Afg‘onistondan AQSh harbiy kuchlari olib chiqilishining nazariy va amaliy jihatlari

Ushbu mojaroning nazariy asoslarini tahlil qilish natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, Samyuel Xantingtonning tamaddunlar to‘qnashuvi nazariyasi va qarashlarini aks ettirib, g‘oyalar to‘qnashuvi asta-sekin tamaddunlar to‘qnashuviga aylanganligini ko‘rsatmoqda.

Agar sobiq ittifoq harbiy kuchlarining 40 yil avval Afg‘onistonga olib kirilishi g‘oyalar to‘qnashuvi sifatida namoyon bo‘lsa, AQSH va uning ittifoqdoshlarining “Tolibon” harakati bilan 20 yil davom etgan qarama-qarshiligi nafaqat tamaddunlar to‘qnashuvi, balki liberalizmning radikalizm bilan, demokratiyaning totalitarizm bilan, maʼrifatning jaholat bilan, islom dinining xristian dini bilan, g‘arbning sharq bilan, taraqqiyotning jaholat bilan, qishloqning shahar bilan va h.k.lar to‘qnashuvini o‘zida aks ettiradi, deb aytish mumkin.

AQSH va uning ittifoqdoshlarining Afg‘onistonda zamonaviy qadriyatlarni singdirishga bo‘lgan urinishlari zoye ketganligini ko‘rsatmoqda va buning aksi bo‘lishi ham mumkin emas, chunki, bir necha yuz yillab ortda – “o‘tmishda” qolgan jamiyatni birdaniga bugungi kunga o‘tkazishning imkoni yo‘qligini amalda ko‘rmoqdamiz. Shuningdek, AQSH va uning ittifoqdoshlari qo‘llab-quvvatlagan hukumat, oddiy afg‘on xalqi nazarida poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik va boshqa nojoiz holatlar sifatida namoyon bo‘lib, uning tezlik bilan qulashini ana shu holatlarga bog‘lash mumkin.

“Tolibon” harakatining AQSH va uning ittifoqdoshlariga ko‘rsatgan 20 yillik qarshiligi mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz chuqurlashuviga, davlatchilik inqiroziga, mamlakat bo‘ylab parokandalik kuchayishiga olib keldi. Bularning bari oddiy afg‘on xalqining gardaniga og‘ir yuk bo‘lib tushmoqda. Bu esa o‘z navbatida, qochqinlar oqimi yuzaga kelishi, terroristik va ekstremistik guruhlarning qo‘shni mamlakatlarga sizib o‘tishi, Afg‘onistoning jahon hamjamiyati uchun doimiy xavf-xatar manbaiga aylanishiga olib kelishi mumkin. Bunday holat yuzaga kelishi va “Tolibon” harakati tomonidan siyosiy jarayonlarda afg‘on jamiyatining barcha qatlamlari, millatlari ishtirok etishini, insonlarning fundamental huquqlari, birinchi navbatda, ayollar va milliy kamchiliklar huquqlarini umummilliy kelishuv asosi, davlatchilikni tiklash va mamlakatda barqaror tinchlikni taʼminlashning muhim shartlari ekanligini inkor etayotganligi natijasi, deb bemalol aytish mumkin.

AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishi va mamlakatdagi ushbu hukumatning tezkor qulashi masalasiga qaytadigan bo‘lsak, baʼzi manfaatdor kuchlar bu holatni AQSH va uning ittifoqdoshlarining mag‘lubiyati sifatida qabul qilmoqda.  Muallif fikriga ko‘ra, AQSH harbiy kontingentining olib chiqilishini, qochish elementlari kuzatilgan bo‘lsa ham mag‘lubiyat sifatida qabul qilish noto‘g‘ri bo‘lib, bunday vaziyatni kuchlarni qayta taqsimlash sifatida qabul qilish kerak. AQSH harbiy kontingenti olib chiqib ketilishiga qaramasdan, ushbu mamlakatga va mintaqaga taʼsir ko‘rsatishning boshqa kuchli dastaklari (moliyaviy dastaklar, xalqaro yordam)ni saqlab qolganligini qayd etish zarur[5].

Shuningdek, muallif fikriga ko‘ra, AQSH va uning ittifoqdoshlarining Afg‘onistondan harbiy kuchlari olib chiqib ketilishi, “Tolibon” harakatining hokimiyatga kelishi, ushbu mamlakatda va mintaqada hali-hanuz muayyan bir muvozanat, kuchlar balansi (balance of power ) tiklanmaganligidan dalolat[6]. Bunday holat ushbu mamlakatda geosiyosiy qarama-qarshiliklarning u yoki bu tarzda davom etishi hamda xalqaro geosiyosiy tizimning birqutblikdan ko‘pqutblikka o‘tishidan bir nishon. Rossiya, Xitoy, Pokiston, Eron, Turkiya kabi mamlakatlarning ushbu muvozanatni o‘z tomoniga og‘dirishga bo‘lgan yangi urinishlarni namoyon ettiradi.

Bunday ko‘pqutblikning shakllanishi, muayyan bir keskinliklarga, ziddiyatlarga boy bo‘lishi, muammolarga to‘lib-toshishi  bilan birga, uning qaysidir ishtirokchilariga katta imkoniyatlar ham yaratishi mumkin. Buni  Markaziy Osiyo davlatlari misolida ko‘rish mumkin. Shuni qayd etish kerakki, AQSH harbiy kontingentining bevosita O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari chegarasi yaqinida joylashuvi mintaqa mamlakatlari uchun nafaqat salbiy[7], balki ijobiy jihatlarga ham ega bo‘ldi. Bu holat mintaqa mamlakatlarining 20 yil davomida tinch-xotirjam rivojlanish imkoniyatlariga ega bo‘lganligi, ushbu muddat davomida muayyan ijtimoiy-iqtisodiy resurslarni to‘plash, qo‘shni mamlakatni tinch jarayonlarga jalb etish imkonini berdi.

Mojarolar davom etishiga qaramasdan, Afg‘onistonda Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokida bir qancha sezilarli loyihalar, jumladan, “Termiz-Mozori-Sharif” temir yo‘li, «Surxon — Puli-Xumri” ETL kabi infratuzilmalar qurilishi amalga oshirildi. Shu bilan birga, AQSH harbiy kuchlarining ushbu mamlakatdan olib chiqib ketilishi global  ahamiyatga ega bo‘lgan, Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘lovchi Termiz-Mozori-Sharif-Qobul-Qarachi TransOsiyo temir yo‘l loyihasi[8]ning amalga oshirilishini nomaʼlum muddatga to‘xtatib qo‘ydi.

Tojikistonning Afg‘onistondagi vaziyatga nisbatan pozitsiyasi

Afg‘onistonda toliblarning hokimiyatga kelishini jahondagi turli kuchlar, turli davlatlar turlicha qabul qildi, jumladan, Tojikiston ham. Tojikiston hukumatining bunday pozitsiyasi, Afg‘onistonda tojik millatiga mansub aholi 11,0 mln.kishini[9], yaʼni, umumiy aholi sonining 1/3qismini tashkil etishi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, tojik millatiga mansub aholining tarixiy jihatdan taʼsiri Afg‘onistondagi siyosiy jabhalarda (Bachai Saqqo, Axmad Shoh Masud, Burxoniddin Rabboniy), shu jumladan, iqtisodiy, madaniy va boshqa jabhalarda juda sezilarli bo‘lganligi bilan ham izohlash mumkin. Afg‘onistonda butun jahon hamjamiyati tomonidan qoralangan, tan olinmayotgan radikal kuchlarning hokimiyatga kelishi, ushbu va boshqa millatlarning siyosiy hayotdagi o‘rnini keskin kamaytirdi va cheklab qo‘ydi. Buni esa Tojikiston hukumatining taʼsir doirasi cheklanishi sifatida talqin qilish mumkin.

Shuni avvaldan aytish joizki, Tojikistonning Afg‘onistondagi taʼsiri “Tolibon” harakatining hokimiyatni qancha muddat nazorat qilishiga bog‘liq bo‘ldi, agar ular hokimiyatni nazorat qila olmasa (kelayotgan qish mavsumi buni aniq ko‘rsatib berishi tayin)  Tojikistonning taʼsiri shuncha kuchayishi ehtimoli bor. Lekin, shunisi ham aniqki, Tolibon harakati “bolshevik”larga o‘xshab, hokimiyatni 70 yildan ortiq nazorat qilishi dargumon.[10]

Yana bir bor Tojikistonning Afg‘oniston bo‘yicha pozitsiyasini tahlil qiladigan bo‘lsak, bunday siyosat jahon hamjamiyati, ayniqsa, AQSH, YEI va BMT pozitsiyalariga (“Tolibon” harakatini tan olmaslik) hamohang ekanligi, buni biz Tojikiston rahbariyatining Fransiya hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanishida ko‘rishimiz mumkin.[11]

Shu bilan birga, geografik jihatdan “yopiq” mintaqaning[12] chekkasida joylashgan, iqtisodiy va harbiy jihatdan zaif bo‘lgan, bundan tashqari, qo‘shni davlat bilan chegaraviy mojarolarga o‘ralashgan davlat uchun bunday siyosat yuritish qanchalik samarali degan savollar ham yuzaga kelishi tayin. Shunday bo‘lsa ham, Tojikiston hukumati, Afg‘oniston bilan to‘liq aloqani uzgani yo‘q va ushbu davlatga elektr energiyasini yetkazib berishda davom etmoqda.[13] Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Afg‘oniston qanchalik uzoq muddat davomida Tolibon nazoratida qolsa, Tojikiston taʼsiri shunchalik zaif bo‘ladi va aksincha.