So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijobiy imijini jahon miqyosida ilgari surish va mustahkamlashga oid siyosat shakllanmoqda. “O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash konsepsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori mazkur masala nechog‘li ahamiyatli ekanining isbotidir. Qarorda qayd etilishicha, davlat va jamoatchilik darajasida O‘zbekistonning xalqaro imijini shakllantirish va targ‘ib qilishning yaxlit tizimi ishlab chiqilib, kompleks va tizimli davlat siyosati shakllantiriladi. O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash siyosatining asosiy vazifalaridan biri sifatida xorijiy mamlakatlarning davlat va nodavlat tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar hamda moliya institutlari tomonidan O‘zbekistonning izchil rivojlanayotgan, zamonaviy demokratik huquqiy davlat sifatida yaxlit va ijobiy qabul qilinishini kuchaytirish belgilangan. Shunga ko‘ra, xorijiy nodavlat tuzilmalarda O‘zbekiston mavzusidagi materiallarni kuzatish va ulardagi talqinlarni tahlil qilish muhim ahamiyatga egadir.
Mazkur maqolada XXI asrga kelib, jahon siyosati, iqtisodi va xavfsizlik tizimlariga taʼsir ko‘rsatish darajasida rivojlangan Think tank – tahlil markazlarida O‘zbekiston mavzusidagi materiallarning tavsifi ko‘rib chiqiladi. Tadqiqot obeʼkti sifatida Arab davlatlaridagi tahlil markazlari tanlangan.
Think tank – tahlil markazlari tushunchasi
Dastlab tahlil markazlari tushunchasiga biroz to‘xtalib o‘tamiz. Think tank – tahlil markazlari, siyosiy muammolarga javob topish uchun fanlararo yondashuv asosidagi tadqiqotlarni tashkil qiluvchi turli xil institutlar, korporatsiyalar yoki alohida guruhlardir. Tahliliy markazlar amaliy siyosiy jarayonlar va fan o‘rtasidagi bog‘lovchi vazifasini bajaradi. AQSH va Yevropa mamlakatlaridagi tahlil markazlari tayyorlagan dasturlar shu qadar keng qamrovliki, ular jahonning geosiyosiy manzaralariga taʼsir eta olish darajasidagi qudratga ega. Tahlil markazlarining doimiy “mijozlari” hukumat, nodavlat tashkilotlar va alohida shaxslar bo‘lishi mumkin. Markazlar faoliyatini moliyalashtiruvchi va “ilhomlantiruvchi”lar ham hukumat, nodavlat tashkilotlar va alohida shaxslardir. Tahlil markazlari faoliyatining natijasi bo‘lmish axborot va tahliliy materiallar ekspert baholovi, yaʼni, tahliliy bilim, jarayonlarga nisbatan professional qarash, muammolarni chuqur ilmiy tahlil qilishi bilan ajralib turadi. Odatda, tahlil markazlarida kuchli intellektuallardan iborat resurs shakllantiriladi va ular siyosat hamda siyosiy bilimlarni birlashtirgan holda siyosiy jarayonlarga taʼsir eta olish, strategik muammolarni hal qilish hamda ularni boshqarib borishga qaratilgan materiallarni shakllantiradi. O‘tgan asrdan boshlab faollik bilan rivojlangan bu turdagi institutlar bugungi kunga kelib, xalqaro munosabatlarning aktori maqomiga ko‘tarildi.
Nega aynan arab tahlil markazlari?
Dunyo keng va u faqat Rossiya, Xitoy hamda Amerikadan iborat emas. Shuningdek, tan olish kerakki, o‘tmishda bo‘lganidek, hozir Arab davlatlari jahon manzaralariga mustaqil ravishda katta o‘zgarishlar kirita olish imkoniyatiga ega emas. Bir zamonlar jahon poytaxti goh Damashq, goh Bog‘dod bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu yerlar oxiri ko‘rinmas ixtiloflar, Yaqin Sharq mintaqasining boyliklariga ega chiqish uchun kurashayotgan xalqaro kuchlarning bellashuv maydoniga aylanib qolgan. Biroq, shu g‘avg‘olar ichida ham Arab davlatlarining iqtisodiy va geosiyosiy imkoniyatlarini kuchsiz deb baholab bo‘lmaydi. Misol uchun, Misrning strategik qulay joylashuvi, yuqori darajadagi harbiy va intellektual salohiyati yoki Saudiya Arabistonining jahonda ikkinchi o‘rinda turuvchi ulkan neft zaxiralari haqida ko‘p aytilgan, yozilgan. Agar gap arab tahlil markazlari haqida borsa, ular orasida bu borada ham yetakchilar borligini eʼtirof etish lozim. Masalan, jahon tahlil markazlarining 2020 yil uchun tuzilgan reytingida kuchli yuztalikka Arab davlatlaridan Saudiya Arabistoni, Misr, Efiopiya va arablarning qo‘shnisi bo‘lmish Isroilning bir qancha tahlil markazlari kiradi. Hozirgi davrda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika hududidagi tahlil markazlari jadal rivojlanmoqda. Pensilvaniya Universitetining jahon tahlil markazlarining 2020 yilgi faoliyatiga oid hisobotiga ko‘ra, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasida tahlil markazlarining umumiy soni 1294 tani tashkil qiladi. Tahlil markazlari soniga ko‘ra, mintaqada Eron, Isroil, Turkiya, Misr, Iroq va Livan davlatlari yetakchilik qiladi. Ularning xalqaro eʼtirof etilishi bo‘yicha ko‘rsatkich va taʼsir darajasiga ko‘ra esa Misr, Turkiya, Isroil hamda Qatardagi markazlar yetakchidir.
Arab davlatlaridagi tahlil markazlarining materiallari jahon tillaridan uchtasida – arab, ingliz va fransuz tillarida tayyorlanadi. Hozirgi kunda arab tili 310 million aholining ona tili ekanligi hamda 270 million aholining ikkinchi tili ekanligini hisobga olsak, bu markazlar materiallarining qamrovi nechog‘li keng ekanini tushunib olishimiz mumkin. Vashington instituti qoshidagi Yaqin Sharq siyosati bo‘yicha tadqiqotlar olib boruvchi markazning kuzatuvlariga ko‘ra, Arab davlatlaridagi tahlil markazlari moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lmasa-da, ular o‘zini avtonom va mustaqil fikrlovchi nodavlat tashkilot sifatida namoyon etadi. Ular yillar davomida siyosiy elita qabul qiladigan qarorlar borasida o‘zgarishlarga erishgan, ularni siyosiy jarayonlarni anglashda mafkura va axloq meʼyorlarini birlamchi omil sifatida ko‘rmaslikka o‘rgata olgan, buning o‘rniga siyosatni muayyan xarajatlar va foydalar bilan bog‘liq variantlar nuqtai nazaridan baholashga chaqirgan. Qisqacha aytganda, bugun Arab davlatlarining siyosiy hamda iqtisodiy elitasi strategik qarorlar qabul qilishda tahlil markazlari xulosalarini hisobga oladi, ular bilan eng muhim masalalarda maslahatlashadi.
O‘zbekiston – Arab tahlil markazlari nigohida
XX asrning 90-yillaridan O‘zbekiston Arab dunyosi bilan ishonchli va do‘stona munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. O‘z navbatida, Arab davlatlari ham mamlakatimizga istiqbolli investitsiya bozori, islom madaniyatining vorisi sifatida katta qiziqish bildirmoqda. Mazkur qiziqish natijasi sifatida Arab davlatlari ilmiy-tadqiqot muassasalari va media-makonida O‘zbekiston mavzusi turli ko‘rinish va shakl-shamoyilda zohir bo‘ldi. Eʼlon qilingan materiallar, xususan, ilmiy adabiyotlar, ilmiy ommabop maqola va xabarlarning yillar hamda mamlakatlar kesimidagi tahlili shuni ko‘rsatadiki, ularda mazmun jihatidan ayrim umumiyliklar kuzatilsa-da, janr jihatidan farqlar mavjud. Xususan, oddiy xabar, maqola, suhbatdan tortib, chuqur ilmiy tahliliy monografiya va dissertatsiyalargacha bor. Kuzatuvlar yana shuni ko‘rsatmoqdaki, Misr, BAA, Saudiya Arabistoni va Ummon kabi davlatlarning ilmiy-tadqiqot muassasalari va ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston mavzusiga tez-tez murojaat qilinsa, Tunis, Jazoir, Iordaniya, Marokash singari davlatlar matbuoti hamda ilmiy doiralarida bunday chiqishlar ko‘p emas. Umuman olganda, Arab davlatlarida O‘zbekiston mavzusidagi tadqiqotlar va yirik tahliliy materiallar katta kontentni tashkil qilmaydi. Ularning aksariyatida “O‘zbekiston” kalit so‘zi G‘arb va Rossiya, Eron va Turkiya, Saudiya Arabistoni va Eron, Isroil va Arab davlatlari o‘rtasidagi siyosiy iqtisodiy hamda mintaqaviy raqobat bilan bog‘liq muammolar yoritilgan tadqiqotlarda uchraydi. Shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyat, diniy radikal guruhlar faoliyati, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi, terrorizm xavfiga oid umumiy mavzularda ham mamlakatimiz nomi tilga olinadi. Shu o‘rinda aytish joizki, Arab davlatlari tahlil markazlarida O‘zbekiston imiji hali hukumatimiz istayotgan darajaga yetgani yo‘q.
Bevosita Arab davlatlarining tahlil markazlaridagi O‘zbekiston mavzusiga kelsak, bu mavzu bilan bog‘liq materiallar 2000 yillardan boshlab Markaziy Osiyo kontekstidagi tadqiqotlar doirasida uchraydi. Dastlabki davrda tarixdagi buyuk Movarounnahrning vorisi sifatida Markaziy Osiyo mintaqasi yaxlit birlik sifatida qabul qilingan bo‘lsa, taxminan so‘nggi 5 yilliklarda mintaqa o‘z yaxlitligini yo‘qotib, har bir davlat o‘ziga xos tarzda, o‘z taraqqiyot modellari bo‘yicha va turli xalqaro maqsadlarni ko‘zlagan holda rivojlanayotgani to‘g‘risidagi qarashlar shakllanmoqda. Misol uchun, Arab davlatlarida Markaziy Osiyoga oid birinchi tadqiqotlarni olib borib, mintaqadagi siyosiy jarayonlarni baholagan Misrning “Al-Ahram” siyosiy va strategik tadqiqotlar markazi Markaziy Osiyo mavzusidagi jami 32 ta tahliliy maqolasidan 1 tasida, Qatarning “Al-Jazira” siyosiy tadqiqotlar markazidagi mavzuga oid jami 19 ta maqolaning faqat 1 tasida O‘zbekiston mavzusi alohida tadqiqot obyekti sifatida o‘rganilgan.
Quyida “O‘rta Osiyo” va “O‘zbekiston” kalit so‘zlari bilan qidirilganda topiluvchi materiallarni eʼlon qilayotgan tahlil markazlari shu mavzudagi materiallari soni hamda jahon tahlil markazlarining 2020 yilda eʼlon qilingan reytingidagi o‘rni (Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika (MENA) mintaqasi bo‘yicha) ko‘rsatilgan.
Arab tahlil markazlarida O‘zbekistonning imiji qay tarzda shakllanayotganligi masalasini o‘rganish uchun biz bir qancha tahlil markazlarining materiallarini tahlil qilib ko‘rdik. Shu o‘rinda aytish lozimki, tahlil markazlaridagi O‘zbekiston mavzusining xususiyati markazlar faoliyat olib borayotgan va moliviy jihatdan bog‘liq bo‘lgan davlatlarning O‘zbekistonga nisbatan munosabatidan kelib chiqadi. Shuningdek, juda oz o‘rinlarda bo‘lsa-da, O‘zbekiston mavzusi umumiy maʼnoda boshqa bir tavsifda, xususiy maʼnoda esa yana boshqa bir tavsifda zohir bo‘layotganini ko‘rishimiz mumkin.
“Al-Jazira” siyosiy tadqiqotlar markazi 2009 yildan buyon O‘rta Osiyo kontekstida O‘zbekiston mavzusini o‘rganadi. Biz jami 19 ta maqolani tahlil qildik.
“Al-Jazira”da O‘zbekiston mavzusidagi tadqiqotlarni uch guruhga bo‘lish mumkin: siyosiy islom, mintaqaviy xavfsizlik muammolari, geosiyosiy jarayonlar. Bu mavzular doirasida “O‘zbekiston” kalit so‘zi quyidagi jadvalda ko‘rsatilgan kalit so‘zlar bilan birgalikda keladi.
“Al-Jazira”da O‘zbekiston mintaqaning eng yirik davlati, yetakchi kuch sifatida talqin qilinadi. Markaz ekspertlarining fikriga ko‘ra, O‘zbekiston etnik nizolar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mamlakat, unda diniy guruhlar faoliyati taʼqiqlangani sabab, ular muxolif sifatida xorijda faoliyat olib boradi va hozir Afg‘oniston va Yaqin Sharq hududlarida bo‘lib, mamlakat xavfsizligiga tahdid solmasligi kafolatlanmagan. Shuningdek, mamlakat murakkab geosiyosiy jarayonlarga tortilgan, u xalqaro kuchlar manfaatini hisobga olishga majbur. 2010-2016 yillardagi materiallar o‘rganilganda O‘zbekiston ichki muammolarga boy, geosiyosiy jarayonlar taʼsirida qolayotgan, xavfsizlik masalalari hal qilinmagan yopiq bir mamlakat sifatida taassurot qoldiradi.
2018 va 2020 yillarda eʼlon qilingan ikkita materialda esa mamlakatdagi islohotlarni eʼtirof etish holati ko‘zga tashlanadi. Xususan, 2020 yil “Yangi O‘zbekiston” shiorlariga qaramay, parlament eski amaliyotni himoya qilishni davom ettirmoqda” sarlavhasi bilan eʼlon qilingan katta tahliliy maqolada markaz eksperti Zaki Shayx saylov tizimida ko‘zga tashlana boshlagan ayrim o‘zgarishlar, demokratik erkinliklar hamda siyosiy hokimiyat uchun kechayotgan kuchsiz raqobatni tanqidiy tahlil qilgan. Zaki Shayx 2017 yilgacha bo‘lgan mualliflardan farqli o‘laroq, O‘zbekiston mavzusida “islohotlar”, “demokratiya”, “erkin saylovlar”, “matbuot va so‘z erkinligi”, “ochiqlik siyosati” kabi tushunchalarni keng qo‘llaydi. Eng asosiysi, u O‘zbekiston mavzusini O‘rta Osiyo kontekstidan ajratib o‘rganadi. Uning fikriga ko‘ra, O‘zbekistondagi siyosiy partiyalar davlat siyosiy hayotida katta ahamiyat kasb etmay kelayotgan edi, ularning faoliyati cheklangan va faqatgina amaldagi tizimni saqlab turishdagi vositalardan biri sifatida ahamiyatli bo‘lgan. Uning asosini tashkil qiluvchi siyosiy partiyalar faoliyati esa bir so‘z bilan aytganda, demokratik tamoyillarga mos emas edi. Biroq, endi bu holat o‘zgarishlar sari yuzlanmoqda. Davlat siyosiy hayotining barcha jabhalarida kuzatilayotgan o‘zgarishlar siyosiy partiyalar va saylov tizimida ham qisman aks etadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi parlamentning mustaqil institut sifatida shakllanishi va tom maʼnoda demokratik tajriba qaror topishi yo‘lida ishlashini taʼminlashga intilmoqda. “Al-Jazira” siyosiy tadqiqotlar markazi arab tahlil markazlari uchun fenomen emas, lekin u ko‘tarayotgan masalalarni qolgan barcha tahlil markazlarining tadqiqot yo‘nalishlari qatorida uchratish mumkin, jumladan, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mavzularini ham. Biz Markaziy Osiyo kontekstida O‘zbekiston mavzusini tahlil qilayotgan yana bir qancha arab tahlil markazlari materiallarini mavzu xususiyatiga ko‘ra guruhlashtirdik.
Guruhlashtirib o‘rganish natijasida O‘rta Osiyo, xususan, O‘zbekiston ham Arab davlatlaridagi tahlil markazlari uchun murakkab geosiyosiy jarayonlarga tortilgan, xalqaro va mintaqaviy kuchlarning raqobat maydoni, radikal islom guruhlari faollashishi mumkin bo‘lgan mintaqa sifatida taassurot qoldirayotganligi aniqlandi. Xususan, “Al-Ahram” siyosiy va strategik tadqiqotlar markazining 2021 yil yanvar oyida eʼlon qilgan maqolasida markaz eksperti Ahmad Komil Al-Buxariy ISHID Yaqin Sharqda o‘z maqsadlariga erisha olmaganidan so‘ng Markaziy Osiyoning ayrim davlatlarida faoliyatini kuchaytirishga eʼtibor qaratmoqda, deb yozadi va bu holat bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildiradi. Uning fikricha, mintaqadagi aksariyat mamlakatlarda ish va taʼlim imkoniyatlarining zaifligicha qolayotganligi, etnik guruhlar o‘rtasida keskinlik mavjudligi, aholining katta qismi og‘ir turmush sharoitlarida yashab, iqtisodiy va ijtimoiy muammolardan aziyat chekayotganligi hamda korrupsiya keng yoyilganligi, ustiga-ustak, mintaqada terroristik tashkilotlar faoliyati azaldan borligi kabi omillar shunday xulosaga kelishga undaydi.
Birlashgan Arab Amirliklari “Amirliklar siyosat markazi”ning maqolalarida ham “O‘zbekiston” kalit so‘zi Afg‘onistondagi vaziyat, yangi Tolibon hukumati, Eron va Turkiya tashqi siyosati hamda radikal islom guruhlari mavzusidagi maqolalar doirasida tahlil qilinadi.
Qatarlik siyosatshunos Ibrohim G‘aribaning yozishicha, arab kitobxonlariga Marv, Samarqand, Buxoro va Toshkent singari shaharlarning nomlari O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘izistondan ko‘ra ko‘proq narsani anglatadi. “Arablar O‘zbekiston haqida ko‘p narsa bilmas, ehtimol, biroq, bu zaminda tug‘ilib-o‘sgan va ilm olgan al-Buxoriy, at-Termiziy, al-Xorazmiy, al-Farobiy va Ibn Sino kabilarning nomlari, ularning insoniyat tarixidagi ahamiyatini yaxshi bilishadi”, deb yozadi muallif. Shunday ekan, O‘zbekistonning Arab davlatlaridagi imiji Al-Buxoriy avlodlari, tinchlik va barqaror rivojlanish yo‘lini tanlagan xalq sifatida shakllanishiga erishish lozim. Zotan, mamlakatimiz murakkab geosiyosiy jarayonlarga tortilgan davlat, radikal guruhlarning ehtimoliy tahdidi singari xavotirli va asoslanmagan axborotlar bilan tanilmasligi kerak.