Markaziy bank 2022 yil 2- chorak natijalarini aks ettirgan uy-joy bozori sharhini chop etdi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, aprel-iyun oylarida ikkilamchi bozorda narxlar so‘mda 2%ga, dollarda 6,2%ga o‘sgan. Birlamchi bozordagi narxlar chorak davomida 2,4%ga qimmatlagan. Eʼtiborlisi, o‘tgan davrda uy-joy eng arzon bo‘lgan Namangan (+26,0%), Sirdaryo (+23,9%) va Qoraqalpog‘istonda (+22,3%) narxlar yuqori surʼatlarda oshgan. Ayni damda birlamchi bozorda eng arzon uylar Xorazm viloyatida, eng qimmat uylar Toshkent shahrida bo‘lib qolmoqda. Oxirgi iyun oyida narxlarning o‘sishi deyarli barcha hududlarda to‘xtagan.
Urush oqibatlari o‘laroq, Rossiya va Belarusdan kelayotgan mutaxassislar hisobiga ijara narxlari ko‘tarilishda davom etgan. Ijaraning dollardagi indeksi mayda 1,7%ga, iyunda 2,1%ga yuqorilagan.
Umumiy aytganda, uy-joy bozorining faolligi yuqori darajada qolmoqda. Bitimlar tarkibida eng qimmat segment – yer bozori ulushi ham yuqorilab bormoqda.