Qozog‘istondagi vaziyat xalq irodasi yoki maxsus ssenariy?

Qozog‘iston masalasiga oxirigacha aralashmay, o‘zimni shaxsiy fikrimni yozmay turdim, sababi o‘zim uchun oxirgi to‘xtamga kela olmay ikkilandim, bu oddiy gaz narxini oshishidan norozi xalqni namoyishimi yoki maxsus ishlab chiqilgan dastur asosidagi davlat to‘ntarilish ssenariysimi?

Shu ikki savol miyamda kun bo‘yi aylandi, ichki intuitsiyam yana to‘g‘ri chiqdi (doimgidek).

… Qosim-Jomart Toqayev ODKB(Organizatsiya Dogovora o kollektivnoy bezopasnosti)- Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi hamkorlaridan mamlakatdagi notinchliklarni bostirish uchun yordam so‘radi!…

Prezidentning shu tadbiri meni yakuniy xulosamni miyamda shakllantirdi, ha bu “maxsus ishlab chiqilgan dastur asosidagi davlat to‘ntarilish ssenariysi” va bu ssenariyga oddiy xalq tutildi, ssenariy mualliflariga o‘zlari bajarib o‘ynab berishi kerak bo‘lgan rolni o‘zlari bilmagan holda o‘ynab berishdi, bu rol oddiy xalqqa qancha qimmatga tushishini endi vaqt ko‘rsatadi.

Tan olishimiz kerak Qozog‘istondagi bu vaziyat bizga ham iqtisodiy jihatdan jiddiy taʼsir ko‘rsatadi, bu taʼsirni uzog‘i ikki haftada his qilishni boshlaymiz, buni tushunish uchun katta miya shart emas aslida. Men masalani boshqa tomoniga eʼtibor qaratishni va jiddiy mulohaza qilib qo‘yishimizni istayman”Qozog‘iston keysi” ni boshlanish nuqtasi jarayonihodisasidan tortib, har bir soatigacha tahlil qilib, o‘rganib eslab qolishimiz kerak! Voqealar rivoji, ketma ketligi, bu jarayonda xalqni boshqarish uslubi va taktikasi, qadamlar ketma ketligi hamma hammasini o‘rganib, yodlab qolishimiz kerak, toki ertaga shu ssenariy bo‘yicha bizda ham shu “sxema” ishlashni boshlasa, buni tezlikda faxmlashimiz, farqiga borishimiz, “sxema”ni tezlikda tanib olishimiz va voqealar rivojini oldindan prognoz qila olib, tayyor turishimiz, oddiy xalqni manipulyatsiyaga berilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz uchun!

Bu sxemalar, o‘yinlar jabri baribir oxir oqibat oddiy xalq gardaniga tushadi. Nega aynan “Qozog‘iston keysi” ni o‘rganib qo‘yishimiz kerak demoqdaman, chunki bu sxema bemalol bizda ham ishlaydi, biz bir biriga har tomonlama yaqin millatmiz, muammolarimizning tub ildizi ham bir, korrupsiya, nepotizm, monopolistik sxemalarning ishlash ketma ketligi ham bir xil, demakki ssenariy mualliflari o‘zlarini ortiqcha urintirmay, yangi ssenariy ishlab chiqishga vaqt sarflamay tayyor sxemani qo‘llaydi! Qo‘llash ehtimolligi bormi?~ bor, yuqori!

Bu savol nazarimda vaqt omiliga tashlangan, “ulug‘ rus og‘a”ning oldimizga qo‘ygan vazifalari va topshiriqlarini bajarishimiz darajasi, muddatlariga bog‘liq xolos…Shaxsan men bugungi manipulyatsiyaga beriluvchi, piarga o‘ch, shaxsiy siyosiy fikri shakllanmagan, qorin g‘amidan boshqa g‘ami yo‘q bo‘lgan, taqdim etilayotgan maʼlumotlar oqimini sintez qila olish salohiyatiga ega bo‘lmagan xalqimizni bunaqa “sxema” lar qurboni bo‘lishini istamayman, talofatlar juda og‘ir bo‘lishi mumkin, chunki bizda ijtimoiy faol, erkin fikrlovchi, xalqni yo‘lchi yulduz kabi yorug‘likka o‘zini ortidan yetaklovchi, moddiy va maʼnaviy mustaqil bo‘lgan insonlarning o‘zi hali birlasha olgani yo‘q (chekka chekkalarda bir birini chaynash bilan ovora)…

Qozog‘iston halqiga esa niyatim bitta: manipulyatsiyaga berilmaslik, choy chaqaga vatanni sotmaslik, ijtimoiy faol hur fikrlovchi va xalq oldida hurmat eʼtibori bor bo‘lgan siyosiy elita birlashib, muzokaralarni boshlashi, ommani to‘xtatishi shart va zarur! Aks holda vatanni, mustaqillikni qo‘ldan boy berishi mumkin..

Barnogul Sanakulova