2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
Bir to‘p kekirgan boylarning va keti nozik chinovniklarning ovunchog‘i bo‘lgan Malibu‘ga XL birkasini yopishtirib, qizil chiziq tortib, narxlarni 6%gacha ko‘tarish bilan bog‘liq milliy chayqovchining navbatdagi manipulyatsiyasini kuzata turib, sizlarning xotiralaringizni titkilab, jonlantirgim keldi.
Yo‘q, sizga yana bir marta normal davlatda Antimonopoliya pozitsiya va texnik ko‘rsatkichlar bilan manipulyatsiyalar orqali narx oshirgan monopolistni qaytib bu ishga qo‘l urmaydigan qilib jazolagan bo‘lardi, deya boshingizni og‘ritmayman.
Gap qasamxo‘r monopolistning 3 yil avvalgi vaʼdalarini sizga yana bir bor eslatish haqida. 2019 yil 7 iyun sanasida “O‘zavtosanoat” Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zbekistonda avtomobilsozlikni rivojlantirish strategiyasi” taqdimotini o‘tkazgan. Unda xususan, birinchi 5 yillikda narxi 10 000 AQSH dollari atrofida bo‘lgan arzon avtomobillar ishlab chiqarilishiga eʼtibor qaratilishi eʼlon qilingan.
Xuddi shu strategiya bir kun o‘tib Davlat rahbariga ham taqdim etilgan. Rahbar avtomobillar narxini barqaror saqlab, sifatini oshirish, yangi hamyonbop modellar ishlab chiqarish va mahalliylashtirishni kengaytirish orqali mahsulotlarning bozordagi o‘rnini mustahkamlash muhimligini taʼkidlagan.
Mana bu havolada “2025 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi” loyihasini ko‘rishingiz mumkin.
Amalda nima bo‘ldi? Amalda narxi 6-8 ming dollargacha bo‘lgan mexanika korobkali avtomobillarni ishlab chiqarish 2020 yil davomida, keyin 2021 yilda quyi pozitsiyadagi 8-9 ming dollarlik avtomat korobkali va yakunda 2022 yilda 10 ming dollargacha bo‘lgan avtomobillar ishlab chiqarish butunlay to‘xtatildi.

2022 yil kuzidan buyon O‘zbekiston isteʼmolchilari malolitrajkalar va kichik byudjet avtolari sotib olish imkoniyatidan butunlay mahrum bo‘lishgan. Yaʼni hukumat va uning monopolist erkatoyi ongli ravishda va hatto o‘zining strategik rejalariga zid ravishda 10 ming dollargacha bo‘lgan avtolarni ishlab chiqarishni to‘xtatgan.
Buyam mayli. Agar bu segmentda mahalliy ishlab chiqarish bo‘lmasa, balki hukumat sog‘lom aqlga murojaat qilgan holda malolitrajkalar uchun bojlarni bekor qildimi? Aslo yo‘q.
Qaytanga kichik litrajli va tejamkor avtomobillar uchun import bojlari nisbatan olganda eng yuqori darajada o‘rnatilganicha qolmoqda.
Ijtimoiy davlat ekanimizni taʼkidlaydigan hukumat boylar va chinovniklar uchun maxfiy qaror asosida bojsiz avto olib kelishga qo‘l urib, o‘rtahol va kambag‘allar qo‘li yetadigan avtolarga esa ajdarhocha boj solishda davom etmoqda.
Men sizlarga 7-9 ming dollarlik KIA Picanto yo Skoda Rapid haqida qayta gapirib o‘tirmayman, chunki O‘zbekistonga ular umuman keltirilmaydi (balki aynan eng arzon avtolarni keltirmaslik talabi bilan bu ishlab chiqaruvchilar bilan bitim imzolangan). Ro‘para kelganim suratda ko‘rayotganingiz O‘zbekistonda deyarli 30 ming dollarlik narxda sotilayotgan malolitrajka FIAT 500 Dolcevita. Urush bo‘layotgan Ukrainada 16 ming dollar atrofida ekanini ko‘rishingiz mumkin.
Endi qasamxo‘rlarning qanchalar ochofat ekanini ko‘z oldingizga keltiring.
