Ishsizlik reytingi. O‘zbekiston qaerda?

Ishsizlik indeksi (Unemployment Index) – bu dunyo mamlakatlari va mintaqalaridagi mehnat bozori holatining asosiy ko‘rsatkichi bo‘lib, u iqtisodiy faol aholi sonidagi ishsizlar ulushi sifatida belgilanadi (foiz bilan ifodalanadi). Ishsizlik darajasi ko‘rsatkichi mehnat bozori holatining eng mashhur indikatori va ommaviy axborot vositalari va ilmiy tadqiqotlarda eng ko‘p keltiriladigan ko‘rsatkichlardan biridir, chunki u mahalliy mehnat bozoridagi mavjud vaziyatni va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining miqyosi va umumiy holatini to‘liq va mazmunli aks ettiradi.

Xalqaro darajada ishsizlik darajasi har yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tizimining maxsus agentligi bo‘lgan bandlik va mehnat munosabatlarini tartibga solish sohasida xalqaro strategik siyosatni amalga oshiruvchi Xalqaro Mehnat Tashkiloti (International Labour Organization) metodologiyasi bo‘yicha hisoblab chiqiladi.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti metodologiyasida ishsizlar – bu ma’lum bir vaqt mobaynida o‘z hududi, milliy hudud chegaralari yoki xorijda haq to‘lanadigan ish izlagan, o‘z-o‘zini ish bilan band qilmoqchi bo‘lgan, lekin ishga kira olmagan mehnatga layoqatli yoshdagi (15 yoshdan katta) shaxslar tushuniladi. Bu toifaga talabalar, uy bekalari va boshqa maosh to‘lanmaydigan ishlarda band bo‘lganlar kirmaydi. Ishsizlikning ushbu standart ta’rifi 2013 yilda 19 -Xalqaro mehnat statistikasi konferensiyasida qabul qilingan “Ish statistikasi, bandlik va mehnatdan kam foydalanish to‘g‘risida” rezolyusiyasida keltirilgan.

Demak, saytimiz muntazam ravishda e’lon qilib borayotgan reytinglardan birini e’tiboringizga havola etamiz. Jahon bo‘yicha ishsizlik reytingida O‘zbekiston 5.9% natija bilan 190 davlat ichida 81-o‘rinda, MDH mamlakatlari doirasida biz oltinchimiz. MDH mamlakatlarida ishsizlik darajasi Armanistonda 17%, Gruziyada 14.4%, Tojikistonda 11%, Ukrainada 8.9%, Qirg‘izistonda 6.3%, Ozarbayjonda 5.5%, Moldovada 5.5%, Belarusda 4.6%, Qozog‘istonda 4.6%, Rossiyada 4.6 % va xamisha ko‘rkam Turkmanistonda 3.9% ni tashkil qilar ekan.

Ishsizlik darajasi indeksi, garchi u universal ko‘rsatkich bo‘lsa -da, bir qator cheklovlarga ega. Dunyo mamlakatlari va mintaqalaridagi ishsizlik darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar umumiy ishchi kuchi asosida hisoblanadi va milliy so‘rovlar natijalariga ko‘ra, Xalqaro Mehnat Tashkilotining statistika markaziga kelib tushgan davlat muassasalarining rasmiy baholarini aks ettiradi hamda qabul qilingan statistik standartlarga adaptasiya qilingan holda keyingi xalqaro taqqoslashlar uchun ishlatiladi.

Ta’kidlash lozimki, bir qator rivojlanmagan mamlakatlarda ishsizlik darajasining pastligi, qoida tariqasida, ushbu hududdagi iqtisodiy faol aholining asosiy qismi mehnat bozorida bevosita ishtirok etmaydigan, o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlaydigan agrar aholi bilan bog‘liq. Albatta ma’lumotlarni aniqligi bilan bog‘liq muammolar bor. Buning sababi statistikani tahlil qilish muddatidagi katta farqlar. Turli mamlakatlarda ishga joylashish to‘g‘risidagi ma’lumotlar har oylikdan to yillik muddat bo‘yicha umumlashtirilishi mumkin.

Hozirgi kunda tadqiqot BMTga a’zo davlatlarni, shuningdek alohida maqomga ega bo‘lgan ba’zi ma’muriy hududlarni qamrab oladi, shu bilan birga reyting jadvalida mamlakatlar soni kamroq, chunki bu ko‘rsatkich bo‘yicha statistik ma’lumot berishni istamagan yoki bera olmaydigan davlatlar ro‘yxatga kiritilmagan.