2020 yil 30 noyabr kuni “Mening Yurtim” telekanali orqali namoyishi boshlangan va 2 xaftada efirdan go‘yoki texnik ishlar tufayli olib tashlangan “Hukmdor Usmon” seriali AOKA va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayevning talabi bilan efirdan olingan bo‘lishi mumkin, deb xabar bermoqda kun.uz.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, efir to‘xtatilishiga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev va AOKAning xatlari sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, serial namoyishi boshlangandan ikki hafta o‘tib, 16 dekabr kuni to‘xtatilgan. Oradan 2 oy vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, bu «texnik nosozlik» bartaraf etilmadi, yaʼni “Hukmdor Usmon” efirga qaytarilmadi.
Telekanal direktor Nozim Qodirovni maʼlum qilishicha u serialni kim “ZAPRET”ga olgani haqida maʼlumot bera olmaydi, lekin to‘lanadigan pul, tarjima, montaj va boshqa ishlar uchun jami 3 mlrd so‘mdan ortiqroq mablag‘ ketgan..
Shu vaqtning o‘zida telekanalning shaxsini ochiqlamaslik sharti bilan Kun.uz’ga gapirgan boshqa bir vakiliga ko‘ra, teleserial namoyishi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayevning bevosita aralashuvi bilan to‘xtatilgan.
Teleserialni to‘xtatish bo‘yicha telekanalga rasmiy xat AOKAdan yuborilgan. Unga esa Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayevning serialni to‘xtatish bo‘yicha AOKAga yuborgan xati asos bo‘lgani ko‘rsatilgan.
Xullas, teleserial namoyishi to‘xtatilishida OAVning himoyachisi bo‘lishi kerak bo‘lgan AOKAning ham qo‘li bor. Manbaga ko‘ra, MY5 telekanalining xatiga rasmiylardan javob bo‘lmagan, serial esa to‘xtatilgan.
Taʼkidlash lozim, hukumat huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari, Dilshod Eshnayev kuni kecha ham jamoatchilik diqqat-markaziga tushgandi.