Qurilayotgan turar joy egalarida insof bormi?

Hozirgi kunda qurilayotgan uy-joylarga juda ko‘plab noroziliklar bildirilmoqda. Qurilayotgan uylar haddan ziyod qimmat u ham mayli sifatiga javob bermasligi eng og‘riqli tomoni hisoblanadi.

“Korobka” yoki tayyor holda?

O‘tgan yili ayni pandemiya cheklovlari avjiga chiqqan vaqtda xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz (pardoz ishlarini amalga oshirmasdan) qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga ruxsat berilgan edi.

Yaʼni, hozirda birlamchi bozordan turar-joylarni “korobka” holida ipoteka hisobiga yoki o‘z mablag‘lari hisobidan sotib olish mumkin.

Garchi qurilish kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash va ipoteka bozorini rag‘batlantirish uchun yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsada, bu mexanizm qator muammo va qiyinchiliklarni yaratmoqda.

Birinchidan, “korobka” holda sotib olganda xaridor har o‘n kvadrat uy-joydan 1-1,5 kvadrat maydonni yo‘qotadi. Masalan, 50 kv.m “korobka” xonadonda oraliq devorlar ko‘tarilgach, 5-7 kv.m yo‘qotiladi. Ko‘pchilik xaridorlarning arzonroq “korobka” uylarni tanlashi, aslida shunday narx aldanishini yaratadi.

Ikkinchidan, “korobka” holidagi xonadon remonti uchun sarf-xarajatni hisobga olgandagi qiymati tayyor holda uy-joydagi xonadon qiymatidan, barcha o‘ziga xosliklarni inobatga olganda ham nisbatan yuqori bo‘ladi.

Uchinchidan, “korobka” holida topshirilgan ko‘p qavatli uy-joyda remont yillar davomida to‘xtatmaydi. Xonadonlar egalari birin-ketin, ko‘chib kelishiga qarab remont boshlaydilar. Hovli, lift, zinalar, yo‘laklar devorlari qayta-qayta shikastlanadi. Taʼmirlash bilan bog‘liq shovqinlar uzoq vaqt yashovchilarni bezor qiladi.

To‘rtinchidan, “korobka” holdagi ko‘p qavatli uy-joyni gaz, suv, elektr, kanalizatsiya kommunikatsiyalarga ulash bir vaqtda yuz bermaydi. Natijada tizimning bardoshliligi to‘liq sinovdan o‘tmaydi. Bu keyinchalik ko‘p qavatli uyning kommunal taʼminoti bilan bog‘liq muammolarini yaratadi.

Beshinchidan, ko‘p qavatli uylarning eng katta muammosi bu uni ekspluatatsiya qilish madaniyati va boshqarish masalasidir. “Korobka” holida topshirilgan ko‘p qavatli uyning ekspluatatsiya muammolari birinchi kundanoq boshlanadi. Chunki unda na uy-joy mulkdorlari shirkati va na boshqaruv kompaniyasi bo‘ladi.

“Korobka” holida topshirilgan uy-joylar bilan bog‘liq muammolarni yana ko‘p sanash mumkin.

Nima bo‘lgandayam, o‘tgan yili  murakkab kunlarda qabul qilingan o‘zgarishlarni qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi. Belgilangan vaqtinchalik qoidalar o‘zining vazifasini o‘tab bo‘ldi. Endi yana madaniy, nisbiy afzal va masʼuliyatli mezonlarni kun tartibiga qaytarish kerak.