“SHOX MOT” yohud hokim bo‘lish sirlari

Iqtisodchi Otabek Bakirov:

Hokim yordamchiligi instituti o‘zbek nomenklaturasining yangi sotsial lifti bo‘lishi haqidagi yuqori minbarlardan yangragan bayonotlarning amalda yuz berayotganini ko‘rsatish vaqti kelganga o‘xshaydi.

Mana bugun Andijonda hokim yordamchisi tuman hokimi lavozimiga tayinlangani eʼlon qilindi.

Hamma gap shundaki, yangi hokim hokim yordamchisi rutbasiga o‘tkazilishidan oldin eng yirik bankning viloyat boshqarmasi rahbari, undan avvalroq esa viloyat Markaziy bankining rahbar o‘rinbosari bo‘lgan.

Boshqacha aytganda, yap-yangilar deb tanishtiriladiganlar aslida uncha ham yangi emas. Xuddi avvalgi yangilar ham aslida aslo yangi bo‘lmaganlari singari.

Toshkentda esa ko‘proq boshqa holat kuzatiladi. Yil boshidan ko‘plab hokimliklar, tashkilot va idoralarda ishlab kelgan rahbar o‘rinbosari va pastroq rutbadagi xodimlarni “Hokim yordamchisi” deb nomlangan g‘alati lavozimga majburan tayinlash boshlangan vaqtda ko‘plab amaldorlar bu lavozimga rozi bo‘lmagan va majburan amaldagi kursisidan olib tashlangan edi. Buning oqibatida keyinchalik yangi deb qo‘yilishi mumkin bo‘lgan rahbar xodimlar zaxirasi ancha kengaygan.

Yangi hokim doim ham yangi qon degani emas. Qishda konservatsiya qilingan va yozda amalga o‘tirishini kutib o‘tirgan eski o‘rinbosarlar hali ko‘p.