Huquqshunos Zarnigor Omonillayeva:
Birin-ketin ochiqlanayotgan qonunlardagi o‘zgarishlarga ko‘ra, endi Rossiya fuqaroligini 1 yildan ortiq Rossiyada yollanma harbiy bo‘lib, xizmat qilganlarga berishmoqchi. Yaʼni, Rossiya idoralarining birortasi tarkibida bir yildan ortiq xizmat qilsangiz, fuqarolik taklif qilishmoqda.
Bu haqida qonun Gosdumada uch muhokamadan o‘tgan. Agar senat maʼqullab, prezident imzo qo‘ysa, qonun kuchga kiradi. Hozircha 20.09.2022 yil holatiga ko‘ra kuchga kirgani yo‘q.
Shu o‘rinda eslatib qo‘ymoqchiman:
❗️O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari JKning 154.1-moddasiga ko‘ra Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollangani uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bundan tashqari Yollanish uchun ham JKning 154 moddasi bor.Yollanma askar bo‘lganlar 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.
❗️Tojikiston Respublikasi fuqarosi bo‘lsangiz Tojikiston JKning 401.1 moddasiga ko‘ra 12 yildan 20 yilgacha qamoq jazosiga tortilasiz.
❗️Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolari Qirg‘iziston JKning 416 moddasiga ko‘ra 7 yildan 15 yilgacha qamoq jazosiga tortiladi.
❗️Qozog‘iston JKsining 162.1 moddasiga ko‘ra Qozog‘iston fuqarolari 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.
Shuning uchun Saxarovoda Moskva meri tarafidan eʼlon qilingan harbiy xizmatga yollanish punktlarini 700 metr naridan AYLANIB O‘TING, U YERGA YAQINLASHMANG.
Judayam xunuk va boshqa davlatlarga nisbatan hurmatsizlik shaklida tashkil etilayotgan ushbu punkt bejizga aynan Saxarovoda yo‘lga qo‘yilmayapti. Saxarovoga oddiy migrantlar keladi. Asosan patent uchun keladi. Ularni aldash esa oson.
Hali qabul qilinmagan qonun uchun allaqachon yollanma askarlarni rasmiylashtiradigan infratuzilmani tashkil etish ochiqdan ochiq urushga targ‘ibot sanaladi.
‼️ENG MUHIMI – FUQAROLIKNI TAKLIF ETISH, FUQAROLIKNI BERISHNI KAFOLATLAYMIZ DEGANI EMAS. XIZMAT QILIB TIRIK QAYTGANLAR FUQAROLIKNI OLADI, DEB KAFOLAT BERMAYAPTI HECh KIM.
Kafolat berganda qonunga kafolatli ravishda fuqarolikni berish, deb o‘zgartirish kiritishni taklif qilar edi.