O‘zbekiston: 2021 yil yakunlari va 2022 yil istiqbollari

Bu yil mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotidagi o‘zgarishlar nimasi bilan yodda qoldi? 2021 yil qaysi voqealari bilan ahamiyatli yil bo‘ldi?

Ravshan Nazarov, G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali dotsenti:

2021 yilda yuz bergan O‘zbekiston ichki siyosiy hayotidagi asosiy voqelik, shubhasiz, Prezident saylovi bo‘ldi. Amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning ishonchli g‘alabasi shuni ko‘rsatdiki, 2016 yil birinchi prezidentlik muddati boshida Davlat rahbariga bildirilgan ishonch hali so‘nmagan edi. Saylovchilar o‘z fikrini bildirdi va Prezident siyosatini qo‘llab-quvvatladi.

2021 yilning avgust oyida qo‘shni Afg‘onistonda siyosiy rejim o‘zgarishi va “Tolibon” radikal harakatining hokimiyat tepasiga kelishi tashqi siyosiy hayotdagi asosiy voqealardan biri bo‘ldi.

Bu voqealar Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash borasida jiddiy savollar tug‘diradi va Markaziy Osiyo doirasi, shuningdek, MDH va SHHT doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga turtki beradi.

2021 yilning dekabr oyida Qozog‘iston Respublikasi bilan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolanganligi tashqi siyosatdagi yana bir muhim jihatlardan biridir. Unda ikki qardosh mamlakat va xalqlarning hayotiy hamda uzoq muddatli milliy manfaatlariga javob beradigan har tomonlama hamkorlik maqsadlari ochiq belgilab berilgan.

Shuningdek, quyidagi muhim voqealar sodir bo‘ldi:

– Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Qiyinchiliklar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasi (2021 y. iyul);

– Tokiodagi olimpia o‘yinlari (2021 y. iyul-avgust) – O‘zbekiston sportchilari qo‘lga kiritgan 3 ta oltin i 2 ta bronza medal;

– Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi maslahat uchrashuvi  ( 2021 y. avgust, Turkmaniston);

– “Yangi O‘zbekiston” istirohat bog‘i va Mustaqillik monumentining tantanali ochilish marosimi ( 2021 y. 31 avgust);

– O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi (2021 y. 1 sentyabr);

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida so‘zlagan nutqi (2021 y. 21 sentyabr);

– 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy bandlarini amalga oshirish yakunlandi.

Stanislav Pritchin, tarix fanlari nomzodi, Rossiya Fanlar akademiyasi qoshidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar institutining Postsovet tadqiqotlari markazi katta ilmiy xodimi:

Natijalar orasidan men uchta eng muhim voqeaga alohida urg‘u bergan bo‘lardim. Birinchisi, shu yilning 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidir. U juda ishonchli tarzda o‘tdi va amaldagi Prezident o‘z mandatini keyingi 5 yil uchun tasdiqladi. Shavkat Mirziyoyev, albatta, islohotlarni davom ettiradi, bu menimcha, kutilgan va mantiqiy jihatdir, chunki, uning rivojlanish dasturi bu yilgidan ko‘ra kengroq miqyosda rejalashtirish mantig‘iga to‘g‘ri keladi, shuning uchun ham Prezident O‘zbekistonni bundan keyin ham boshqarish huquqini tasdiqlashi kutilgan voqea bo‘ldi.

Yana bir voqelik – amerikaliklarning Afg‘onistondagi 20 yillik qo‘nog‘idan so‘ng shu yilning 15 avgustida hokimiyat tepasiga Tolibonning kelishi bilan Afg‘oniston keskin o‘zgarishga yuz tutganidir. Bu holat mintaqadagi geosiyosiy vaziyatni tubdan o‘zgartirdi, AQSH va uning ittifoqchilarining mintaqa xavfsizligiga mutlaq masʼuliyatsiz yondashganini ko‘rsatdi, chunki, bu masalada hech kim bilan maslahatlashilmadi, mumkin bo‘lgan oqibatlar hisobga olinmagan holda qarorlar qabul qilindi. Natijada, Tolibon hokimiyat tepasiga keldi va hozir butunlay boshqacha voqelikka guvoh bo‘lib turibmiz.

Va uchinchi muhim voqelik, yana ham aniqrog‘i, yangilik bu – Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy va Janubiy Osiyo transport yo‘llarining integratsiyalashuviga bag‘ishlangan yuqori darajadagi anjumandir. Tadbir bo‘lib o‘tgan paytda u xalqaro miqyosda mintaqadagi eng muhim voqelik bo‘lib tuyuldi. Ammo oradan bir oy ham o‘tmasdan sodir bo‘lgan boshqa bir voqea – Tolibonning hokimiyat tepasiga kelishi – uning ahamiyatini o‘zgartirdi.

Yuliy Yusupov, Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi rahbari:

Iqtisodchilar, ko‘pincha, hukumat hal qilishi kerak bo‘lgan “bozor muvaffaqiyatsizliklari” haqida gapirishadi. O‘zbekistonda hamon bozordan tashqari iqtisodiyot mavjud va asosiy iqtisodiy jarayonlarni davlat vakillari boshqaradi. Shuning uchun ham biz kuzatadigan asosiy muvaffaqiyatsizliklar bozorga emas, davlatga taalluqlidir.

2021 yilda:

– Davlat soliq qo‘mitasi («naqd pul» ishi) tomonidan tadbirkorlik subyektlariga hujum, Toshkent shahridagi reklama inshootlarini demontaj qilish, elektr taʼminotidagi uzilishlar;

– qonunbuzarliklarning davom etishi;

– avtosanoatning monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi ustidan qo‘lga kiritgan mutlaq g‘alabasi;

– davlat xaridlari, yerlarning korrupsiya yo‘li bilan sotilishi, noshaffof xususiylashtirish, fermerlar va ular yetishtirgan bug‘doy bilan bog‘liq mojarolar;

– import va eksportni tartibga solish, importni cheklash va ayrim kompaniyalarga imtiyozlar berish orqali sunʼiy monopoliyalarni yaratishga bo‘lgan tinimsiz urinishlar;

– inflyatsiyani rag‘batlantiruvchi imtiyozli kreditlar berish orqali bank sektoriga aralashuvning davom etishi imtiyozli bo‘lmagan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini yuqori darajada ushlab turadi va raqobatni buzadi;

Afsuski, men eslashga uringan ijobiy holatlar ko‘p emas:

– qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan yerlarga xususiy mulkchilik shaklining qonun yo‘li bilan taʼminlanishi, havo transporti sohasi isloh qilinishi, bojxona yo‘nalishini takomillashtirish borasidagi yutuqlar;

– banklar va korxonalarni xususiylashtirish rejalari;

– Davlat rahbarining qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ni kamaytirish (asosiysi, buning ortidan avvalgisi kabi boshqa soliqlar oshirilmasligi lozim, so‘nggi bor QQS pasaytirilganida foyda solig‘i oshirilgan edi), mikromoliya sektorini liberallashtirish, temir yo‘l transportini isloh qilinishi.

Farhod Mirzaboyev, mustaqil ekspert:

Yakuniga yetib borayotgan yilda asosiy mavzular –  pandemiya, prezidentlik saylovlari, qishloq xo‘jaligida suv taqchilligi va ko‘pgina hududlarda paxta hosili yaxshi bo‘lmaganligi, har doimgidek energetik inqiroz, qonunsizlik – davlat idorolari va amaldorlarning konstitutsiya va boshqa qonunlarni qo‘pol ravishda buzishi holatlari bo‘ldi.

Pandemiyaning ikkinchi yilida sog‘liqni saqlash tizimi ushbu ofatga qarshi kurash borasida ancha rivojlanib, moslashib, tajribasi oshgani kuzatildi, o‘lim holatlari ham ancha kamaygandek tuyuldi. Bundan tashqari, hukumat kerakli miqdorda vaksinalar taʼminotini yo‘lga qo‘ygani ham ijobiy holatdir.

Maxsus ochilgan kovid-shifoxonalarda pandemiya avjiga chiqqan yoz oylarida tayyorlangan joylar yetishmovchiligi kuzatilgan bo‘lsa-da, mazkur shifoxonalar taʼminoti davlat tomonidan yaxshi yo‘lga qo‘yilgani sezildi.  Xususan, ushbu yo‘nalishdagi shifo maskanlarida asosiy dorilar va oziq-ovqatlar bepul tarqatildi, qolaversa, shifoxonalarni kerakli tibbiy jihozlar bilan taʼminlashda katta ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi.

Prezident saylovi kutilgan natija bilan yakunlandi. Nima bo‘lganda ham siyosiy inqirozlarsiz bu sinovdan ham o‘tib oldik.

Energetik inqiroz oxirgi 5 yilda biroz yumshagan bo‘lsa-da, hali-hamon dolzarb bo‘lib turibdi. Bu yil ham inqiroz alomatlari mamlakatning barcha hududlarida sezilib turdi. Ko‘pincha, odamlar energetik inqiroz deganda faqat aholi xonadonlarida svet va gaz o‘chishini tushunishadi, aslida, bu muammoning ko‘lami juda keng bo‘lib, mamlakatdagi tadbirkorlik rivoji va iqtisodiy o‘sishga ham salbiy taʼsir qilishini yoddan chiqarmaslik kerak.

Olayotgan milliardlab dollar qarzlarimizni to‘lay olishimiz uchun iqtisodiyotimiz muttasil ravishda o‘sishi kerak va bunga energetika sohasidagi hozirgi kunda kuzatilayotgan taqchilliklar bilan erishish qiyin. Davlat idoralari va amaldorlarining mamlakat konstitutsiyasi va qonunlariga zid xatti- harakatlari, afsuski,  to‘xtamayapti, korrupsiya muammosi singari bu muammoni ham quruq so‘z  bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Pirovardida, mamlakat xalqaro reytinglarda past o‘rinlarda qolyapti, masalan, xususiy mulk daxlsizligi bo‘yicha xalqaro reytingda yurtimiz eng past pog‘onalarda turibdi, bu esa bizning davlat tizimiga nisbatan xorijiy hamkorlarning ishonchi past bo‘lib qolishiga olib kelishi mumkin.

2022 yil uchun taxmin va prognozlaringiz? Kelgusi yildan qanday o‘zgarishlarni kutish mumkin?

Ravshan Nazarov:

– 2022 yil – «Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi”ni amalga oshirishning birinchi yili;

– Yangi strategiyaning asosiy yo‘nalishlari: mamlakatda tinchlik va barqarorlikni saqlash; fuqarolar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlash; xalq maʼnaviyatini yana-da yuksaltirish; millati, tili va dinidan qatʼiy nazar, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoyalash, ularni kafolatlangan daromad manbai, tibbiy xizmat va uy-joy bilan taʼminlash, sifatli taʼlim; qashshoqlikni qisqartirish va muhtoj aholini ijtimoiy muhofaza qilish; mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi hamda obro‘sini oshirish.

– 2022 yil – “O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro almashinuv yili” bo‘ladi, yaʼni, ikki tomonlama hamkorlikning barcha jabhalari (iqtisodiyot, siyosat, xavfsizlik, ijtimoiy-gumanitar sohalar) kengayadi;

– 2022 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 839,9 trillion so‘m darajasida bashorat qilinmoqda. YAIM o‘sishi 6% bo‘lishi kutilmoqda. Qurilish hajmini 8,1 foizga, sanoat ishlab chiqarishini 7 foizga, xizmatlar ko‘rsatishni 6,5 foizga, qishloq xo‘jaligini 3,3 foizga oshirish rejalashtirilgan;

– 2022 yilda inflyatsiya darajasini 9 foizgacha, o‘rta muddatli istiqbolda 5 foizgacha pasaytirish, davlat qarzini o‘rtacha darajada ushlab turish, davlat g‘aznasi taqchilligini 3 foizdan ziyod oshirmaslik nazarda tutilmoqda; – 2022 yil soliq siyosatida O‘zbekiston iqtisodiyotining investitsion jozibadorligini oshirish maqsadida bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirish taklif etilmoqda: 2022 yilning 1 yanvar sanasidan eʼtiboran, yuridik shaxslarning mol-mulkiga soliq stavkasini 2%dan 1,5%gacha kamaytirish; daromad solig‘ini hisoblaganda yangi texnologik asbob-uskunalar uchun investitsiya ajratmalari hajmini 10%dan 20%ga, binolar uchun esa 5%dan 10%ga oshirish ko‘zda tutilgan. Amortizatsiya stavkalarini o‘rtacha 2,5 barobarga oshirish taklif etilmoqda.

Stanislav Pritchin: Men taranglikni yuzaga keltirgan nuqta to‘g‘risida gapirmoqchiman. Vaziyat bundan so‘ng qanday tus olishi haqida oldindan bir nima deyish qiyin, ammo tashvishli yo‘nalishlardan biri bu Qirg‘iziston-Tojikiston munosabatlaridir. Bu munosabat har qanday vaziyatda ham O‘zbekiston iqtisodiyoti hamda uning shakllanish dinamikasiga o‘z taʼsirini, albatta, ko‘rsatadi. Chunki, haligacha YEIIga kirishning fundamental masalalari bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingani yo‘q.

Atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha imzolash kelishuvi ham qabul qilinmadi.

Tolibon bilan aloqalar esa rasman o‘rnatilmagan. Shuning uchun bu yerda biz vaziyat qanday bo‘lishini ko‘rib chiqamiz: kelgusi yili bu masalalarning aksariyati hal qilinadi, aks holda ular o‘z maʼnosini yo‘qotishi mumkin.

Yuliy Yusupov: prognozlar yo‘q, ammo quyidagi umidlar bor:

– pandemiya ustidan g‘alaba qozonish va undan qattiq jabr ko‘rgan tarmoqlarni tiklash;

– halol auksionlar va  tender savdolari orqali muvaffaqiyatli xususiylashtirishni amalga oshirish;

– energetika, transport, kommunal sohalarni isloh qilish;

– bank islohotini davom ettirish (banklarni xususiylashtirish, imtiyozli kreditlash ko‘lamini qisqartirish, nobank sektorni rivojlantirish);

– agrar islohot, birinchi navbatda, majburiy davlat buyurtmalarini bekor qilish, yerga egalik huquqlarini mustahkamlash va bu huquqlar uchun bozorlarni yaratish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi resurslari bozorlarida raqobatni rivojlantirish;

– tadbirkorlik subyektlariga nisbatan soliq va maʼmuriy yukni kamaytirish, jumladan, tashqi savdodagi to‘siqlarni kamaytirish va yakka tartibdagi imtiyozlarni bekor qilish orqali raqobat muhitini rivojlantirish; – davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini isloh qilish, siyosiy raqobat mexanizmlarini rivojlantirish, o‘zaro cheklov va balansni muvofiqlashtirish.

Farhod Mirzaboyev: Keyingi yilda iqtisodiy sohaga oid yangilik va islohotlar ko‘proq bo‘lsa kerak. Shular qatorida narxlar oshishi va inflyatsiya ham yuqori bo‘lishi mumkin.

Davlat aktivlarini xususiylashtirish davom etadi. Kutilayotgan yirik voqealardan mamlakatimizning Yevroosiyo Ittifoqiga kirishi yoki kirmasligi, O‘zbekistonda AES qurilishi bo‘yicha yakuniy kelishuvlar imzolanishi yoki imzolanmasligi kabilardir.