AQSh hukumatiga boshiga kelgan D.Tramp davrida Xitoy hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan har qanday siyosiy harakatlar qoralanmoqda global axborot maydoniga negativ ko‘rinishda o‘ta faollik bilan olib chiqilmoqda. Jumladan “Uyg‘urlar masalasi”. Quyida tahririyatimiz tomonidan mana shunday tayyorlanayotgan materiallar jamlanmasidagi baʼzi maʼlumotlar tayyorlanib eʼtiboringizga havola etilmoqda.
Tibet tajribasi
2016 yilda Chen Syuango (mazkur shaxsga va atrofidagi 3 nafar hamkasblariga nisbatan AQSh hukumati tomonidan sanksiya eʼlon qilingan) ismli kishi hudud partiya qo‘mitasi rahbari lavozimiga tayinlandi, u ilgari boshqa “notinch” mintaqani – Tibetni boshqargan. Tibetliklarning muammolari uyg‘urlarnikiga o‘xshash edi: 1951 yilda Xitoyga ixtiyoriy ravishda qo‘shilmaganligi sababli ular Kommunistik partiyani yagona xudo deb tan olishdan bosh tortdilar va “xitoy kuchli millat” shioriga ko‘pam ishonmadilar. Tibetliklar oz sonli edi (5,4 million, uyg‘urlar esa 12 million), ularning eʼtiqodi zo‘ravonlikka unchalik moyil bo‘lmagan va Pekinga qarshi chiqishning ramziy vositasi asosan rohiblar tomonidan qilingan norozilik va o‘z-o‘zini yoqish edi. Chen Syuango (mintaqani 2011 yildan 2016 yilgacha boshqargan) maʼlumot beruvchilar (informatorlar)ni jalb qilish, umumiy kuzatuv, eng “isyonkor” monastirlarni buzish va rohiblarni “qayta tarbiyalash” dasturlari bilan javob berib, ularni itoatkor Xitoy fuqarolariga aylantirish edi.
Yangi lavozimga tayinlangandan so‘ng (yaʼni Shinjonni boshqarish topshirilgandan so‘ng), butun tajriba Shinjonga ko‘chirildi. 2016 va 2017 yillar davomida 90 mingdan ortiq politsiya xodimi ishga qabul qilindi, bu o‘tgan yetti yilga nisbatan ikki baravar ko‘p. Fuqarolarning harakatini kuzatib borish uchun viloyat bo‘ylab 7300 ga yaqin to‘siqlar o‘rnatildi.
2017 yilga kelib, Shinjondagi hibsga olishlar mamlakatdagi barcha xibsga olishlarning 21 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etgan. (Shinjon mamlakat aholisining 2 foizidan oshmaydi). Hibsga olishlar soni 2016 yilga nisbatan 8 baravar oshdi. 2017 yil o‘rtalariga kelib, mintaqada ko‘plab muassasalar qurilayotgani to‘g‘risida maʼlumotlar paydo bo‘lgan edi unga ko‘ra, qurilayotgan binolar maktab, qamoqxona va giyohvandlar uchun reabilitatsiya markazi ko‘rinishiga o‘xshashligi bilan dunyo hamjamiyatning eʼtiborini tortgan edi. Xitoydagi mazkur binolar “qayta tarbiyalash lagerlari” yoki “Uyg‘urlarning konslagerlari” nomi bilan tanilgan “qayta tayyorlash va kasb-hunar taʼlimi markazlari” ekanligi butun dunyoga maʼlum bo‘ldi. Biroq Xitoy hukumat bu haqiqatni inkor etgan edi. (bu haqda quyida alohida maʼlumot beriladi)
Soqol qamoqqa olib boradi
Lagerlar haqida maʼlumot bir nechta manbalardan olingan. U yerdan qochib qutulgan yoki “qayta o‘qitilgan” odamlar hikoyalariga ko‘ra, lagerga borish uchun quyidagi amallardan birini “bajarish” kerak: “haddan tashqari dindorlik” ni namoyish qilish (milliy kiyim kiyish, uzun soqol qo‘yish, muntazam ravishda masjidga borish, rasmiy tadbirlarda spirtli ichimliklar ichmaslik yoki cho‘chqa go‘shti isteʼmol qilmaslik, hajga borish va h.k. ); chet elda doimiy yashaydigan qarindoshlari bor; ko‘pincha musulmon mamlakatlarga chet elga sayohat qilish; terrorizm yoki ekstremizmda aybdor deb topilganlar bilan hech bo‘lmaganda biron bir munosabatlarga ega bo‘lish; oiladagi ayollarning ishlashiga va bolalarning davlat maktablariga borishiga yo‘l qo‘ymaslik; xitoy tilini yaxshi bilmaslik; uchdan ortiq farzandi bor bo‘lishlik.
Albatta, bularning hech biri noqonuniy bo‘lmagan, ammo Xitoyda “sotsialistik qonunlar” amal qiladi. Odamlarni to‘g‘ridan–to‘g‘ri ko‘chalardan olib ketishga sabab qilib esa “ekstremizmga moyilligini namoyish qilganliklari uchun” muddatsiz “qayta taʼlim markazlariga” jo‘natishgan. Mahbuslarning hikoyalariga ko‘ra, haqiqatan ham ular o‘qitiladi va tarbiyalanadi: kun rejimlari uyqudan, ovqatlanishdan hamda xitoy tilini, XXR qonunlarini va eng oddiy (tikuvchilik, pazandalik, sartaroshlik va hokazo) mutaxassisliklarni o‘rganishdan, jismoniy tarbiya shuningdek, siyosiy maʼlumotlar olishdan iborat. Lagerlarning sobiq mahbuslari asosan ularga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qo‘llanilganligi haqida gapiradi: uyqusiz qolish, kaltaklash va vazifalarni bajara olmagan taqdirda qo‘shimcha jismoniy mashqlar. Mahbuslarning ozchiligi esa zo‘rlash, qiynoqqa solish, turli dorilar bilan majburan oziqlantirish va hatto sterilizatsiya qilish to‘g‘risida xabar bergan.
Lagerdagi eng yomon narsa, ularning fikriga ko‘ra, odam qachon uni tark etishi mumkinligini mutlaqo bilmasligidir: mahbus “o‘zini qayta tarbiyalagan” degan qarorni lager maʼmurlari qabul qiladi. Baʼzilar “dastur”ni bajarishga va 3-4 oy ichida o‘zlarining ishonchliligini isbotlashga muvaffaq bo‘lishgan, baʼzilarni esa qarindoshlari 2017 yildan beri kutishmoqda.
G‘arbdagi ko‘plab siyosatchilarning fikriga ko‘ra XXRga salbiy munosabatning shakllanishi, aynan uyg‘urlarning taʼqib etilishi sabab bo‘ldi va “Xitoy Kommunistik partiyasining asl mohiyati”ni dunyo hamjamiyati oldida ochib berdi.
2017 yilda Xitoy hukumati lagerlar mavjudligini inkor etdi, 2018 yilda ularni hech qanday bilimga ega bo‘lmagan dehqonlar (aslida esa uyg‘urlar nazarda tutilgan) uchun ijtimoiy foydali ko‘nikmalarni o‘rganishlari mumkin bo‘lgan “kasb-hunar taʼlimi va qayta tayyorlash markazlari” formatida tan oldilar, 2019 yil boshida esa XXR maʼmuriyati tomonidan mintaqaga ekskursiyalar uyushtirildi.(yodingizda bo‘lsa bizdagi “baʼzi jurnalistlar” ham borib ryoportajlar tayyorlab qaytishgan edi)
Mehnat sizni sadoqatli qiladi
2018 yil o‘rtalaridan boshlab uyg‘urlar nafaqat qayta o‘qitilayotgani haqida xabarlar ko‘paydi: “ularni ishlashga majbur qilishmoqda va bozor uchun mahsulot ishlab chiqarishmoqda.” Yuqoridagi maʼlumotlar Avstraliya strategik siyosat instituti hisobotida keltirilgan bo‘lib, Xitoyni Shinjonning o‘zida paxta plantatsiyalarida uyg‘urlardan foydalanganlikda, shuningdek, XXRning boshqa mintaqalariga 80 ming kishining “ishchi kuchini eksport qilgani” da ayblagan. Bundan tashqari, tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, Uyg‘urlarning ish kuchi 82 ta jahon brendlarining ishlab chiqarish zanjirlariga kiritilgan fabrikalarda ishlatilgan, shu jumladan Apple, GAP, Lacoste, Siemens, Toshiba kabi brendlarda. Baʼzida uyg‘urlar fabrikalardagi alohida qo‘riqlanadigan yotoqxonalarga joylashtirilgan, baʼzida ular uchun alohida ustaxonalar qurilgan, qoida tariqasida, hisobotdagi maʼlumotlarga ko‘ra, tikanli simlar bilan to‘siqlar va pulemyot qurolli minoralar bilan o‘ralgan.
Olib borilayotgan bunday jarayonlardan XXR hukumati hech qanday muammo ko‘rmayapti. Masalan, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Axborot byurosining 2020 yil sentyabr oyida eʼlon qilingan hisobotida bularning barchasi “bandlikka oid faol siyosat” deb nomlangan. “Shinjon hukumati ish topishda qiynalayotgan odamlarga manzilli yordam ko‘rsatdi”, deb yozadi hisobot mualliflari.
Nikoh o‘qish marosimi man qilinmoqda
Huquq faollarining bildirishicha, Shinjonda nikoh o‘qish marosimi man qilinmoqda.
O‘tgan yili turmush qurgan uyg‘ur er-xotinning “Amerika ovozi”ga bildirishicha, turmush qurganlik haqida guvohnomani olgandan so‘ng diniy nikoh marosimini o‘tkazmaslikka majbur bo‘lishgan. “Diniy erkinlik Konstitutsiyada belgilangan. Lekin, diniy marosimlarni amalga oshirgudek bo‘lsak, “qora ro‘yxatga” tushishimiz aniq. To‘yda nikoh o‘qish tadbiri diniy ekstremizmga qiyoslanadi, lagerlarga jo‘natilishimiz mumkin”, – deb aytgan shaxsini oshkor etmaslikni so‘ragan juftlik.
Huquq faollarining bildirishicha, nafaqat nikoh o‘qish, balki janoza va o‘g‘il bolalarni sunnat qilish marosimlari ham taqiqqa tushgan.
Huquq tashkilotlari masjidlar ham buzib tashlanayotganidan xavotir bildirib kelmoqdalar. Xalqaro tashkilotlarning hisobotlarida keltirishicha, shu paytgacha 16 ming, yaʼni 65 foiz masjidlar buzib tashlanganligi to‘g‘risida amerikaovozi tomonidan maʼlumot berilmoqda.