Xitoy diniy va etnik ozchiliklar vakillarining tana aʼzolarini yigʻishda ayblanmoqda

Shinjonda inson huquqlarining ochiqdan-ochiq buzilishi ortidan keskinlik kuchayar ekan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Pekinning mahbuslar tana aʼzolarini olayotgani bilan bogʻliq kampaniyasiga oid hisobotni eʼlon qilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) inson huquqlari boʻyicha ekspertlar guruhi taxminiga koʻra, Xitoy “tana aʼzolarini majburan olish” uchun hibsda saqlanayotgan milliy, zaboniy va diniy ozchiliklar vakillarini, jumladan uygʻurlar va boshqa musulmonlarni nishonga olmoqda.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, hibsga olinganlar qon tahlili va tana aʼzolarining majburiy tekshiruvi, jumladan ultratovush va rentgen tahlillaridan oʻtkazilgan boʻlishi mumkinligi toʻgʻrisida “ishonchli maʼlumotlar” olingan, deyiladi BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari idorasining (OHCHR) dushanba (14-iyun) kungi bayonotida.

Mutaxassislarning qoʻshimcha qilishicha, tekshiruv natijalari transplantatsiya uchun tirik organlar donorlarining maʼlumotlar bazasiga kiritilgan.

“Xitoyda tana aʼzolarini majburan yigʻish amaliyoti hibsda ushlab turilgan milliy, zaboniy yoki diniy ozchiliklarga qaratilgan boʻlib, koʻpincha hibsga olish sabablari tushuntirilmay yoki hibsga olish uchun ordersiz, turli joylarda amalga oshiriladi”, deydi ular.

Ushbu maqsadli guruhlar “Falungun” oqimi izdoshlari, uygʻurlar, tibetliklar, musulmonlar va nasroniylarni oʻz ichiga oladi.

“Maʼlumotlarga koʻra, mahbuslardan asosan yurak, buyrak, jigar, koʻz muguz pardasi va kamdan-kam hollarda jigar kabi tana aʼzolari chiqarib olingan”, deydi ekspertlar.

BMT mandatiga ega 12 ta mustaqil ekspert ushbu ayblovlardan jiddiy xavotirda ekanligini aytgan.

“Inson huquqlarining jiddiy buzilishi”

Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari boʻyicha mutaxassislari bungacha 2006 va 2007-yillarda ham Xitoy hukumatining mahbuslardan tana aʼzolarini majburan olish amaliyoti yuzasidan xavotir bildirgan edi.

Ekspertlarning taʼkidlashicha, oʻshanda Pekin transplantatsiya uchun tana aʼzolarining donorlari borasidagi savollarga yetarlicha javob bermagan.

“Shu nuqtai nazardan, mavjud maʼlumotlar va axborot almashish tizimlarining yoʻqligi odam savdosi qurbonlarini samarali aniqlash va himoya qilish hamda odamfurushlarni tergov qilish va jinoiy javobgarlikka tortishga toʻsqinlik qilmoqda”, deyiladi OHCHR bayonotida.

Xitoy mahbuslardan tana aʼzolari donori sifatida foydalanganini ilk marta 2005-yilda tan olgan. Rejim qatl etilgan mahbuslarning organlaridan foydalanishni toʻxtatgani haqida 2013 va 2014-yillarda bayonot bergan edi.

Pekin 2015-yildan bu amaliyot butunlay toʻxtatilganini iddao qilib keladi.

BMT ekspertlariga koʻra, “tana aʼzolarining ixtiyoriy donorligi tizimi bosqichma-bosqich rivojlanib kelayotganiga qaramay, Xitoyda transplantatsiya uchun organlar sotib olishda inson huquqlarining jiddiy buzilishi bilan bogʻliq maʼlumotlar olinmoqda”.

Bu borada samarali nazorat yoʻqligi tufayli xavotirlar saqlanib qolyapti.

2011-yilda Xitoyda ixtiyoriy tana aʼzolari donorligi tizimini standartlashtirish va tartibga solish maqsadida Tana aʼzolari transplantatsiyasiga chora koʻrish tizimi (COTRS) ishlab chiqilgan.

COTRS 2010 va 2016-yillar oraligʻida ixtiyoriy donorlik sezilarli darajada oshganini daʼvo qilsa-da, buni tasdiqlovchi dalillarni keltirmagan.

COTRS maʼlumotlariga koʻra, Xitoyda oʻlimidan soʻng ixtiyoriy donorlikka rozi boʻlgan odamlar soni 2010-yildagi 34 tadan 2016-yilda 4080 taga oshgan boʻlsa, transplantatsiya qilingan buyrak va jigarlar soni 2010-yildagi 63 tadan 2016-yilda 10481 taga koʻpaygan.

“Maxfiylik, sukut saqlash va chalkashtirish”

Mustaqil tahlilchilar va huquqshunoslar bu maʼlumotlarga shubha bilan qaraydilar.

2019-yil faoliyat olib borgan va 2020-yil mart oyida yakuniy hisobotini chiqargan “Xitoy tribunaliga” koʻra, COTRS tomonidan taqdim etilgan ayrim yoki barcha maʼlumotlar soxtalashtirilgan.

Bir yil ichida amalga oshirilgan jarrohlik amaliyotlari soni 60-100 mingtani tashkil qilishi mumkin, deyiladi Xitoyda transplantatsiyaga oid zoʻravonliklarga qarshi kurash boʻyicha xalqaro koalitsiyasining (ETAC) 2016-yilgi hisobotida.

“Xitoyliklar Tribunal raqamlarini rad etishmoqda, ammo ularning oʻzlari koʻngillilar tizimi orqali taqdim etgan raqamlarda transplantlarning haqiqiy soni kamaytirib koʻrsatilgan va statistik tahlil asosida ular soxta deb hisoblanadi”, deydi Avstraliyaning Sidney shahri Makkuori universitetining klinik etikasi professori Vendi Rodjers.

2018-yilning dekabrida Tribunal muvaqqat qaror chiqargan boʻlib, uning barcha yetti aʼzosi “bir ovozdan, hech qanday shubhasiz Xitoy uzoq muddatdan beri koʻp sonli vijdon mahbuslaridan tana aʼzolarini toʻplash tajribasini olib borgani aniq”, deb xulosa qilgan.

Qurbonlarning aniq raqamini belgilash mushkul.

Eshituvlar vaqtida Tribunal Xitoy rejimi tomonidan “keng tarqalgan maxfiylik, sukut saqlash va chalkashtirish amaliyotiga” qarshi kurashganini aytgan.

Tribunalga koʻra, shunga qaramay, sezilarli oʻsish koʻngilli donorlar tufayli yuzaga kelmagani “aniq”, chunki belgilangan vaqt mobaynida koʻngilli donorlik tizimi mavjud boʻlmagan yoki boshlangʻich koʻrinishdagina boʻlgan.

Qatliom ayblovlari tergovi

Xitoy tribunalini olib borgan britaniyalik advokat Jeffri Nays ayni vaqtda “Uygʻur tribunaliga” raislik qilmoqda, unda Xitoyning Shinjon viloyatidagi uygʻurlar va boshqa musulmon ozchilikka nisbatan munosabati bilan bogʻliq qatliomda aybdor yoki yoʻqligi koʻrib chiqilmoqda.

“XXRga (Xitoy xalq respublikasi) qoʻyilayotgan ayblovlar jiddiy”, deb aytgan Nays 4-iyun kuni toʻrt kunlik sessiyaning ilk kunida. Dekabr oyida eʼlon qilinajak hisobot oldidan 10-13-sentyabr kunlari yana bir eshituv oʻtkaziladi.

Pekin bir milliondan ortiq uygʻur va boshqa turkiyzabon musulmonlar, jumladan etnik qozoqlarni Xitoyning “kasb-hunar markazlari” yoki “qayta taʼlim markazlari” deb ataluvchi 400 dan ortiq obyektlarda hibsda saqlab keladi.

Ammo bu muassasalar “konsentratsion lagerlarga” oʻxshash majburiy qamoqxonalar ekani haqidagi xabarlar keng tarqalgan.

Xitoyga qarshi ayblovlar sirasiga “qotillik, jiddiy tana va ruhiy, jumladan qiynoqlar, zoʻrlash va boshqa jinsiy zoʻravonliklar, qullik, farzandni ota-onadan majburan tortib olish, majburiy sterilizatsiya, majburiy koʻchirish yoki deportatsiya, irqiy izolyatsiya, majburiy mehnat, tana aʼzolarini majburan olish, gʻoyib boʻlishlar, madaniy va diniy merosni yoʻq qilish, taʼqiblar, majburiy nikohlash va xitoylik xan erkaklarni majburan uygʻur oilalarga joylashtirish” kiradi, deyiladi tribunal saytida.

Bundan tashqari, Shinjondagi musulmonlarga qarshi taʼqiblar doirasida Xitoy 1000 dan ortiq imom va diniy peshvolarni hibsga olgan, deb xabar bergan Uygʻur inson huquqlari loyihasi oʻtgan oyda.