Bodring qimmat bo‘lsa, ananas tanovul qiling!!!

Energetikadagi qiyshiq qarorlar va posangisi yo‘q o‘lchovlar narxlarda aks etishda davom etmoqda.

Bugun shunisi bilan ramziy va tarixiy kunki, energorepressiyaga uchragan va uchrayotgan o‘zbek issiqxonasida yetishtirilgan bodring ming kilometr naridan keltiriladigan ananas bilan narxda tenglashdi. Shonli energetiklar rus va sovet bosqinchilari uddalay olmagan vazifani uddalashdi: bodring 22 ming so‘m, ananas ham 22 ming so‘m.

Chakana savdoda bodring allaqachon ananasdan 10 ming so‘mgacha qimmat sotilishda boshlagan.

Demak, 2 dekabrga nisbatan oxirgi 10 kunda:

  • Kartoshka 6 ming so‘mdan 6,2 ming so‘mgacha;
  • Karam 2 ming so‘mdan 3 ming so‘mgacha;
  • Bulg‘or qalampiri 35 ming so‘mdan 40 ming so‘mgacha;
  • Lavlagi 3 ming so‘mdan 3,5 ming so‘mgacha:
  • Bodring 18 ming so‘mdan 22 ming so‘mgacha;
  • Pomidor 16 ming so‘mdan 18 ming so‘mgacha;
  • Baqlajon 15 ming so‘mdan 22 ming so‘mgacha;
  • Olma 20 ming so‘mdan 25 ming so‘mgacha qimmatlagan.
  • Ayni paytda bir necha ming kilometrdan keltiriladigan:
  • Ananas 28 ming so‘mdan 22 ming so‘mgacha;
  • Apelsin 28 ming so‘mdan 20 ming so‘mgacha;
  • Mandarin 28 ming so‘mdan 25 ming so‘mgacha arzonlagan.

Yaʼni eʼtibor bersangiz, O‘zbekistonda yetishtiriladigan va saqlanadigan, qishki sovuq vaqtida energiya isteʼmoli talab qiladigan meva-sabzavotlarning narxi oshishi tezlashgan, import mevalar esa arzonlay boshlagan.

Aytishlaricha, shu haftalarda o‘z energetikasi mustaqilligini saqlab qolgan qo‘shni Turkmanistondan bodring importi boshlanadi va yana narxlar biroz barqarorlashadi. Avvalroq aynan turkman pomidorlari importi pomidor narxlarini o‘sishini to‘xtatgandi.

Otabek Bakirov