Britaniyaning so‘z erkinligi reytingida Markaziy Osiyo

Britaniyaning inson huquqlari tashkiloti Article 19ning jahondagi so‘z erkinligi holati bo‘yicha o‘tkazgan tadqiqot natijalari eʼlon qilindi. Unga ko‘ra, qo‘shnilarimiz orasida Turkmaniston 159-o‘rinda  eng quyidan joy olgan. (jami ishtirokchi davlatlar soni 161ta)

Qozog‘iston 129-o‘rinda, O‘zbekiston 135-o‘rinda, Tojikiston 154-o‘rinda bo‘lib, inqirozli (In Crisis) toifaga kiradi. Qo‘shnilarimiz orasida ancha yuqori ko‘rsatkichlar bilan Afg‘oniston 80-o‘rinda, Qirg‘iziston esa 96-o‘rinda.

KXDR so‘z erkinligi bo‘yicha jahon reytingida oxirgi o‘rinni egallaydi. Undan keyin Suriya, Turkmaniston va Eritreya joy olgan, deyiladi Britaniyaning inson huquqlari tashkiloti Article 19ning jahondagi so‘z erkinligi holati bo‘yicha bergan maʼlumotlarida.

Hisobotda taʼkidlanishicha, avvalgi yillardan farqli o‘laroq, 2020 yil global sog‘liqni saqlash inqirozi paytida to‘g‘ri, ishonchli va o‘z vaqtida maʼlumotlarni taqdim etib borish muhim ahamiyat kasb etgan.

2021 yilgi hisobot shuni ko‘rsatadiki, hukumatlar virusga qarshi kurash, aholi salomatligini muhofaza qilish va maʼlumot olish imkoniyatlarini yaxshilashga eʼtibor qaratish o‘rniga, pandemiya davrida quyidagi to‘siqlarni yaratish bilan ovora bo‘lgan:

• muhim maʼlumotlarni yashirish;

• favqulodda holatni cheklovlarsiz joriy etish;

• ommaviy axborot vositalariga asossiz va keraksiz cheklovlar qo‘yish kabi.

“Inson huquqlari va jamoat salomatligi o‘rtasidagi tanlovni taklif qilib, hukumatlar jamoatchilik muhokamasini va o‘z qarorlarini har qanday tekshirishni to‘xtatishga hamda o‘zlari uchun manfaatli taktikani qo‘llashga qaratgan. Boshqacha qilib aytganda, ular o‘z mablag‘larini ko‘paytirish uchun pandemiyadan foydalanib, davlat pullari va qimmatli vaqtni behuda sarflashgan. Natijada, bu harakatlar pandemiyani uzaytirdi va odamlarning hayotiga zomin bo‘ldi ”, deyiladi hisobotda.

161 davlatni o‘z ichiga olgan reytingda so‘z erkinligi, senzura va jurnalistlarni taʼqib qilish kabi 25 ta mezon hisobga olingan. Baholashga ko‘ra, mamlakat beshta toifadan biriga joylashtirilgan (afsuski biz beshinchi toifadamiz).

Shimoliy Koreya 100 balldan 0 ball olgan yagona mamlakat bo‘ldi. Suriya, Turkmaniston va Eritreya 1 ochkodan, Xitoy 2 ochkodan oldi. Kuchli beshlikka Daniya va Shveysariya (har biri 95 ochko), Norvegiya, Shvetsiya va Finlyandiya (94 ochko) kiradi.

Turkmaniston inqirozli (In Crisis) toifaga kiradi. Reyting mualliflari “Turkmaniston doimiy ravishda reytingning eng pastida turadi. Sababi 2020 yilda Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakat COVID-19dan mutlaqo xoli ekanligini eʼlon qilgan edi”.

Mart oyida maʼlum bo‘lishicha, Turkmaniston  “Dunyo erkinligi 2021” reytingida 100 balldan 2 ball to‘plagan.

Aprel oyida eʼlon qilingan “Chegara bilmas muxbirlar 2021” matbuot erkinligi reytingida Turkmaniston ro‘yxatda bir pog‘onaga ko‘tarilib, 180 -o‘rindan 178 -o‘ringa ko‘tarilgan edi.