Shinjondagi insoniyatga qarshi jinoyatlar

Qo‘shma Shtatlar Xitoy hukumatini uyg‘urlarga nisbatan genotsidda aybladi. Davlat kotibi Mayk Pompeoning so‘zlariga ko‘ra, XXR Kommunistik partiya rahbariyati va nazorati ostida uyg‘urlar va boshqa etnik va diniy ozchiliklarni qirg‘in qilmoqda.

Pompeoning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda mahalliy hokimiyat idoralari “musulmon uyg‘urlar, boshqa etnik va diniy ozchiliklar vakillariga, shu jumladan etnik qozoq va qirg‘izlarga qarshi repressiyalarning ko‘p yillik kampaniyasini” kuchaytirgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Xitoy hukumati insoniyatga qarshi bir qator jinoyatlar, jumladan “milliondan ortiq tinch aholini o‘zboshimchalik bilan qamoqqa olish, majburiy sterilizatsiya qilish, hibsga olinganlarni qiynoqqa solish, majburiy mehnat, din, so‘z va harakat erkinligiga qattiq cheklovlar kiritishni o‘z ichiga olgan” degan xulosaga keldi.

Pompeo Shinjondagi vaziyatni “Xitoy partiya rahbariyatining uyg‘urlarni yo‘q qilishga qaratilgan muntazam urinishi” deb taʼrifladi.

U noqonuniy hibsga olinganlarni ozod qilinishi va har qanday taʼqiblarni to‘xtatishni talab qildi. To‘g‘ri, u jahon hamjamiyati va xalqaro tashkilotlar buning uchun qanday javob qaytarishini aniq aytmadi. Ehtimol, Xitoyga qarshi sanksiyalar eʼlon qilinishi, ammo bu qachon amalga oshirilishi nomaʼlum.

P.S. yoddingizda bo‘lsa bundan avvalroq Xitoy hukumatining uyg‘urlarga qarshi tazyiqlari to‘g‘risida yangi maʼlumotlar paydo bo‘lganini va bu maʼulmotlarni Yaponiya hukumati AQShga taqdim etgani to‘g‘risida axborot bergan edik. Demak, taqdim etilgan hujjatlardagi faktlar o‘z tasdig‘ini yana bir bor topgan ko‘rinadi.