500 kub yolg‘oni: Energetika vazirligi istemolchilarni qanday aldadi?

Mart oyining boshida kutilmaganda qaytgan qish va sovuq havo manzarasida Energetika vazirligi go‘yoki xalqparvar qaror qabul qilgandek ko‘ringandi: qishki 500 kublik imtiyozli gaz limiti 15 martga qadar uzaytirildi. Odamlar yengil tin oldi, uylarigi issiq qaytdi. Ammo, lekin, biroq oyning o‘rtasiga kelib, hisob-kitob vaqti kelganda, vazirlik kutilmagan «kalkulyator fokusini» ko‘rsatmoqda Vaʼda qilingan 500 kub qog‘ozdagi bayonotlarning ichida yashiringan “proporsional” so‘zi orqali birdan 250 kubga aylanib qoldi.

Bu shunchaki texnik xatolik emas. Bu — davlat idorasining o‘z fuqarolari bilan o‘ynagan ochiqdan-ochiq byurokratik o‘yini.

Vazirlikning 2 va 3 mart kunlari eʼlon qilgan rasmiy bayonotlarini eslaylik. Unda hech qanday «proporsional taqsimlash», «ikkiga bo‘lish» yoki «250 kub» degan tushuntirishlar yo‘q edi. Ochiq matn bilan 500 kublik bazaviy meʼyor haqida gapirildi.

Byudjetini sanab ishlatadigan, tejamkor isteʼmolchi bu xabarni qanday tushunadi? Albatta, insoniy mantiq bilan: «15 martgacha 500 kubgacha gazni arzon tarifida ishlatishim mumkin ekan». Oilalar shunga ishonib, sovuq kunlarda farzandlarini muzlatib qo‘ymaslik uchun isitish qozonlarini yoqdi. Agar vazirlik boshidanoq «15 kun uchun limit 250 kub bo‘ladi» deb ochiq, shaffof va mardonavor aytganida, millionlab odamlar o‘z isteʼmolini shunga yarasha rejalashtirar edi. Ammo haqiqat muddat tugashiga bir-ikki kun qolgandagina “eslatildi”.

Bu byurokratik talqinning ortida aholining hamyoniga uriladigan ulkan moliyaviy zarba yotibdi.

Masalan, bir oila 15 kun ichida xotirjamlik bilan 400 kub gaz yoqdi deylik. Ular o‘zlarini 500 kublik xavfsiz hududda deb o‘ylashgan. Endi esa yangi “proporsional” talqinga ko‘ra, limit 250 kub. Qolgan 150 kub gaz uchun esa isteʼmolchilar oshirilgan, jarimali tarif (uchinchi yoki to‘rtinchi pog‘ona narxlari) bo‘yicha pul to‘lashga majbur bo‘ladi. birgina so‘z o‘yini orqali millionlab abonentlar sunʼiy ravishda «limitdan chiqqanlar» ro‘yxatiga kiritildi va ularning gardaniga kutilmagan ortiqcha to‘lovlar ilindi.

Bugungi kunda davlat siyosatining eng markaziy o‘zagi — bu «Inson qadri» tamoyilidir. Bu tamoyilning asl mohiyati shundaki, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi, qabul qilinayotgan har qanday qaror birinchi navbatda fuqaro manfaatiga xizmat qilishi kerak.

Qoidalarni noaniq yozib, keyin uni isteʼmolchining ziyoniga talqin qilish — inson qadrini ulug‘lash emas, aksincha, uning ishonchini suiisteʼmol qilishdir. Davlat organining so‘zi qatʼiy, bayonotlari esa ikki xil talqin qilinmaydigan darajada shaffof bo‘lishi shart. Isteʼmolchi vazirlikning posti ostidagi yashirin maʼnolarni yoki byurokratlarning ichki matematikasini topishga majbur emas.

Xalqni aldash va axborotni chalkash berish orqali byudjetni to‘ldirishga urinish — bu nafaqat iqtisodiy adolatsizlik, balki davlat va xalq o‘rtasidagi eng muhim ko‘prik bo‘lmish ishonchning yemirilishiga olib keladi.