Toshkent shahrida 2021 yil noyabr–dekabr oylarida «Toshkent yoshlarni sevadi» shiori ostida yoshlar oyligi o‘tkaziladi. Bu haqda poytaxt hokimligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, anʼanaga muvofiq yoshlar oyligi 15 noyabrdan 15 dekabrga qadar bo‘lib o‘tadi. Oylik davomida yoshlar bilan 6 ta yo‘nalishda «Yoshlar sport festivali», «Intellektual loyihalar festivali», «Yoshlar madaniyat va sanʼat festivali», «Anʼanaviylik va zamonaviylik» yoshlar moda va dizayn ko‘rgazmalari, «Tajriba va mahorat» hamda «Toshkent harbiy vatanparvarlik festivali» loyihalari o‘tkaziladi.
«Fransiyada servis xizmatlarini ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan dunyoning eng katta oliygohlaridan biri — ‘Le Cordon Bleu‘ universiteti bor. Jahondagi katta-katta restoran va xizmat ko‘rsatish korxonalarini boshqaruvchilar faqat mana shu yerdan chiqqan. Ana o‘sha yerga Toshkent shahar hokimligi nomidan yoshlar oyligida eng faol qatnashgan 10 nafar yoshni o‘qishga jo‘natamiz. 100 foizlik grand asosida ularning borib-kelishi, yashashi, o‘qishi — hammasini shahar hokimligi o‘z bo‘yniga oladi.
Shuningdek, u yerda 6 oylik, 9 oylik kurslarni tamomlab, tajriba almashib kelganlaridan so‘ng, O‘zbekistonga qaytib o‘z bizneslarini boshlashlariga sharoit, kredit ajratib beramiz va ular shahardagi eng yaxshi xizmat ko‘rsatuvchi 10 ta tadbirkorlik markaziga aylanadi.
Bundan keyin sovg‘alarmiz faqat mashina berish, uy berish bo‘lmaydi. Chet eldagi eng nufuzli oliygohlarda o‘qib kelish imkoniyatini yaratamiz. Mashina ham tez buziladi yoki sotiladi. Lekin ular o‘rganib kelgani to yoshi ulg‘aygunga qadar o‘zlarida qoladi», — dedi shahar hokimi.
Jahongir Ortiqxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘llanma egalari qay tartibda aniqlanishi hokimning yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Durdona Rahimova boshchiligida maʼlum shartlari asosida belgilab chiqiladi.