Kamoliddin Rabbimov 1999—2002-yillarda Oʻzbekiston respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasi aspiranturasida oʻqigan. 2000—2001-yillarda Oʻzbekiston respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida ilmiy tadqiqotchi, 2001—2004-yillar „Ijtimoiy fikr“ sotsiologik tadqiqotlar markazida ilmiy tadqiqotchi, 2004—2005-yillarda Fuqarolik jamiyatini oʻrganish institutida katta ilmiy xodim vazifalarida ishlagan. 2007—2021-yillarda Fransiyada yashagan.
Prigojinning isyonini “Putinning o‘yini” deydiganlar ko‘p. Odatda bunday deyish yoki bu fikrlarni qabul qilish uchun, hokimiyatlar psixologiyasini tushunmaslik kerak. Bu isyon bilan, Putin rejimi naqadar zaif ekanligi maʼlum bo‘ldi. Putin Prigojinni eng katta jinoyatlarda aybladi va jazoga tortishga vaʼda berdi. Jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Prigojin Moskvaga bostirib kelishda davom etdi. Hokimiyat qachon bosqinchi bilan muzokara olib boradi? Chorasiz qolganda! Putin chorasiz qoldi va Prigojin bilan kelishishga majbur bo‘ldi.
Gitler ham bunaqa tez va shiddat bilan Moskvaga yaqinlasha olmagan. Yo‘lda qancha vertolyot va samolyotni urib tushirdi. To‘qnashuvlarda odamlar o‘ldi. Butun dunyoga Putin rejimi, xuddi uchinchi dunyodagi beqaror davlatlardagi kabi, o‘ta zaif va yiqilayotgan bo‘lib ko‘rindi. Moskvani himoya qilish uchun, xandaqlar qazildi. Yo‘llarga texnikalar joylashtirildi.
Hech bir hokimiyat, o‘zini xalqaro maydonda sharmanda va zaif ko‘rsatish bilan, “o‘yin” qilmaydi. Bu hokimiyatning eng asosiy tamoyili – «men legitimman, hamma menga bo‘ysunadi, men hammani va har bir vaziyatni nazorat qila olaman» degan tamoyilini buzdi. Bilaman, O‘zbekistonda Putin tarafdorlari ko‘p. Bu tabiiy. Chunki, ular 23 yil davomida Putin axboroti bilan sug‘orilgan odamlar.
Ular Putinga shu qadar ishonadilarki, uni yiqilishini tasavvur qila olishmaydi. Demak, Putinga qarshi har qanday isyonni “o‘yin” deb ko‘rishga moyil bo‘lishadi. Lekin, Putinning siyosiy umri juda tez qisqarib bormoqda. U Kiyevni uch kunda olmoqchi edi. Endi, uni o‘zi Rossiya hokimiyatini saqlab qolish bilan ovora bo‘ladi.
Hammasi oldinda!!!
