“Dushmanimning dushmani mening do‘stimdir” Rossiya va Xitoy munosabatlaridagi kutilmagan iliqlik

Internet nashrlarida kutilmaganda Xitoyning Rossiya hukumati yutuqlariga nisbatan pozitiv tahliliy materiallari ko‘payayotgani kuzatilmoqda mana shunday materiallardan birini eʼtiboringizga havola etamiz.

Rossiyaning “Sputnik-V” vaksinasi dunyodagi kuchlar konfiguratsiyasini o‘zgartirmoqda

Shanhay xalqaro tadqiqotlar universiteti eksperti Yan Chen Rossiyaning “Sputnik-V” vaksinasini ishlab chiqishini Sovet Ittifoqi Yer orbitasiga ilk sunʼiy yo‘ldoshni uchirgani bilan solishtiradi. Rossiya o‘sha paytda ham, hozir ham G‘arb mamlakatlari bosimi ostida bo‘lgan hamda “sputniklar” oliy rahbariyatning shaxsiy nazorati ostida ishlab chiqilgan. “The Paper” axborot va tahlil portalida chop etilgan “Koronavirusga qarshi vaksina va “sputnik lahzasi” Putinning ichki va tashqi siyosatida” maqolasida bu haqda batafsil maʼlumot beriladi.

Epidemiya oqibatlarini nazorat qilish va unga qarshi kurash yirik davlatlaro o‘rtasidagi raqobat yangi bosqichining o‘zagiga aylandi. Yan Chen fikricha, shu maʼnoda har doim o‘zini dunyoning yetakchi davlatlaridan biri deb hisoblagan Rossiya alohida eʼtiborga molik. Maqola muallifi fikriga ko‘ra, maʼlum maʼnoda “Sputnik-V” vaksinasining ishlab chiqilishi va uning tarqalishi Vladimir Putin hukumati uchun “Rossiya yondashuvi”ning “G‘arb boshboshdoqligi”dan (西方之乱) ustunligi muhim isboti bo‘ldi, shuningdek, Aleksey Navalniy ishidan so‘ng Rossiya bilan G‘arb o‘rtasidagi o‘zaro sanksiya urushida kim g‘olib bo‘lganini ko‘rsatib berdi.

AQSh bilan G‘arbdagi hamkorlari uchun bunday vaziyat mutlaqo kutilmagan hol bo‘ldi. Barak Obamadan Jo Baydenga qadar bo‘lgan AQSh hukumati Rossiyani global emas, mintaqaviy davlat sifatida qarashga moyil bo‘lib kelgan edi, chunki milliy qudrat bilan bog‘liq asimmetriya kunday ravshan, oraliq masofa esa borgani sari kattarib bormoqda. Ayni vaziyatda Rossiyaning yangi vaksinasini ishlab chiqish hamda uni mamlakatda va chet ellarda qo‘llash Vladimir Putin hukumati uchun muhim siyosiy va strategik ahamiyatga ega.

1957 yil 4 oktyabrda Sovet Ittifoqi dunyoda birinchi bo‘lib Yerning sunʼiy yo‘ldoshini uchirgan hamda sovuq urush davridagi 2 ta buyuk davlat – AQSh bilan SSSR o‘rtasidagi kosmik musobaqadagi asosiy shaxmat partiyasida g‘olib chiqqan edi. Natijada “Sputnik” ingliz tilida Sputnik tarzida qabul qilindi. Keyinchalik G‘arbda “Sputnik Moment” atamasi paydo bo‘ldi va u Sovet Ittifoqining boshqa davlatlarga nisbatan bosimi va daʼvosini anglatar edi. Ushbu lahza Sovet Ittifoqining o‘zida esa g‘urur va o‘ziga ishonch ortishiga sabab bo‘ldi. Aynan shuning uchun Yan Chen fikricha, Rossiya koronavirusga qarshi dunyoda birinchi bo‘lib maʼqullangan vaksinani “Sputnik-V” deb atadi. Ushbu qadam tashqi dunyoga Rossiya ham bir vaqtlardagi Sovet Ittifoqi kabi ulkan potensialga ega ekani va jahonga yangi “Sputnik”ni taqdim etayotganini ko‘rsatib berishga qaratilgan. Yana ekspert fikricha, bu qadam hokimiyatning ichki darajadagi legitimligini ancha-muncha oshiradi, shuningdek, Rossiyaning xalqaro maydondagi ovoz berish huquqini ham kuchaytiradi. Yangi va foydali vaksinani ishlab chiqish va bozorga chiqarish Rossiyaning rolini o‘zgartirishi kutilmoqda. Yangi vaksina uzoq vaqt mobaynida taqchil tovar va ijtimoiy mahsulot bo‘lib qoladigan sharoitda Rossiyaning xalqaro maydondagi ovozi balandroq bo‘lishi shubhasiz.

Bayden AQSh prezidenti lavozimiga kirishgandan so‘ng Transatlantik sheriklikni tiklashga ko‘maklashish ishiga jon-jahdli bilan kirishib ketdi. Birlashgan Yevropa Ittifoqi yagona aksil-rossiya frontini tashkil qildi va Navalniy qamoqqa olingandan so‘ng sanksiyalarning yangi turkumini qo‘llashga kirishdi. O‘z navbatida Putin bunga keskin javob qaytarib, AQSh bilan G‘arbni Rossiyaning ichki ishlariga ochiq-oydin aralashishda aybladi, YEI bilan aloqalarni uzishi mumkinligini aytib, tahdid qildi. YEI Transatlantik sheriklikning zaif halqasi hisoblanadi. Bunday javobga sabab bo‘lgan narsa rasmiy Moskvaning faqat Yevropa bilan AQSh o‘rtasidagi tafovutlar va kelishmovchiliklarni ko‘rib turganida emas, qolaversa, Rossiya qo‘lida Yevropa bilan AQSh va Yevropa Ittifoqining ayrim mamlakatlarini bo‘lib tashlash uchun vositalar mavjudligi hamdir. Shunday vositalardan biri koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinadir.

Moskva fikricha, Rossiyaga nisbatan dushmanlarcha kayfiyatda bo‘lgan Bryussel bilan bog‘lanish o‘rniga Rossiyaga do‘stona ko‘z bilan qarayotgan YEIga aʼzo mamlakatlar bilan ikki tomonlama munosabatlar o‘rnatish yaxshiroq. Joriy yil yanvarida Rossiya “Sputnik-V” vaksinasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Yevropa Ittifoqiga ariza bergan edi, ammo faqat 4 martga kelib, Yevropa dori vositalari agentligi YEI Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilgandan so‘ng “Sputnik-V” vaksinasiga beriladigan ro‘yxatga olish hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishini eʼlon qildi. Yevropadagi vaziyat hamon jiddiy bo‘lib qolayotgani sababli vaksinalarning umumiy soni yetarli emas, ko‘plab mamlakatlardagi emlash darajasi esa o‘ta pastligicha kolmoqda, Yevropaning ayrim mamlakatlari jamoa immuniteti bo‘sag‘asi darajasiga erishish uchun vaksina olish masalasini uzoq vaqt kutib o‘tirishini istamay, YES qarorini “aylanib o‘tish” va Rossiya vaksinasining maʼlum miqdorini sotib olish va ro‘yxatdan o‘tkazishga intilmoqda.

21 yanvarda “Sputnik-V” vaksinasi Vengriyada ro‘yxatdan o‘tdi, 27 fevralda esa Slovakiya bosh vaziri I. Matovich Rossiya bilan vaksinaning 1 million dozasini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi. 28 fevralda Chexiya prezidenti Z. Milosh Putinga “Sputnik-V” vaksinasini yetkazib berishni iltimos qilib, murojaat etdi. 8 martda Rossiyaning Bevosita investitsiyalar jamg‘armasi Shveysariyaning bir korxonasi bilan birga “Sputnik-V” vaksinasini Italiyada birga ishlab chiqarmoqchi ekanini eʼlon qildi. Hatto Fransiya va Germaniya singari mamlakatlar ham yangi vaksinaga oid mavqeini o‘zgartirib, hamkorlikka tayyor ekanini aytmoqda. Ushbu noanʼanaviy usullar pirovardida Yevropa dori vositalari agentligini jarayonni tezlashtirishga majbur qildi va u “Sputnik-V” vaksinasini nisbatan qisqa vaqt mobaynida ro‘yxatdan o‘tkazishi kutilmoqda.

Bugungi kunda “Sputnik-V” vaksinasi butun dunyo bo‘ylab 46 ta mamlakatda maʼqullandi va undan foydalanilmoqda hamda u 1,2 milliard kishini qamrab olishi kutilmoqda. Rossiyaning “Sputnik-V” vaksinasi foydalanish hajmi bo‘yicha faqat Britaniyaning AstraZeneca vaksinasidan ortda qolmoqda, xolos. Vaqsinalarni yetkazib berish hisobiga Rossiyaning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligi ancha-muncha ortadi.

Postsovet makonida Rossiya bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lgan Belarus va Qozog‘iston singari mamlakatlar vaksinani olish barobarida o‘zining ishlab chiqarish liniyalarini yaratish uchun texnik ko‘makka ham ega bo‘ldi. Yana Rossiya vaksinasi Lotin Amerikasi va Osiyo mamlakatlarida katta ustunlikka ega. Rossiyaning Lotin Amerikasidagi muhim sherigi Venesuela yaqinda “Sputnik-V” vaksinasini oldi. Yana mart oyi boshida Rossiya TIV vaksinasini Vyetnamga yetkazib berishga tayyor ekanini maʼlum qildi.

Shu maʼnoda Rossiyaning yangi “Sputnik-V” vaksinasi va Nikita Xrushchyov davrida Sovet Ittifoqida Yerning birinchi sunʼiy yo‘ldoshi muvaffaqiyatli uchirilgani ham ichki, ham xalqaro strategik nuqtai nazardan qiyoslama ustunlik va o‘xshashlikka ega. Bir tarafdan, ikkalasi ham oliy rahbariyat nazoratidagi eng muhim loyihalardir. Ushbu loyihalarning pirovard muvaffaqiyati iqtisodiy dividendlar keltirishi barobarida jamoatchilik fikri va milliy birlik oshishining muhim vositasi bo‘ldi. Boshqa tarafdan, ushbu 2 ta loyihaning pirovard mahsuloti xalqaro miqyosda Rossiyaning mavqeini oshirmoqda hamda G‘arb bilan Rossiya o‘rtasidagi xalqaro taʼsir uchun kurashning o‘zagiga aylandi.

Biroq Yan Chen taʼkidlashicha, agar Rossiya struktura islohotlarini ilgari surish va amalga oshirish bo‘yicha tez orada milliy murosaga erisha olmasa, “Sputnik lahzasi” deb ataluvchi narsa samarasi qisqa muddatli bo‘ladi. Buning maʼnosi shuki, Rossiyaning pirovard xalqaro maqomini aniqlashning asosiy mezoni hamon iqtisodiyoti miqyosi va uzoq istiqboldagi rivojlanish samaradorligi bo‘lib qolaveradi. To‘rtinchi texnologiya inqilobining jadal rivojlanishi XXI asrda yirik davlatlar o‘rtasidagi raqobat ayrim jihatlar va sohalar emas, barcha darajalardagi sarflanadigan mablag‘lar va natijalarga bog‘liq bo‘ladi. Rossiyaning shu masaladagi ustunliklari ko‘zga tashlanayotgani yo‘q. Shuning uchun ayni bosqichda Rossiya uchun koronavirusning tarqalish surʼati pasaya boshlagandan so‘ng nima qilish kerak, degan savolga javob topish muhimroq.