Nemis xitoyshunosi Adrian Sentz “Shinjon hujjatlari” hisobotini chop etib, unda Xitoy hukumatining Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatidagi uyg‘urlar va boshqa ozchiliklarga nisbatan repressiyalari bilan Xitoy rahbariyatining 2014 yildagi chiqishlari o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida yozgan.
Xususan, Sentz Xitoy rasmiylarining uyg‘urlarning tug‘ilish darajasini nazorat qilish, ularni ishlashga majburlash va ularning “kasal fikrlash”larini davolashga chaqiriqlarini keltirib o‘tadi.
Hujjatlar 2014 yil aprelidan 2018 yil mayigacha bo‘lgan muddatga to‘g‘ri keladi. Baʼzi materiallar Тҳе Нев Ёрк Тимес tomonidan 2019 yilda ishlatilgan, ammo qolganlari “maxfiy” va “o‘ta maxfiy” deb belgilangan. Nashr etilganlar orasida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning uchta nutqi ham bor edi.
2014 yilda u (Si) mintaqaning etnik manzarasida uyg‘urlar ustunligidan afsusda ekanligini va 2022 yilgacha mamlakat sharqidan 300 ming xan xalqini u yerga ko‘chirish, shuningdek, uyg‘ur oilalarining bir nechtalab farzand ko‘rishini taqiqlash zarurligini eʼlon qilgan.
Chop etilgan hujjatlar uyg‘ur genotsidi Xitoyda hukmron Kommunistik partiya tomonidan boshlanganini tasdiqlaydi, dedi Sentz.
Xalqaro hamjamiyat Pekinni Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatidagi uyg‘urlarga nisbatan tazyiqlar uchun muntazam ravishda tanqid qiladi. Jahon ommaviy axborot vositalari va ko‘plab huquq himoyachilari masjidlarni buzish, diniy marosimlarni bajarish va Qurʼon o‘qishni taqiqlash bo‘yicha tizimli kampaniya olib borilayotgani haqida bir necha bor xabar berishgan.