilmoqda, ular kelgusida ushbu mamlakatning manfaatlarini kafolatlaydi.

Turkiyaning Janubiy Kavkazdagi Tog‘li Qorabog‘dagi hamda Armaniston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi mojaroda Ozarbayjonni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlash bilan ifodalangan siyosatini ham o‘zaro majburiyatlar, ham xalqaro siyosatdagi turkiy birlik nuqtai nazaridan ulkan muvaffaqiyat va Turkiya bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik hamkorlikning haqiqiy namoyishi deb atash mumkin. Ozarbayjon hududining 30 yillik istilodan ozod etilishi, Tog‘li Qorabog‘ maqomi muhokama qilinishining muzokara kun tartibidan olib tashlanishini va Armanistonning amalda so‘zsiz taslim bo‘lishi birinchi navbatda Ozarbayjonning tarixiy yutug‘i va Turkiya tashqi siyosatining muvaffaqiyatidir. Bundan barcha mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarda TTMHK doirasida integratsiya jarayonlarini kuchaytirish maqsadida foydalanilishi shubhasiz. Turkiyaning ushbu muvaffaqiyatdan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan siyosiy, iqtisodiy va harbiy aloqalarni faollashtirish yo‘lida foydalanishga urinmasligi kechirilmas xato bo‘lur edi.

Tashkilot tashkil etilganiga 10 yildan oshdi; kengash qaysi yutuqlari bilan maqtanishi mumkin? Tashkilotni rivojlantirishda gumanitar yo‘nalishni asosiy deb aytsa bo‘ladimi?

Albatta, so‘nggi 10 yildaTTMHK quruq bayonotlar, umumiy madaniy va tarixiy qadriyatlarni tasdiqlash va ushbu sohasidagi hamkorlikdan boshqa biror narsa bilan maqtana olmaydi. Lekin bu o‘rinda bir narsani tushunib olish kerak: Rossiya bilan XXRdan boshqa mamlakatlar aksariyat mamlakatlarni u yoki bu loyihada ishtirok etishga jalb etishi mumkin bo‘lgan biror mexanizm yarata olmadi. Bu ham yetmaganday, hech bir mamlakat barcha ahamiyatli yo‘nalishlar bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun umumiy va samarali platformani shakllantirishning uddasidan chiqa bilmadi. Markaziy Osiyo rang-barang va turli darajali integratsiya mintaqasidir, bu yerda hali turli parametrlar bo‘yicha mintaqadagi barcha mamlakatlarni qoniqtirishi mumkin bo‘lgan umumiy platforma ishlab chiqilgani yo‘q. Shu sababli TTMHK doirasidagi hamkorlikning madaniy-gumanitar yo‘nalishini hozircha jamoaviy hamkorlikning muvaffaqiyatliroq shakli deyish mumkin, lekin u hech qanday majburiyat yuklamaydi. Shuning uchun Turkiyaning mintaqa mamlakatlari bilan ikki tomonlama darajadagi tashqi siyosati muvaffaqiyatiga eʼtibor qaratish kerak bo‘ladi.

Markaziy Osiyo rang-barang va turli darajali integratsiya mintasidir, bu yerda hali turli parametrlar bo‘yicha mintaqadagi barcha mamlakatlarni qoniqtirishi mumkin bo‘lgan umumiy platforma ishlab chiqilgani yo‘q.

Tojikiston Turkiy tilli mamlakatlar hamkorlik kengashining “orqa hovlisi”da qolib kelyapti, Turkmaniston esa haligacha tashkilotga to‘laqonli aʼzo bo‘lib kirmadi. Markaziy Osiyo bunday tashabbuslar oqibatida parchalanishga uchrayaptimi?

Markaziy Osiyo azaldan tarqoq mintaqa bo‘lib kelgan. Tojikiston etnik nuqtai nazardan fors etnosiga mansub bo‘lgani uchun TTMHK doirasidagi hamkorlik shaklidan chetga chiqib qolayotgani bor gap. Ammo tojiklar umumiy turkiy-forsiy diniy, madaniy va tamadduniy makonning ajralmas qismi hisoblanadi. Boz ustiga, turkiy dunyoning ilmiy va diniy makoni forslarning taʼsirida shakllangan. Shu munosabat bilan tojik etnosi fors va turkiy “dunyolar” birikuvi natijasi va namunasidir, ular bir-birisiz ro‘yobga chiqmagan bo‘lar edi. Mohiyatan, Tojikiston fors etnosiga tegishli bo‘lsa-da, madaniy jihatdan fors dunyosidan ko‘ra ko‘proq turkiy dunyoga yaqinroq. Shu sababli Tojikistonning hamkorlikning umumiy turkiy platformaga kiritilmasligi TTMHKning katta kamchiligidir, chunki Turkiya bilan Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi va hamkorlik darajasi balanddir.

Turkmanistonning TTMHKda to‘liq formatda ishtirok etishdan chetga chiqib qolishi ushbu mamlakatning hozirgi rahbariyati davrida Markaziy Osiyo mintaqsidagi umumiy munosabatlar tizimida o‘ziga xos yo‘li va o‘rni borligi xususidagi siyosatga asoslangani shubhasiz. Boz ustiga, Turkmaniston rahbariyati TTMHK doirasidagi madaniy va til hamkorligi chorcho‘pidan chetga chiqishi mumkin bo‘lgan jamoaviy hamkorlik ko‘rinishlariga rozi bo‘lmasligi kunday ravshan.

Taassuf bilan taʼkidlash joizki, TTMHK mintaqaning mavjud tarqoqligini ko‘rsatib bermoqda, xolos. U turkiy xalqlarning ham madaniy, ham tarixiy umumiyligi doirasidagi hamkorlikning na mohiyati va na shakliga biror o‘zgarish kirita olgani yo‘q. Ayni choqda Markaziy Osiyo birinchi navbatda ham turkiy, ham forsiy etnoslarning o‘zaro qorishib ketgani va tarixiy hamkorligidan iboratdir. Nazarimda, turkiy madaniyat va birlik g‘oyasi va tasavvurida tadrijiy o‘zgarishlar yuz bermaguncha, mintaqa ayni masalada bundan keyin ham tarqoqligiga qolaveradi.

Turkiy dunyo mamlakatlarida hamkorlikning qaysi yo‘nalishlari “markaziy” bo‘lishi mumkin? Turkiy dunyo mamlakatlari uchun diniy identitet – kimlik integrsiya poydevori bo‘lib xizmat qilishi mumkinmi?

Modomiki, ayni paytda Turkiya “turkiy dunyo” nomi bilan hamkorlik tashabbuskori bo‘layotgan ekan, bu birinchi navbatda iqtisodiyot, savdo-sotiq va energiya resurslari sohalariga tegishli bo‘ladi. Shu maʼnoda mintaqada Turkiya uchun ham, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham prezident Sh. Mirziyoyevning islohotlari va O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikka tayyor ekani bilan bog‘liq jiddiy ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi.

Bu Turkiyaning tashqi siyosati hamda dunyo energetika resurslarini Yevroosiyodan Turkiyaga va Yevropaga yetkazib berish bo‘yicha “energetika hablari”dan biri bo‘lmish “energetika terminali va koridori” (Enerji Terminali ve Koridoru) maqsadlariga mos keladi. Mohiyatan, bu tashqi siyosatda mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga yo‘naltirilgan va energetika oqimlari barqarorligini taʼminlashni maqsad qilib olgan tashqi siyosat strategiyasidir. Jug‘rofiy nuqtai nazardan, Turkiyaning xalqaro maydondagi o‘rni energiya resurslarini sotib oluvchi mamlakatlar uchun energiya manbalarini rang-baranglashtirishning muhim markazi sifatidagi “sharq – g‘arb” va “shimol – janub” liniyasi bo‘yicha aniqlanadi. 2006 yilgi “Boku – Tbilisi – Jayhan” neft quvuri loyihasi, “Boku – Tbilisi – Arzrum” (Transkaspiy neft quvuri) va Turkiyadagi Jayhan energetika terminalining boshqa loyihasi amalga oshirilgani yorqin namuna bo‘lib xizmat qiladi.

Tog‘li Qorabog‘ mojarosidan so‘ng Turkiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri transport aloqasini yo‘lga qo‘yish yangi transport va energetika yo‘llari uchun keng istiqbol ochadi.

Endi, Tog‘li Qorabog‘ mojarosi tugagandan so‘ng Turkiya bilan Naxichevan orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri transport qatnovini yo‘lga qo‘yish Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Turkiyani bog‘lovchi yangi transport va energetika yo‘llarini tashkil etish uchun keng istiqbol ochadi hamda turkiy dunyoning butun jug‘rofiy makonini shakllantiradi. Taxminimcha, bu 2021 yil aprelida TTMHK doirasidagi hamkorlikning kelgusi shakllarini muhokama qilishga ham taʼsir ko‘rsatadi.

Dinga keladigan bo‘lsak, Markaziy Osiyo mamlakatlarining barchasi sekulyar – dunyoviy tutumlarga ega, mintaqaning ayrim mamlakatlarida islomga alohida munosabat mavjud va ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga oid xavfsizlik va barqarorlik masalalari bilan bog‘liq. Binobarin, dinni turkiy dunyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy omillaridan biri sifatida atay olg‘a surish ehtimoli kam. Shunga qaramay, islom dini Markaziy Osiyo barcha mamlakatlarining umumiy madaniy-tarixiy merosi sifatida tan olingan. Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva va boshqa shaharlar islom fani, madaniyati va tamaddunining dunyodagi markazlari o‘laroq eʼtirof etilgan.

Joriy yil oktyabrida Turkiya milliy mudofaa vaziri Hulusi Akarning Toshkent va Nur-Sultonga safari munosabati bilan tez orada TTMHK shafeligida harbiy hamkorlik boshlanishi haqida gapirish mumkinmi?

Yaqin kelajakda TTMHK doirasida harbiy-siyosiy hamkorlik masalalari muhokama qilinishiga ishonmayman. Turkiya harbiy-siyosiy hamkorlikning muayyan mintaqaviy ko‘rinishlarini tashkil etish yo‘lidan bormaydi, chunki bu Rossiya bilan munosabatlarini chigallashtirib yuborishi mumkinligini yaxshi tushunadi. Anqara o‘zi uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan Suriyada va Janubiy Kavkaz mintaqasida Rossiya bilan hamkorlik va birga harakatlashuv shakllarini saqlab qolishi muhim ahamiyatga ega. Markaziy Osiyo hech qachon Turkiyaning harbiy masʼuliyati hududiga kirmagan va yaqin kelgusida kirmaydi ham. Turkiya shusiz ham NATOga aʼzo mamlakat sifatida Markaziy Osiyoda ushbu tashkilotning mintaqa mamlakatlari bilan [hamkorlik] dasturlarida ishtirok etmoqda.

Markaziy Osiyo hech qachon Turkiyaning harbiy masʼuliyati hududiga kirmagan va yaqin kelgusida kirmaydi ham.

Boshqa masala Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan harbiy-texnik hamkorlik istiqbollariga bog‘liq. Bu o‘rinda Turkiya Markaziy Osiyoda, masalan, Rossiyaning ishtiroki zaif yoki umuman yo‘q bo‘lgan sohalardagi qurol-yarog‘ bozoriga chiqishga intilmoqda. Men uchuvchisiz va zarba beruvchi uchuvchisiz apparatlar – dronlarni nazarda tutyapman. Tog‘li Qorabog‘ mojarosi zamonaviy harbiy texnologiyalardan foydalanish qanchalik muhim va samarali ekanini isbot qildi. Taxminimcha, Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, Qozog‘iston bilan O‘zbekiston ularga qiziqish bildirishi mumkin.

Turkiy dunyo integratsiyasi to‘g‘risida qabul qilingan konsepsiyani hayotga tatbiq qilish mumkinmi yoki u “yaxshi niyat bayonnomasi”ligicha qolib ketadimi?

Umuman olganda, shuni aytishim mumkinki, turkiy dunyoni rivojlantirish g‘oyalari Markaziy Osiyo mamlakatlarining rivojlanish istiqboli muhim o‘rin egallab turgani shubhasiz, biroq mintaqa mamlakatlari birlik omili sifatida faqat etnik mansublikni asos solib olish bilan cheklanmay, ushbu mintaqada yashab kelayotgan halqlarning tarixiy va madaniy birligiga asosiy eʼtibor qaratadigan, Markaziy Osiyo xalqlari taraqqiyotining tarixiy o‘ziga xosligini aks ettiradigan umumiy turkiy madaniy-tarixiy makonni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqmaguncha biror muvaffaqiyatga erishish qiyin.