JSST: Pandemiya hali tugamaydi. Chunki…

Bundan ikki yil avval, yana ham aniqrog‘i, 2020 yilning 11 tart kuni JSST tomonidan dunyoda koronavirus pandemiyasi boshlangani rasman eʼlon qilingan edi.

Kecha tashkilot rahbari Tedros Gebreyesus shu haqda gapirar ekan, o‘tgan davrda bu xavfli infeksiyadan vafot etganlar soni 6 million kishidan oshganini qayg‘u bilan qayd etdi.

“Bu biz uchun juda katta yo‘qotish, — dedi u. — Hozir dunyo bo‘ylab kasallanish va o‘lim holatlari kamayib borayotgan bo‘lsa-da, pandemiya hali tugamaydi. Chunki buning uchun u yer yuzining barcha nuqtalarida birdek yakunlanishi kerak”.

Albatta, mazkur bayonot asosli dalillarga tayanadi. Negaki keyingi paytlarda Osiyo-Tinch okeani mintaqasida joylashgan ko‘plab mamlakatlarda kasallanish va o‘lim darajasi o‘sishda davom etyapti.

Boz ustiga, shu yilning yanvar oyi boshida kiprlik olimlar tomonidan “delta” va “omikron” shtammlari xususiyatlarini o‘zida mujassam etgan yangi “deltakron” mutatsiyasi aniqlangandi. Ammo yaqin-yaqingacha JSST mazkur shtammning mavjudligini shubha ostiga olib keldi.

Kecha esa tashkilotning favqulodda vaziyatlar bo‘limi texnik guruhi rahbari Mariya van Kerxove Jenevada bo‘lib o‘tgan navbatdagi brifingda “deltakron” Yevropada paydo bo‘lganini rasman maʼlum qildi.

Bayonotda keltirilishicha, mazkur mutatsiya turi Fransiya, Niderlandiya va Daniyada aniqlandi. Lekin hozircha juda kam miqdorda.

Eslatib o‘tamiz, pandemiya boshlangandan buyon dunyoda qariyb 452 million kishi COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan. Shuningdek, infeksiyaning oldini olish maqsadida jami 11 milliard dozaga yaqin vaksina qo‘llanilgan.