Birjada benzin narxlari tushayapti, lekin “zapravka”larda narx xaliyam o‘sha-o‘sha-osmonda.
Eng ko‘p” zapravka”larga ega “O‘zbekneftgaz” AJning “UNG Petro” AYOQSHlarida Toshkent shahrining o‘zida odatda kunlik 550-600 tonna AI 80 markali avtobenzin isteʼmolchilarga sotib kelingan ekan.
So‘nggi kunlarda aynan “UNG Petro” zapravkalarida AI 80 benzinini topib bo‘lmay qoldi.
Kamiga Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi benzin bo‘yicha cheklov o‘rnatibdi. Katta ehtimol bilan bu benzin taqchilligiga sabab bo‘lmoqda. Yaʼni kunlik katta lotlarda 120 tonna va kichik lotlarda 10 tonna benzin cheklovi o‘rnatilgani sababli, Toshkent shahrining o‘zida kuniga 550-600 tonna benzin sotadigan “O‘zbekneftgaz” zapravkalarida benzin yetmayapti.
🔰 Demak, ushbu cheklov benzin narxini tushirish o‘rniga aksincha taqchillik olib kelib, narx tushmasligiga sabab bo‘lishi mumkin.
Savol: unda bu cheklov nima uchun xizmat qilayapti?
Maʼlumotlarga ko‘ra, xususiy tadbirkorlar hozirda benzinni har tonnasini 7 million so‘mdan xarid qilib atiga 3-4 “zapravka”lari orqali sotib kelishmoqda. O‘rtadagi farqni kattaligini tushunish qiyinmas: 50 ta zapravkasi bor “UNG Petro”ga ham 130 tonna, bitta “zapravka”si borga ham 130 tonna.
Eng yomoni birorta ham benzin “zapravka”ga ega bo‘lmagan ulgurji savdo vakillari ham Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining cheklovi ortidan negadir AI 80 benzin sotib ola boshlashgan.
Katta ehtimol bilan ular qishda “gaz zapravka”larida navbatlar cho‘qqisiga chiqqanda benzinni yana-da qimmatga sotish uchun g‘amlashyapti yoki ustiga qo‘shimcha narx qo‘yib sotish harakatida. Boshqacha bo‘lishi ham mumkinmas.
📂 Hisoblab ko‘rsak bugun har tonnasi 7 million so‘mga aylangan benzin
barcha soliq va “zapravka” xarajatlarini qo‘shib hisoblaganda chakana savdoda 1 litriga 6 ming so‘m degani. Lekin, Toshkentdagi xususiy “zapravka”larda eng arzon benzin 7900 so‘mdan boshlanadi.
Buni “O‘zneftgazinspeksiya” bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi nazoratga olib, tartibga solishlari kerak. “Shahar bedarvoza”masku.
Shu o‘rinda bitta taklif: benzin faqat benzin “zapravkasi” bor biznes vakillariga sotilgani maʼqul. G‘amlab qo‘yib, bozorda sunʼiy defitsit hisobiga boyimoqchi bo‘lganlarga emas.
👆Unutmaylik, besh qo‘lni og‘izga tiqish, og‘izni yirtishi mumkin. Ustiga ustak xalqni qiynalishi hisobiga bo‘lsa.
Shuning uchun otning o‘limini itning bayramiga aylantirmaylik o‘rtoqlar.
👆Darvoqe, O‘zbekistondagi 80 foiz neftni qazib chiqaramiz, deb maqtanadigan “Jizzax petroleum”ni asosiy benzini qayoqqa ketayotgani(o‘zi xalqqa tegishli neft quduqlari ularga qanday o‘tib qolgani ham qiziq), Farg‘onadagi neft zavodi qancha benzin ishlab chiqarayotgani ham ochiqlansa yaxshi bo‘lardi. Masʼullar bunga javob berishlari kerak o‘zi.
