2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
O‘tgan hafta bosh yashinqaytargich missiyasini yana o‘z qo‘liga olgan Alisher Qodirov navbatdagi anti haqiqat bilan bo‘lishdi: Emishki, tillaqatori milliardlab kub gazni uy isitish va ovqat pishirishga ishlatib yuboradigan xalqni kosasi oqarmaydi.
Albatta, isitish va ovqatga gaz yoqadigan xalq va kosa oqarishi o‘rtasida hech bir pruf yo‘q. Bir gramm o‘zining gazi yo‘q gurjilar gaz yoqadi, vatani gazni ustidagi ozarlar gaz yoqadi, butun dunyodan gaz sotib oladigan nemislar, britanlar, gollandlar gaz yoqadi Lekin ularning kosasi oqargan. Demak, gazni yoqish yoki qayta ishlash bu tanlov, tanlovni esa erkin bozor beradi. Alisher Qodirovni kim va qanday saylagan bilmayman, lekin u siz va biz uchun tanlab bermoqchi: gaz yoqma, kosang oqarmaydi.
Ayni paytda:
1 kub gazdan 10 ga yaqin yuqori qiymatli, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish mumkinligini eslatgan Alisher Qodirov (eslatmasa, bilmasmidik) 4 mlrd. dollarga qurilgan va aynan shunaqa mahsulotlar ishlab chiqarishi kerak bo‘lgan GTL zavod dekabrdan aprelgacha ishlamasligini negadir yodga olmagan.
GTL va kimyo zavodlardan tortib issiqxonalargacha gazdan uzilib, o‘zbekning subsidiyalanayotgan gazi bir to‘da oligarxlar tomonidan eksport qilinayotgani Alisher Qodirovni hayrat solmagan. Nega Alisher Qodir gaz eksportini to‘xtatishni so‘ramaydi? Alisher Qodir O‘zbekistonni talayotgan oligarxlardan qo‘rqadimi yo ularning feʼlan advokatimi?
Alisher Qodirov o‘risniki (balki aslida o‘zimizniki) deyilgan gazni Gonkongda joylashgan o‘rtakashdan “import” qilinayotganini juda yaxshi biladi, lekin PARAlamentda qo‘r to‘kib o‘tirib, g‘ing‘ demaydi.
Alisher Qodirov millat va uning kosasi haqida qayg‘urar ekan, nafaqat O‘zbekiston, butun Markaziy Osiyo gaz infratuzilmasi yuragi bo‘lishiga qaramay, shimol oligarxiyasiga sovg‘a qilib yuborilgan Gazli omborini o‘zbek xalqiga qaytarilishini, yaʼni milliylashtirishni talab qilmaydi.
Nega Alisher Qodirov oxirgi 8 yil ichida bir to‘p energoshotirlar tomonidan oligarxiyaga sovg‘a qilib yuborilgan konlar, ulushlar va aktivlarni taftish qilish, sxemalar qonuniyligini o‘rganish, energolyustratsiya masalasini parlamentga chiqarmaydi?
Nimaga?
Bular Alisher Qodirov saylov dasturida yo‘q, Alisher Qodirov saylovchilariga o‘zbek xalqini talayotgan o‘g‘ri oligarxiyaga qarshi kurashaman, deb vaʼda bermagan, deysizmi?
Unda, nima Alisher Qodir 4 oy avvalgi saylov-palov kampaniyasida aholi gazdan uzilmasa, xalq kosasi oqarmasligini ochiq-oydin aytganmidi? Shunga xalqdan mandat olganmidi?
Yo bularning hammasi negizida oqni qora deb eʼlon qilish va siyosiy ikkiyuzlamachilikdan iborat antiutopiya yotadimi?
