Markaziy Osiyo energetikasi xavfsizligini taʼminlashning iloji bormi?

Markaziy Osiyo mintaqamiz, bir tarafdan, energetika resurslariga boy, ammo boshqa tomondan, o‘sha energetika resurslari teng taqsimlanmagan yoki ular turli-tuman. Suv-energetika masalalari hal etilmagani nafaqat muvaffaqiyatli integratsiya yo‘lida to‘siq bo‘lmoqda, qolaversa, vaqti-vaqti bilan mahalliy mojaro va to‘qnashuvlarga ham olib kelmoqda. Masalan, joriy yil yanvar oyi oxirida Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning bir qator viloyatlarida elektr quvvati o‘chib qoldi va bu butun boshli energetika halqasidagi taʼminot uzilishlariga sabab bo‘ldi. Muammoni tez orada bartaraf etishga muvaffaq bo‘lindi, ammo u mintaqamizdagi hamma narsa o‘zaro bog‘liq ekanini ko‘rsatib berdi. Falokat sodir bo‘lishi bilanoq O‘zbekiston bilan Qirg‘izistonda o‘z energetika tizimini mustahkamlash va qo‘shni mamlakatlarga qaramlikni kamaytirishga oid daʼvatlar kuchayib ketdi. Boshqacha aytganda, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonni qamrab olgan Yagona energetika halqasining qisqartirilgan varianti zarurligi ham savollar tug‘dirmoqda.

Boz ustiga, haligacha suv va energetikaga oid muammolar to‘plami hal etilmasdan qolmoqda. Ekspertlar fikricha, yaqin vaqtdan beri bu masalalar: suv va energetika masalalari alohida-alohida ko‘rila boshladi, tabiiyki, bu ularni tartibga solish yo‘lida yana-da kattaroq mushkulotlar tug‘diradi. Ayni choqda Markaziy Osiyo respublikalari elektr quvvati ishlab chiqarishni rang-baranglashtirish bo‘yicha faol choralar ko‘rmoqda, jumladan, mamlakatlar tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha o‘z dasturlarini rivojlantirmoqda. Ostona bilan Toshkent AES qurilishini rejalashtirmoqda, daryolarning boshlanish qismida joylashgan mamlakatlar gidroenertegikaga urg‘u bermoqda.   Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlaridagi elektr energetikasi tizimi juda eskirib ketganini hisobga olsak, bu choralar qanchalik samara berishi haqida bir narsa deyish qiyin.

Markaziy Osiyoda energetika xavfsizligi masalalarini qanday qilib samarali va o‘zaro kelishilgan holda hal etish mumkin? Markaziy Osiyoga yagona energetika tizimi kerakmi yoki mamlakatlar mustaqil tizimga alohida eʼtibor qaratgani maʼqulmi? Markaziy Osiyoda AES qurilishi qanchalik zarur? Nihoyat, suv va energetika masalalari mintaqa mamlakatlarini birlashtiruvchi omil bo‘lishi mumkinmi?

Ushbu savollarga Markaziy Osiyoning energetika masalalari bo‘yicha eksperti, Birlashgan Arab Amirliklarining Shayx Zayd nomidagi universitet o‘qituvchisi Farhod Aminjonov javob beradi.

Sizga beradigan birinchi savolim: Markaziy Osiyoning energetika halqasi bo‘yicha bugungi vaziyat qanday? Yil boshida jiddiy falokat yuz berdi, uning oqibatida Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning bir necha shahar va viloyatlarida elektr taʼminotida uzilishlar yuzaga keldi. Buning sababi nima? Umuman, tarixga qaralsa, Markaziy Osiyo energetika tizimi qanday yaratilgan edi va u nimaga asoslangan?

Bu – juda qiziq va muhim savol, chunki masalaning mohiyatini tushunib olish uchun gapni tarixdan boshlashga to‘g‘ri keladi. Elektr energetikasiga asosiy eʼtibor qaratib, fikrlaydigan bo‘lsak, Markaziy Osiyoning energetika tizimi XX asrning 60 – 70 yillarida Sovet Ititfoqi davrida yaratilgan. Biroq Markaziy Osiyoning elektr energetikasi tizimi Rossiyaning elektr energetikasi tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lab qo‘yilmagan. U alohida bo‘lgan, shuning uchun ham Markaziy Osiyo elektr energetikasi tizimi yoki Markaziy Osiyo energetika halqasi deb ataladi. U tashkil etilayotganda, Markaziy Osiyoning barcha 5 ta respublikasini –O‘rta Osiyo respublikalari va faqat Qozog‘istonning janubiy viloyatlarini birlashtirgan. O‘sha paytda sovet muhandislari ayni tizimni butun mintaqaning energetika resurslaridan eng samarali va oqilona yo‘sinda foydalanishni ko‘zlab, yaʼni butun boshli tizimning 70 foizini daryolarning quyi oqimida joylashgan mamlakatlar, asosan, O‘zbekiston bilan Turkmanistonda issiqlik energetikasi tarmoqlari taʼminlashi kerakligini mo‘ljallab yaratgan. Qolgan 30 foiz Tojikiston va Qirg‘iziston gidroenergetika tizimi zimmasiga tushgan. O‘sha halqa 80 dan oshiq alohida elektr quvvati ishlab chiqaruvchi inshootni birlashtirgan. Qizig‘i shundaki, o‘sha inshootlarning 29 tasi elektr quvvatini gaz, neft va ko‘mirdan ishlab chiqargan, 48 ta inshoot esa suv energetikasi inshootlari bo‘lgan, yaʼni tizim u orqali uzatib beriladigan jami  elektr quvvatining 50 foizdan oshig‘i O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelishiga mo‘ljallab yaratilgan. O‘sha paytda O‘zbekiston elektr quvvati ishlab chiqarish bo‘yicha eng yuqori darajada turgan, uning jug‘rofiy joylashuvi hisobga olinib, chegaradosh qo‘shni mamlakatlarni birlashtirishi ko‘zda tutilgan. Ushbu tizim Sovet Ittifoqi parchalanib ketgandan so‘ng ham ishlab turdi, chunki 90-yillar boshida bizda boshqa biror muqobil tizim yo‘q edi, yaʼni hamma narsa odat bo‘yicha dastlab o‘ylanganidek ishlayvergan. O‘zbekiston asosiy mamlakat bo‘lgani sababli energiyani muvofiqlashtirish markazi ham Toshkentda joylashgani tabiiy bo‘lgan.

So‘ngra nima bo‘ldi dersiz? 90-yillar – 2000-yillar boshida, tabiiyki, Markaziy Osiyoning mustaqil mamlakatlari mustaqil, hatto aytish mumkinki, izloyatsiyalangan energetika siyosatini yurgiza boshladi. 2000-yilar boshiga kelib, aniqroq aytsak, 2003 yilda Turkmaniston tabiiy gaz zaxiralari ko‘p bo‘lgani sababli Markaziy Osiyoning yagona elektr energetikasi tizimidan chiqishga qaror qildi. Mamlakat o‘z elektr energetikasi sektorini rivojlantira va bir qancha issiqlik elektr stansiyalar qura boshladi. Turkman tomoni ushbu halqaning bir qismi bo‘lish, boz ustiga, qo‘shni mamlakatlardan elektr quvvati yetkazib berilishiga qaram bo‘lish shart emas, deb hisoblaydigan bo‘ldi. Ammo 2009 yilda inqiroz yuz berdi, esingizda bo‘lsa, 2008 – 2009 yil qishi qattiq kelib, havo keskin sovib ketgan va tabiiyki, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari energetika xavfsizligi muammosi: elektr quvvatining kamdan-kam hollarda uzilib qolishi, shuningdek, doimiy uzilishlarini bartaraf etishga harakat qilgan edi. Aynan o‘sha qishda 2009 yilda energetika tizimidagi asosiy mamlakat bo‘lgan O‘zbekiston eksport qilinayotgan elektr quvvatining asosiy qismini o‘z aholisini taʼminlash uchun ichki bozorga yo‘naltirdi. Ekspertlar iddaosicha, bu Markaziy Osiyo energetika tizimi inqiroziga sabab bo‘ldi.  

Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan O‘zbekiston orqali o‘tadi elektr uzatish liniyalari orqali birlashgan Tojikiston, tabiiyki, to‘liq uzib qo‘yildi. 2009 yilgi buhrondan so‘nggi dastlabki yillar Tojikiston uchun juda qiyin bo‘ldi. Lekin alal-oqibat mamlakat undan chiqish yo‘lini topdi hamda ko‘mir bilan ishlaydigan qo‘shimcha issiqlik elektr stansiyalari qura va imkon qadar gidroenergetikani rivojlantira boshladi.

Energetika halqasiga nima bo‘ldi dersiz? 2009 yilda O‘zbekiston o‘sha tizimdan chiqqanday bo‘ldi, ammo aslida elektr quvvati uzatish liniyalari ham, infratuzilma ham saqlanib qoldi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston uch tomonlama formatda ishni davom ettirdi, yaʼni mamlakatlar o‘rtasida elektr quvvatini eksport va import qilish saqlanib qoldi. Tabiiyki, elektr quvvatini yetkazib berish hajmlarini  parchalanishdan oldingi davr bilan taqqoslab bo‘lmas edi. Adashmasam, 1990 yilda yagona halqa doirasida 25 gigavatt/soat elektr quvvati eksport-import qilingan. 2008 – 2009 yy.ga kelib, ushbu halqa ichidagi jami eksport-import hajmi, bor-yo‘g‘i, 4 gigavatt/soat bo‘ldi. Bo‘lib ham, hajmlar keskin o‘zgarib, goh ko‘tarilib, goh pastlab turdi. Hozirgi kunda O‘zbekiston hukumatining yangi sisyosati tufayli ushbu aloqalar tiklanmoqda.

2022 yilda nima uchun elektr quvvati yetkazib berishda uzilishlar bo‘ldi? Darvoqe, asosiy muammo texnik sabablarga ko‘ra kelib chiqqan. Turli manbalarda aytilishicha, Qozog‘iston tomoni muammo O‘zbekiston tarafida yuz berganini aytgan. O‘zbekiston vakillari iddaosicha, Qozog‘istondagi elektr quvvati oqimi hajmlari haddan oshib ketgan va zikr etilgan tizimning energetika xavfsizligiga putur yetkazgan. Ikkala tomon ham o‘zicha haq, lekin bu yerdagi asosiy muammo tizimning eskirib ketgani bilan bog‘liq, u 1960 – 1970-yillardan beri ishlatilib kelyapti. So‘nggi o‘n yilliklar mobaynida ushbu tizimni va elektr quvvati uzatish liniyalarini modernizatsiya qilish uchun sarmoya ajratilmadi. Shu sabab tizim eskirib ketgan, samarasi kam, yo‘qotishlar ko‘p, tizim elektr quvvati oqimining ko‘payib yoki ozayib ketishiga, tabiat va favqulodda hodisalarga dosh bera olmaydi. Shuning uchun mintaqamizning har bir mamlakatida ilk yomg‘ir va qor yog‘ishi bilan elektr quvvatini ham ichki, ham tashqi bozorga yetkazib berishda muammolar yuzaga kela boshlaydi. Shuning uchun bitta sababni qidirish xato bo‘ladi, chunki bir-biriga bog‘lanib ketgan xatolar turkumi bor. O‘sha turkum nimadan iborat? Bular eskirib qolgan elektr energetikasi tizimi, elektr quvvati oqimlari O‘zbekistondan qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘istonga, shuningdek, Qirg‘iziston va Tojikistondan O‘zbekistonga samarali va oqilona tarzda muvofiqlashtirilmayotgani, butun boshli tizim moliyalashtirilmayotgani va modernizatsiya qilinmayotgani bilan bog‘liq.

Energetika halqasi qanday prinsip asosida ishlashini batafsil tushuntirib berdingiz. Tabiiyki, o‘sha uzilish sababi haqida fikringizni eshitish qiziq bo‘ladi. Biror narsa: har qanday mojaro yoki qandaydir munozara yuz bersa, haligacha bir-birimizni ayblash mintaqamizning o‘ziga xos xususiyati bo‘lib qolayotgan bo‘lsa, ajab emas. Qizig‘i shundaki, o‘sha sodir bo‘lgan falokatdan so‘ng mamlakatlarning munosabati, aniqrog‘i, harakatlari turlicha bo‘ldi. Masalan, Qirg‘iziston bilan O‘zbekistonda mustaqil energetika tizimini yaratish va mustahkamlash to‘g‘risida ochiq-oydin gapirila boshladi. Qirg‘izistonda yangi elektr stansiyalari qurilishi masalasi o‘rtaga tashlanmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun qaysi variant istiqbolliroq ekani xususidagi qarashingizni gapirib bersangiz. Biz yagona energetika halqasini to‘liq tiklashimiz kerakmi yoki alohida energetika tizimlarini yaratish zarurmi? Har bir mamlakat o‘zining mustaqil tizimini yaratishi kerakmi? Bu masalada qanday ko‘zga tashlanmas muammolar bor?

Nega bu ikki variant bir-birini istisno qilishi kerak? Bunaqa bo‘lishi shart emas. Dastlab Markaziy Osiyo energetika tizimi mintaqa mamlakatlari, avvalroq aytib o‘tganimdek, mavjud resurslardan samaraliroq foydalanishni nazarda tutib tashkil etilgan edi. Xuddi shuningdek, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari mustaqil energetika tizimiga ega va infratuzilma borasida erkindir. 2009 yilda O‘zbekiston yagona tizimdan chiqqandan paytda Turkmanistonning o‘z elektr energetikasi tizimi qo‘shni O‘zbekistonnikidan alohida tarzda yaxshi ishlab turgan edi. O‘zbekiston har doim nisbatan mustaqil bo‘lgan, chunki butun boshli tizimning markaziy qismi bo‘lgan. Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston esa qaysidir shaklda mana shu yangi sharoitga moslashishiga to‘g‘ri kelgan. Zikr etilgan uch mamlakatning barchasida 500 va 1000 kilovattlik “Shimol – Janub” elektr quvvati  uzatish liniyasi qurildi, ular ayni paytda bir vaqtlar qo‘shni mamlakatlardan olingan elektr quvvatini isteʼmol qilgan mintaqalarini o‘ziniki bilan taʼminlab turibdi, yaʼni Markaziy Osiyoning har bir mamlakatidagi infratuzilma mustaqildir. Endi oldingiday O‘zbekistonga yoki o‘sha tizimga qaramlik darajasi yo‘q.

Mintaqamiz shunisi bilan qiziqki, bir tarafdan, energiya resurslariga boy, boshqa tarafdan esa, o‘sha energiya resurslari notekis taqsimlangan yoki ular turlicha. Daryolarning quyi qismida joylashgan malakatlar neft, gaz va ko‘mirga, yuqori qismida joylashganlari gidroenergetika resurslariga boy. Tabiiyki, bu resurslarni yagona tizim orqali bilvosita baham ko‘rish, nazarimda, eng maqbul variantdir, yaʼni 2 ta yo‘nalish yonma-yon odimlashi lozim. Bir narsani aytib qo‘yishim kerak, sovet davrida ushbu tizimga juda ko‘p eʼtibor qaratilgan. Siyosiy vaziyat, jug‘rofiy-siyosiy vaziyat, munozaralarni hal etishning mintaqaviy mexanizmi yo‘qligi Markaziy Osiyo mamlakatlariga u yoki bu darajadagi kafolatni bermaydi va ular cho‘chigani sababli ana shu tizimga keragidan ortiq umid qilib qolgan.

Uni nima qilsa bo‘ladi? Mavjud vaziyatdan chiqishning yo‘llaridan biri har yili pragmatik manfaatlarni hisobga olgan va moliyaviy mablag‘larni ko‘rsatgan holda shartnoma va kontraktlar tuzishdir. Darvoqe, hozir shunday qilinyapti. Agar O‘zbekistonga shu yil yozida, deylik, 1,5 milliard kvt/soat elektr quvvati kerak bo‘lsa, shu hajmdagi quvvatni qo‘shni Qozog‘iston yoki Tojikistondan sotib olish uchun kontrakt tuzadi. Mabodo qishda Qirg‘iziston bilan Tojikistonga issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqarilayotgan 1 yoki 2 milliard kvt/soat elektr quvvati zarur bo‘lsa, ular har bir holat uchun aynan mana shu miqdorni va alohida narxni  ko‘rsatgan holda shartnoma tuzadi. Biz qardosh xalqlarmiz, qo‘shnilarmiz, bir-birimizga o‘zaro bog‘liqmiz, deb gapirishni xush ko‘ramiz, lekin, afsuski, bunday yondashuv hammaning ahvoli yaxshi, qishda havo iliq, yozda suv mo‘l bo‘lganda amal qiladi. Shunda, mayli, qo‘shniga ham berib turamiz, deya fikr qilinadi. Qandaydir buhron yuz berganda, qish juda sovuq kelib, biror yili suv tanqis bo‘lsa, gaz bilan neftning narxi barqaror bo‘lmasa, hozir barchamiz duch kelib turgan muammolar yuzaga chiqadi. Shuning uchun shartnomalar tuzish, ularga va hozir ularda ko‘rsatilgan hajmlarga amal qilish eng maqbul yo‘ldir. Ular o‘sha shartnomalar asosida har yili tuzilsa, Markaziy Osiyoning hech bir mamlakati energetika xavfsizligiga tahdid qilmaydigan bo‘ladi.

Xabaringiz bor, so‘nggi paytlarda Markaziy Osiyoning energetika xavfsizligi haqida ko‘p gapirilayotgan paytda Qozog‘istondagi kriptovalyuta mayningi (inglizcha “mining” – foydali qazilmalarni qazib olish so‘zidan olingan bo‘lib, kriptovalyuta platformalari faoliyatini taʼminlash uchun yangi tuzilmalar yaratish bilan bog‘liq ish) omili haqida gapirish urf yoki dolzarb mavzu bo‘lib qoldi. Bu haqda batafsilroq gapirib bera olasizmi? Chindan ham Qozog‘iston yoki Qirg‘izistonda Xitoy kriptofermalari mavjudmi? Va bu energetika xavfsizligimiz uchun nimani anglatadi?

Bu ham juda qiziq va dolzarb savol bo‘ldi. Men o‘sha kriptofermalardan hech biriga bormaganman, lekin ular, ayniqsa, Qozog‘istonda mavjudligiga ishonchim komil. Koronavirus pandemiyasidan so‘ng Xitoy mayning bo‘yicha yagona peshqadam bo‘lganini hisobga olsak, keyinchalik uning maʼlum qismi qo‘shni Qozog‘iston va Rossiyaga oqib o‘tganini taxmin qilsa bo‘ladi. Masalan, 2021 yilda Qozog‘istonda kriptomayning sabab elektr quvvati isteʼmoli hajmi keskin oshib ketdi. Men o‘sha fermalarni elektr quvvatini ko‘p ishlatadi, deb aytmoqchi emasman, lekin ular rostdan ham uni juda ko‘p sarflaydi. Qo‘limda mavjud so‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda 22 gigavattlik belgilangan elektr quvvatining 1,5 gigavattini o‘sha mayning kriptofermalari isteʼmol qiladi. Men buni zarur deb aytmoqchi emasman, ammo, umuman olganda, mamlakatning butun boshli elektr energetikasi tizimiga taʼsir ko‘rsatayotgani bor gap. Juda ko‘p elektr quvvati sarflanmoqda bu sohaga. Lekin boshqa tarafdan, bunga biznes sifatida ham qarash mumkin. Nega dastlab bu kriptofermalarning bir qismi Qozog‘istonga ko‘chib o‘tdi? Chunki bu mamlakatda elektr quvvati isteʼmolchilarga nisbatan barqaror yetkazib beriladi, yana uning narxi boshqa mamlakatlardagiga nisbatan ancha arzon. Masalan, Qozog‘istonda uning bir kilovatti 4 – 5 sent turadi, Rossiyada yoki Xitoyning o‘zida buning uchun ikki barobar qimmat pul to‘lashga to‘g‘ri kelmoqda. Nisbatan arzon va uzilishlarsiz yetkazib beriladigan elektr quvvati ularni jalb etdi.

Buni Qozog‘iston energetika tizimiga xavf tug‘diryapti, deb hisoblash mumkinmi? Men unaqa deb hisoblamayman. Aytib o‘tganimdek, mintaqadagi energetika xavfsizligi – kompleks masala. Shu sabab men hamma aybni kriptofermalarga ag‘darishni istamayman. U ham – biznes. Agar ushbu tizim mamlakatning umumiy iqtisodiy rivojlanishiga kiritilsa, zimmasiga muayyan miqdordagi soliq to‘lash yuklatilsa va ular faoliyati shaffof bo‘lishi talab etilsa, ular davlat xazinasiga millonlab dollar olib kelishi, yana sarflangan elektr quvvati uchun pul to‘lashi turgan gap. Xo‘sh, unda muammo nimada? Baʼzan Qozog‘istonda elektr quvvatini yetkazib berish bilan bog‘liq uzilishlar bo‘lib turadi. Buning uchun aybni kriptofemalarga to‘nkash kerakmi? Yo‘q. Ular ham isteʼmolchilar qatoriga kiradi. Albatta, ularni aybdor qilib ko‘rsatish mumkin, chunki kriptofermalar – bir tomon, lekin aholi maskanlari elektr quvvatisiz qolishi yoki biror gospital va yoki shifoxona elektr quvvatisiz qolishi – albatta, butunlay boshqa masala. Ehtimol masalaga boshqacha yondashib, mamlakatning elektr energetikasi tizimini – u muayyan tahdidlardan kamroq zarar ko‘rishi uchun – modernizatsiya qilib, mustahkamlash, tiklanadigan energiya manbalari hisobiga elektr quvvati ishlab chiqarish hajmini oshirish kerak bo‘lar. Balki mamlakatdagi elektr quvvatini isteʼmol qilish hajmini atom elektr stansiyalari orqali ko‘paytirish zarur bo‘lar. Shunda elektr quvvatimiz kriptofermalar ham foydalanib, mamlakat byudjetiga hissasini qo‘shishi uchun yetarli bo‘ladi.

Keling, tiklanadigan energiya manbalari (TEM) va atom elektr stansiyalariga tegishli gaplarimizni davom ettirsak, bir xil energiya olish manbasidan boshqalariga o‘tish masalasini batafsilroq muhokama qilsak. Bilamizki, global pandemiya, iqtisodiy o‘sish surʼatlari qisqarishi rivojlangan mamlakatlarning boshqa energiya manbalariga o‘tish borasidagi rejalariga taʼsir ko‘rsatmay qolmadi. Aftidan, 2050 yilga borib, qayta-qayta taʼkidlanganidek, elektr quvvati ishlab chiqarishda ugleroddan foydalanmaslikka erishish rejasi juda ko‘p mamlakatlarda qayta ko‘rib chiqiladi.  Ushbu masala bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi ahvol qanday? Bu – biz uchun uzoq istiqboldagi masala. Shu gapga qo‘shilasizmi?

Bir tarafdan, albatta, qo‘shilaman, chunki bunday uzoq muddatli maqsadlarni o‘z oldiga qo‘yish va strategiyani rivojlantirish faqat bitta strategiya orqali zikr etilgan masalalarning barchasiga erishilishini anglatmaydi. Lekin boshqa tarafdan, Markaziy Osiyo mamlakatlarining barchasi [iqlim o‘zgarishining oldini olishga qaratilgan] Parij bitimini imzolagan. Havoga is gazlari chiqishini kamaytirish, shuningdek, tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga o‘tish bo‘yicha aniq maqsadlarimiz bor. Ayrim mamlakatlarda bu qaysi davrda: 2030 yilga qadar, 2040 yilga qadar va 2050 yilga qadar nima ish qilish zarurligi aniq belgilab qo‘yilgan. Endi shu yo‘nalishda ishlash kerak bo‘ladi. Lekin aytib o‘tganimdek, hamma narsa ko‘ringanidek yoki rejalanganidek oson emas. Biz ham bunday o‘tishdan chetda qola olmaymiz. Butun dunyo barqarorroq energetika tizimiga va tozaroq yashil iqtisodiyotga o‘tmoqda. Biz ham o‘sha jarayonga qo‘shilishimizga to‘g‘ri keladi. Afsuski yoki baxtimizga, tiklanadigan energiya manbalari deb tasniflanmaydigan energiya resurslariga boymiz. Qazib olinadigan yonilg‘imiz yoki yoqilg‘imiz juda ko‘p, yana gidroenergetikamiz bor. Darvoqe, Markaziy Osiyo sharoitida gidroenergetika alohida qism, energiya resurslarini alohida turi sifatida ajratib ko‘rsatiladi. U hamisha ham tiklanadigan energiya manbalarining bir qismi bo‘la olmaydi. Birinchidan, mintaqamizda gidroenergetika potensiali juda katta va biz uni uzoq vaqtdan beri rivojlantirib kelyapmiz. Shu sabab tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga o‘tish strategiyadir, aniq maqsadlar bor, natija bor. Keling, Qozog‘istondagi vaziyatga nazar solaylik. Mamlakat 2050 yilga borib, elektr quvvati isteʼmolining 50 foizini TEM hisobiga qoplamoqchi. Bu maqsad erishib bo‘lmaydiganday tuyulyaptimi? Ha, bir tarafdan shunday. Lekin boshqa qisqaroq muddatli maqsadlarga qaralsa, Qozog‘iston 2020 yilga kelib, elektr quvvatining 3 foizini TEM hisobidan qoplashni istagan edi. Bu maqsadga erishildi. Endi 2030 yilga borib, TEM ulushi 10 foizga yetishi darkor. Hozirgi dinamika – surʼat hisobga olinsa, Qozog‘iston bu maqsadga ham erishishi aniq. Keyin 2050 yilgacha oldga qo‘yilgan maqsad qoladi. Hozir texnologiyalar o‘zgarib bormoqda, yangilanmoqda, innovatsiyalar shunchalik tez hayotga tatbiq etilmoqdaki, bir narsani bashorat qilish juda mushkul. Ammo Qozog‘iston bundan buyon ham shu yo‘ldan og‘ishmay ketadigan bo‘lsa, oldiga qo‘yilgan maqsadlarga erishishi tayin.

Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari haqida bunday ishonch bilan gapira olmayman, chunki Turkmanistonda butun tizim gazni yoqishga bog‘lanib qolgan. U yerda issiqlik elektr stansiyalari mamlakatning elektr quvvatiga bo‘lgan bor ehtiyojini qondiradi. Qirg‘iziston bilan Tojikiston butun diqqat-eʼtiborini shamol elektr stansiyalari yoki quyosh panellariga emas, gidroenergetikaga qaratadi. Lekin ular ham parallel rivojlanishi mumkin, ammo miqyosi juda tor bo‘ladi. O‘zbekistonda esa bir necha yil oldin tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish va mamlakatning energetika tizimini mustahkamlash bo‘yicha konsepsiya qabul qilingan edi. Ushbu mamlakatda quyosh nuridan va shamoldan elektr quvvati olish bo‘yicha ko‘plab elektr stansiyalari qurishga oid katta maqsadlar bor. Xitoy, Yevropa, ayniqsa, Fors ko‘rfazi mamlakatlari: Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni bilan memorandumlar va bitimlar imzolangan. O‘zbekiston imzolangan bir qator shartnomalarda ushbu mamlakat iqtisodiyotiga, jumladan, energetika sohasiga milliardlab dollarlik investitsiyalar kiritilishi nazarda tutilgan. Bular barcha amalga oshirilishi yoki oshirilmasligini aytish juda qiyin, chunki bilishim bo‘yicha, shu paytgacha O‘zbekistonda yaqindagina 100 megavatt elektr quvvati ishlab chiqarishga mo‘ljallangan birinchi quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi. O‘zbekistonda TEMni ulkan hajmda joriy etish bo‘yicha loyihalar Qozog‘istondan oldinroq ishlab chiqila boshlagan bo‘lsa-da, afsuslar bo‘lsinki, bu jarayon juda cho‘zilib ketdi. Shuning uchun bu haqda aniq gap aytish juda qiyin.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, mintaqa baribir barqaror energetikaga o‘tadi. Lekin bu o‘tish har bir mamlakatda turlicha bo‘ladi. Aniq va yagona tizim ham, tamoyil ham bo‘lmaydi, nazarimda. Ammo baribir shunga o‘tiladi. Bunga kelgusida nima taʼsir ko‘rsatishi haqida oldindan bir narsa deyish qiyin. Nafaqat energetika tizimlariga, qolaversa, mamlakatlar va mintaqalar iqtisodiyotiga esankiratuvchi zarba bergan koronavirus pandemiyasi yuz berishi kimning ham tushiga kiribdi deysiz? Umuman, o‘tish juda murakkab bo‘ladi. Lekin boshqa tarafdan, ijobiy jihat shundaki, juda ko‘p innovatsiyalar joriy etilmoqda – buni oldinroq aytib o‘tgan edim. 2018 yilga kelib, insoniyatning butun tarixi mavomida birinchi marta quyosh energetikasi tannarxi gaz, neft va hatto ko‘mir yoqib, issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan elektr quvvati tannarxidan arzonroq bo‘ldi. Hozirgi kunda mamlakatlar yangi elektr stansiyalarini qurmoqchi bo‘lsa, anʼanaviy issiqlik elektr stansiyalaridan ko‘ra TEM – quyosh va shamol elektr stansiyalariga sarmoya kiritish ancha foydali bo‘ladi. Yil o‘tgan sayin TEM tannarxi arzonlashib boraveradi, yana ishlab chiqariladigan elektr quvvati atrof-muhitni ifloslantirmaydi.  Elektr quvvati tannarxi, hatto Markaziy Osiyo sharoitini hisobga olgan taqdirda ham, tobora arzonlashib bormoqda.

Atom elektr stansiyasi haqida nima deysiz? Masalan, o‘z hududlarida AES qurish rejasi borligini maʼlum qilgan Qozog‘iston bilan O‘zbekiston uchun bu nimani anglatadi? Aytmoqchi, Rossiya G‘arb mamlakatlarining ommaviy sanksiyalari ostida qolgan hozirgi sharoitda Ostona bilan Toshkent AES qurilishida aynan Moskva bilan hamkorlik qiladimi? Umuman, anʼanaviy  elektr stansiyalaridan TEMga o‘tish AESning roli va o‘rni haqida gapirib bersangiz. U qanday o‘rin tutadi?

Atom elektr stansiyalari qurilishidan ko‘zlangan bosh maqsad elektr quvvati ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirishdir, chunki barcha mamlakatlarda u yoki bu sababga ko‘ra muayyan paytlarda elektr quvvati ancha-muncha yetishmay qolayotganini his qilyapmiz. Aholi soni ortib bormoqda, iqtisodiyotlar nisbatan rivojlanmoqda, bu o‘z-o‘zidan elektr quvvati isteʼmoli tez ortayotganiga sabab bo‘lmoqda. Atom elektr stansiyalari juda istiqbolli va jozibali muqobil hisoblanadi. Birinchidan, AES Markaziy Osiyo mamlakatlarida ishlatilayotgan issiqlik elektr stansiyalariga nisbatan ancha toza. Odatda ular mavjud elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini jiddiy tarzda oshiradi. O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi mo‘ljallanmoqda, u mavjud elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini 20 – 25 foiz oshiradi. Bu O‘zbekistonda joriy etilishi taxmin qilinayotgan AESning belgilangan quvvati 2,5 gigavatt bo‘ladi. Qozog‘istonda ham elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi taxminan shunaqa.

Shundan kelib chiqqan holda, Markaziy Osiyoda atom elektr energetikasi yoki atom elektr quvvati kerakmi? Bu haligacha ochiq qolayotgan va bahsli masaladir. Aytib o‘tganimdek, elektr quvvati isteʼmolining oshib borayotgan hajmlarini qoplash uchun nima qilishimiz kerak? Bu borada atom energetikasi yagona muqobil bo‘la oladimi? Albatta, yo‘q. Bu masala kompleks yondashuvni talab etadi. Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida elektr energetikasi tizimi juda eskirib ketgan. Masalan, O‘zbekistonda elektr energetikasi tizimining 75 foizi eskirgan, barcha elektr uzatish liniyalari 40 yil yoki undan ham oldinroq qurilgan. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda ham tizim shunday eski.  Yaʼnikim, atom elektr energiyasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yasizmi, yo‘qmi, bundan qatʼi nazar, yo‘qotishlar ko‘p bo‘ladi va bu asosiy maqsadga erishishga xalaqit beradi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Qozog‘istonda ham, O‘zbekistonda ham har bir AES qurilishi taqriban 10 milliard dollarga tushadi. Endi 10 milliard dollarni quyosh elektr stansiyalari qurilishiga sarflashni tasavvur qilib ko‘ring. Albatta, ularning bahosi farq qiladi, ammo mamlakatlarimizda kimoshdi savdosi mexanizmi joriy etilishi bilan quyosh elektr stansiyalari qurilishi narxi keskin tushib ketdi. Agar mana shu 10 milliard dollar quyosh yoki shamol elektr stansiyalari qurilishiga sarflansa, mavjud quvvatlar ustiga yana katta miqdordagi elktr quvvatini olamiz. Biroq energetika sohasi ekspertlari tili bilan aytganda, har dom zaxira rejasiga ega bo‘lish kerak. Rang-baranglashtirish har qanday energetika tizimini rivojlantirishning asosiy jihatlaridan biridir. Mabodo qaysidir mamlakatdan elektr quvvati, gaz yoki neft import qilayotgan bo‘lsang, muqobil taʼminotchilarni topishni ham o‘ylab qo‘y. Ularni tashishning bir necha kanali bo‘lsin. Mamlakat ichida, agar qandaydir aniq energetika resursiga qattiq qaram bo‘lsang, uni rang-baranglashtirishga harakat qil. O‘zbekistonda elektr quvvatining 85 foizi gaz yoqiladigan issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi. Qozog‘istonda elektr quvvatining 70 foizi ko‘mir yoqib ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalaridan olinadi. Tabiiyki, qazib olinadigan yonilg‘i yoki yoqilg‘iga qaramlik darajasi juda baland. Buni rang-baranglashtirish shart.

To‘g‘risini aytsam, mening AES qurilishiga munosabatim ikki yoqlama. Bir tarafdan, buni olqishlayman. Boshqa tarafdan esa, muayyan xatarlar ham bor. Qurilish bilan bog‘liq xatarlar. Atom elektr stansiyalari dunyodagi eng ishonchli inshootlardan hisoblanadi. Texnologiya ko‘p yillar davomida rivojlanib, izchil ravishda takomillashib borgan. Atom elektr stansiyasi yaxshilab qurilsa, juda xavfsiz bo‘ladi. Xavfsizlik masalasi ko‘pchilikni o‘ylantiradi. Lekin boshqa tarafdan, jarayon boshdan-oyoq har doim ham shaffof bo‘lmagani, uni qurayotgan idoralari har doim ham hisobot bermasligi hisobga olinsa, ko‘pchilik bunday xatarni zimmasiga olishga, albatta, qo‘rqadi.

Hozir O‘zbekistonda ham, Qozog‘istonda ham mavjud bitimlarga ko‘ra, atom elektr stansiyalarini Rossiya qurishi taxmin etilmoqda. Ammo bu – xato qarash, chunki Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan atom energetikasi sohasida hamkorlik qilayotgan yagona hamkor emas. Ham Qozog‘iston, ham O‘zbekiston bilan atom energetikasi sohasida hamkorlik qilayotgan yana boshqa ko‘plab mamlakatlar bor. Masalan, Yaponiyani, uning Toshiba korporatsiyasini olaylik. Ularning Qozog‘iston Respublikasi bilan atom energetikasini rivojlantirish, uran qazib olish va eksport qilish bo‘yicha bir qator shartnomalari bor. Ehtimol tutilgan atom elektr stansiyalari qurilishini texnik jihatdan baholash borasida bunday kompaniyalar Qozog‘iston bilan ham ish olib bormoqda. Xitoyning atom energetikasi bo‘yicha Guangdong, Hindiston, Kanada va Amerikaning shu sohaga ixtisoslashgan kompaniyalari ham KazAtomProm bilan bir qator shartnomalar tuzgan. Hatto o‘sha AESni Rossiya qurgan taqdirda ham bu barcha huquq va harakatlar erkinligini Rossiya tomoniga berib qo‘yishimizni anglatmaydi. Albatta, bu jarayon ustidan kuzatuv olib borilishi shart  va shunday bo‘ladi ham. Bahoni ham milliy, ham Rossiya, ham chet ellik ekspertlar beradi. Agar biz bu ishni yo‘lga kirsak, qandaydir jiddiy tahdidlar bo‘ladi, deb xavfsirashimizga o‘rin qolmaydi.

Bu yerda boshqa masala bor – elektr quvvati bizga bugun kerak. Elektr quvvati yetkazib berish barqarorligi ham, albatta, hozir zarur. Atom energetikasi buni taʼminlay oladimi? AES qurilishi 10 yil vaqt oladi. Bu – nisbatan uzoq muddat. Bu vaqtda nimalar yuz berishi mumkin? Atom energetikasi – shunday nozik mavzu. Qayd etib o‘tganimizdek, shartnomalar 10 yil oldin: 2007, 2008, 2012 va 2014 yillarda imzolangan edi. Qurilish esa hamon boshlangani yo‘q. Atom elektr stansiyalari atrofida ko‘tarilgan bunday shov-shuv bizni hoziroq hal etilishi kerak bo‘lgan boshqa masalalardan, deylik, infratuzilmani yaxshilash va butun jarayonni muvofiqlashtirishning umumiy tizimini joriy etishdan chalg‘itadimi?

Endi boshqa masalaga o‘tsak. Markaziy Osiyoning energetika sohasidagi muammolarga oid murakkab savol bermoqchiman. Markaziy Osiyo mamlakatlarining qalin kooperatsiyasi yo‘lidagi to‘siqlar haqida gapirganda, chegaradagi mojarolar va bahsli hududlar bilan birga suv masalasini ham eslaymiz. Aynan suv bilan bog‘liq muammolarning tartibga solinmagani ko‘pincha mahalliy mojarolar kelib chiqishiga bahona bo‘ladi. Lekin ayni choqda aynan suv, muammolarning suv va energetika bilan bog‘liq majmuasi – tomonlar murosali yondashuv topa olsa – mintaqa mamlakatlarini birlashtiruvchi omilga aylanishi ham mumkin. Markaziy Osiyoning suv va energetika muammolarini hal etib bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi? Mintaqamizda qo‘llashimiz mumkin bo‘lgan xalqaro pretsedent (namuna olish mumkin bo‘lgan voqea) yoki qandaydir formula bormi?

Tizimimiz suv va energetika resurslaridan oqilona foydalanishni ko‘zlab yaratilgan edi. Suv va energetika tizimi energetika tizimimiz ham edi. Agar 20 yil oldingi vaziyatga qaraydigan bo‘lsak, bu qay tarzda bir-birimiz bilan o‘zaro maslahatlashib, birga ishlashimiz mumkinligi namunasidir. Biroq men bugungi kunda suv va energetika masalalari o‘zaro ajratilganini aytib o‘tmoqchiman. Ekspertlar, hokimiyat vakillari elektr quvvati ishlab chiqarib, uni isteʼmolchilarga yetkazib berish bilan transchegara daryolarida suvdan foydalanish xususidagi  qarorlarga ikkita mutlaqo bir-biridan ayri masalalar sifatida qaramoqda. Ilgari daryolarning quyi qismida joylashgan mamlakatlar elektr quvvatini ularning yuqori qismida joylashgan mamlakatlardan sotib olishi hamda Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘z navbatida Markaziy Osiyo daryolarining quyi qismida joylashgan Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istonning irrigatsiya ehtiyojlari uchun suv tashlab berishi ko‘zda tutilgan. Yaʼnikim, bunday tizim, bir tarafdan, barcha mamlakatlarni birlashtirib ishlab turgan, boshqa tarafdan esa, suv bilan energetika masalalari o‘zaro ajratilmagan. Endi hamma narsa teskari tus oldi. Hozir mustaqil energetika tizimini barpo etayotgan va o‘z manfaatlariga ega bo‘lgan har bir mamlakat suv masalasini ushbu tenglamadan o‘chirib tashlashga intilmoqda. Men, to‘g‘risi, suv va energetika muammolarida suv muammolariga alohida, energetika muammolariga alohida qaralishi kerak, deb o‘ylamayman. Bilishimcha, bu Markaziy Osiyo mamlakatlarini birlashtiradigan omil bo‘la olmaydi. Hamkorlik va kooperatsiya albatta kerak, integratsiya esa o‘tgan yillar munozarasi, xolos. Oldin gapirilgan suv va energetika muammolarini ayni paytda bilib-bilmaslikka olishga, ularni yo‘q deb hisoblashga urinilmoqda, chunki suv bilan bog‘liq muammolarimiz juda og‘ir. Energetika bilan bog‘liq muammolar ham jiddiy. Biz energetika muammolarini alohida, suv bilan bog‘liq muammolarni alohida hal etyapmiz.

Biroz qo‘shimcha qilmoqchi edim. Siz Markaziy Osiyodagi integratsiya g‘oyasiga qanday qaraysiz? Tushunishim bo‘yicha, siz Markaziy Osiyoda bizga ingeratsiyaning keragi yo‘q deb aytyapsiz. Gapingizni to‘g‘ri tushundimmi? Faqat qalin kooperatsiya kerakmi?

Ha, xuddi shunday.

Bu qarashingizni qanday asoslab berasiz? Nima uchun Markaziy Osiyoga integratsiya kerak emas? Bu – juda qiziq va bahsli masala. Aslida biz, ayniqsa, markaziy osiyolik so‘zlovchilarimizga bu savolni tez-tez berib turamiz, chunki hozirgi kunda, ko‘rib turganingizdek, yangi impulsni, mintaqada qalinroq integratsiya yoki kooperatsiyaga intilishni boshdan kechiryapmiz. Bu borada ekspertlarning fikrini bilish muhim.

Nazarimda, integratsiya siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik, infratuzilma, logistika – barcha sohalarda o‘zaro bog‘liqlikning yuksakroq darajasi bo‘lishini taqozo qiladi. Biz bir-birimizga bog‘liqmiz. Shuning uchun muammolarni birga hal etishimiz shart. Qo‘shni mamlakatlar bo‘lganimiz uchun iqtisodiyot sohasida o‘zaro hamkorlik qilamiz. Infratuzilma masalasida mintaqa darajasidagi energetika, transport va logistika infratuzilmalari mavjudligi tabiiy. Ha, hamkorlikdan qochib hech qayoqqa bora olmaymiz. Lekin bu xavfsizlik muammolarini hal etishda, iqtisodiy ustuvorliklarni aniqlashda, qandaydir masalalarni yechishda yagona mintaqa, bir butun bo‘lib harakat qilayotganimizni anglatadimi? Afsuski, men buni ko‘rayotganim yo‘q. Nazarimda, integratsiya jarayoni – yana qachondir qaytadan paydo bo‘lsa – tabiiy yo‘l bilan davom etishi shart. U tashqaridan yoki ichkaridan tiqishtirilmasligi kerak. Bunga energetika sohasi yaxshi misol bo‘la oladi. Yana qaytaraman, o‘rtamizda muammolar bo‘lmagan payt, biz qardoshlarmiz, biz qo‘shnilarmiz, hamma ishimiz yaxshi, hamkorlik qilyapmiz, hatto qaysidir darajada Markaziy Osiyo integratsiya loyihasini taqdim etyapmiz, deb gapiraverishimiz mumkin. Birinchi qor yog‘ishi, birinchi yomg‘ir yog‘ishi, birinchi qish sovug‘i, suv tanqis bo‘lgan yil kelishi bilanoq hamma muammolar yuzaga qalqib chiqadi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari ichki manfaatlari, aholisi, ichki isteʼmolini ustuvorlik sifatida olg‘a suradi. Bu real siyosat nuqtai nazaridan o‘zini oqlashi mumkin, lekin ustuvor masalalarni bu tarzda belgilash Markaziy Osiyo mintaqasiga biz ko‘rishga, tushunishga ko‘nikkan maʼnoda integratsiyalashuv imkonini bermaydi.

Keling, endi biroz ekport qilinadigan energetika resurslari marshrutlari haqida gaplashamiz. Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari va G‘arbning Rossiyaga qarshi javob sifatidagi sanksiyalari sabab dunyoda energetika aloqalari keng miqyosda qayta ko‘rib chiqilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu o‘zgarishlar Markaziy Osiyo mamlakatlariga taʼsir ko‘rsatmay qolmaydi. Bugungi kunda Qozog‘iston  o‘z energetika resurslarini Yevropaga Kaspiy quvuri konsorsiumi (KQK) va Rossiya orqali o‘tadigan boshqa quvurlar orqali yetkazib berishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shu maʼnoda Markaziy Osiyo mamlakatlarida yana qanday muammolar paydo bo‘lishi mumkin? Keling, shu haqda batafsilroq gaplashaylik.

Qiziq savol berdingiz. Men bu yerda 3 ta holatga eʼtibor qaratmoqchiman. Birinchidan, energetika resurslarini eksport qilishda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan Rossiya bir-biriga bog‘liq, yaʼni Rossiya orqali o‘tadigan infratuzilma, quvurlar bitta. Ikkinchidan, energetika resurslarining Markaziy Osiyodan Yevropaga Rossiyani aylanib o‘tgan holda eksport qilinishi. Uchinchidan, bugungi kunda Rossiya biznesi energetika sohasida Markaziy Osiyo mintaqasida ancha faol.

Birinchi masala. Aslida Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlaridan faqat Qozog‘iston ko‘p zarar ko‘radi. Qozoq nefti Yevropaga Rossiyaning maʼlum hududi va quvurlari orqali tashib beriladi. Qozog‘istondan boshqa hech bir Markaziy Osiyo mamlakati yirik hajmda neft yoki gazni Rossiya orqali eksport qilmaydi yoki yetkazib bermaydi, shuning uchun bu mojaro ularga bunday taʼsir ko‘rsatgani yo‘q. Turkmaniston 1990 yilda, Sovet Ittifoqi parchalanib ketishidin oldin yiliga 88 mlrd. m3 gaz ishlab chiqargan va shuning 80 mlrd. m3 Rossiyaga, Rossiya orqali Yevropaga eksport qilingan. Turkmaniston hozir Yevropaga Rossiya infratuzilmasi orqali umuman gaz eksport qilmaydi, Rossiyaning o‘ziga esa juda oz hajmda gaz jo‘natmoqda, yaʼni bu inqirozdan Turkmaniston zarar ko‘rmaydi. O‘zbekiston ham Rossiya infratuzilmasi orqali  bu mamlakatga gaz eksport qilayotgani yo‘q. Unga ham inqiroz qattiq zarar yetkazishi qiyin. Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari oqibatlarini sezayotgan yagona mamlakat Qozog‘istondir.

Ikkinchi masala. Yevropa har doim Rossiyani aylanib o‘tgan holda Markaziy Osiyo energetika resurslaridan foydalanishga qiziqib qelgan. Bir necha loyiha mavjud – Kaspiy dengizi mintaqasi, keyinchalik Turkiya va boshqa hududlar orqali Yevropa bozori tomon tortiladigan gaz quvurlari, neft quvurlari. Ammo uzoq istiqbolda Rossiya bilan Yevropa o‘rtasidagi munosabatlar qanday bo‘lishini hech birimiz bilmaymiz. Ilgari Rossiya bu mamlakat hududini aylanib o‘tadigan quvurlar qurilishiga bor imkonini ishga solib, to‘sqinlik qilgan bo‘lsa, endi u Transkaspiy quvuri qurilishi hech qachon amalga oshmasligi uchun istalgan choralarni ko‘radi. Bundan nafaqat Qozog‘iston, yana Turkmanistonga ham zarar yetadi, kelgusida o‘sha quvur orqali o‘zbek gazini ham eksport qilish ko‘zda tutilgan edi.

Uchinchi masala – Rossiya biznesi. “Lukoyl” va “Gazprom” kompaniyalari Qozog‘istonda, O‘zbekistonda, hatto Turkmanistonda ham juda faol. Umuman, Rossiya va bu mamlakatning energetika kompaniyalari Ukrainada yuz berayotgan voqealardan moliyaviy zarar ko‘radi, uning taʼsiri Markaziy Osiyoga ham tegmay qolmaydi, chunki “Lukoyl” va “Gazprom” Markaziy Osiyo mintaqasidagi neft va gaz sektoriga ko‘p million dollarlik investitsiyalar kiritmoqda va loyihalarni amalga oshirmoqda. Agar ularning moliyaviy mablag‘lari tortilib qolsa, Markaziy Osiyodagi gaz va neft qazib olish hajmlarini kengaytirish, modernizatsiya qilish va ko‘paytirish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Bunga endi texnologiyalarni ham qo‘shing. Texnologiyalar neft va gaz qazib olish sohasini rivojlantirishning eng nozik komponentlaridan biridir, ularni Rossiya ishlab chiqarmaydi, Rossiya ham ularni import qiladi. Texnologiyalar neft va gazni qazib olish, tashish yoki qayta ishlash uchun o‘ta muhim hisoblanadi, binobarin, tabiiyki, o‘rta va uzoq istiqbolda markaziy osiyoliklar ham zarar ko‘radi.

Energetika resurslarini eksportga yetkazib berish bilan bog‘liq yana bir masala bor. Agar biroz istiqbolga, qisqa muddatli yoki o‘rta muddatli istiqbolga qaralsa, Rossiya energetika resurslarining Yevropaga eksport qilinishi taxmin etilgan bir yoki katta qismi Sharqqa yo‘naltirilishini tushunamiz. Sharq deganda birinchi navbatda Xitoy ko‘z oldimizga keladi. Bu Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekiston neft yoki gazi uchun narx hosil bo‘lishiga taʼsir ko‘rsatadimi? Energetika resurslarimiz eksporti byudjetga tushadigan daromadlarning eng muhim qismlaridan biridir. Turkmanistonning ham katta rejalari bor. Bilishimizcha, Xitoyga gaz eksport qilishni ko‘paytirish uchun 4-gaz quvuri tortilayotgan ekan. Bu nima bo‘ladi, shu o‘rinda nimani bashorat qilishimiz mumkin? Bu Markaziy Osiyodan Xitoyga eksport qilinayotgan energetika resurslari  narxlariga taʼsir etadimi, Xitoy Markaziy Osiyodan import qilayotgan gaz hajmini qisqartiradimi?

Birinchi savolingizga javob bersam, menimcha, bu bahoga qattiq taʼsir ko‘rsatmaydi, chunki neft bahosi jahon bo‘ylab bir xil.  6 – 8 oydan so‘ng gazning bahosi ham neftning narxi ortidan ergashadi. Yaʼnikim, agar neftning narxi ko‘tarilsa, oradan 6 – 8 oy o‘tib, gazning narxi ham oshib boradi, aksincha, neftning dunyodagi narxi tushadigan bo‘lsa, gaz narxi ham pasayadi.

Umuman olganda, Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tuzgan ikki tomonlama shartlari boshqacha yondashuvni ko‘zda tutadi. Birinchidan, energetika resurslarining umumjahon bahosi Markaziy Osiyodan Xitoyga eksport qilinayotgan gaz va neft bahosi oshishi yoki kamayishini belgilab beradi. Ikkinchidan, tabiiyki, Bu Xitoy bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning o‘ziga xosliklaridir. Yaʼnikim, xitoyliklar investitsiyalarini hozirgina siz eslab o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” infratuzilmasiga qaytaradi, bu ham Xitoy Markaziy Osiyo respublikalariga to‘layotgan pul miqdoriga taʼsir ko‘rsatadi. Buning maʼnosi shuki, Rossiya, Ukraina va Yevropa o‘rtasidagi mojaro Markaziy Osiyodan Xitoyga yetkazib berilayotgan energetika resurslarining narxi hosil bo‘lishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri juda kam taʼsir ko‘rsatadi. Savolning birinchi qismiga javob mana shu. Ikkinchi qismi nima edi?

Hajmlar qisqarishi yoki qisqarmasligi haqida so‘ragan edim.

Umuman, hajmlar qisqarmaydi, chunki neftga kelsak, Qozog‘iston neft quvuri orqali Xitoyga yetkazib berayotgan 10 mln barrel unga kerak bo‘ladi. Markaziy Osiyodan Xitoyga yetkazib berilayotgan gaz, asosan, Xitoyning g‘arbiy mintaqalarini ehtiyojlarini qoplaydi. Quvur infratuzilmasining Xitoy import qilayotgan gaz yoki neftning umumiy hajmiga nisbatan ustunligi bor, yaʼni bozorning energetikamiz qoplab berayotgani qismini boshqalar qoplay olmaydi. Xitoy uchun yagona muqobil Rossiyadir.  Agar Yevropa Rossiyadan neft bilan gazni kamroq sotib ola boshlasa, Rossiya quvurlar yo‘nalishini o‘zgartirishi mumkin. Ushbu mamlakat hukumati anchadan buyon Xitoyga ulkan hajmda neft va gaz yetkazib berishni rejalashtirayotgan edi. Mana shu o‘rinda biz bilan Rossiya o‘rtasida raqobat yuzaga keladi. Lekin buning uchun Rossiyaga o‘zi ancha yillardan beri juda sekin qurayotgan infratuzilma kerak bo‘ladi, shuning uchun yaqin yillarda bunday raqobatdan xavfsiramasa ham bo‘ladi.

Keling, suhbatimizga yakun yasaylik. Umumlashtiradigan bo‘lsak, Markaziy Osiyo mintaqasidagi energetika xavfsizligini qanday ko‘ryapsiz?

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Markaziy Osiyo mintaqasidagi energetika xavfsizligi darajasi unchalik yuqori bo‘lmaydi. Lekin shu bilan birga, hozirgi kunda yuritilayotgan siyosat energetika tizimida qandaydir uzoq muddatli inqirozli vaziyatlarning oldini olishga yordam bermoqda. Hukumatlar infratuzilmani imkon qadar modernizatsiya qilish, yangilashga intilmoqda. Lekin keng qamrovli modernizatsiya, tabiiyki, ulkan mablag‘ talab etadi, Markaziy Osiyo mamlakatlarining bunday mablag‘i yo‘q. Ayni choqda Qozog‘istonda tiklanadigan energetika manbalariga o‘tilayotgani, gidroenergetikani rivojlantirish istiqbollari va unga qiziqish, yangi neftni qayta ishlash inshootlari, yangi issiqlik elektr stansiyalari qurilayotgani muayyan umid uyg‘otadi. Lekin inqirozlardan qochib qutulib bo‘lmaydi. Fikrimcha, mamlakatlarimiz zararni kamaytira va energetika sohasidagi uzoq muddatli inqirozning oldini ola biladi.

Muallif: Ruslan Izimov