Iqtisodiyot fanlari doktori, professor.Barnogul Sanakulova:
Qoraqalpog‘istonda bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatni yanvar oyida Qozog‘istondagi voqealardan biz saboq chiqarishimiz, diqqat bilan bu “sxema”ni o‘rganib, tegishli tadbirlarni amalga oshirishimiz kerakligini va aynan shu “sxema” birinchi Qoraqalpog‘istonda ishlatilishi mumkinligini yozgandim, negadir o‘shanda mendan aynan shu postni o‘chirish iltimos qilingan edi, ming afsuski haq bo‘lib chiqdim!
Bugungi bayonot to‘g‘ri qabul qilindi, ammo muammo yechilmadi, faqatgina “portlashi sekinlashtirilgan bomba” rejimiga o‘tkazildi, xolos. Qachon portlashini esa Qoraqalpog‘istonga maxsus ekspertlar guruhi tashlanib, aholi “kayfiyati va holati” ichidan jiddiy analitika qilinsa, o‘rganilsa portlash vaqtini ham prognoz qilsa bo‘ladi…
Bugungi holatdan shaxsan o‘zim uchun chiqargan xulosalarim:
- 1. Konstitutsiyaviy islohotlar chuqur tadqiqotlar va analitikasiz boshlangan. 71, 72, 74, 75 moddalarga o‘zgartirish kiritish taklifini berganlar risklar tahlilini amalga oshirmagan, antikrizis jarayonlar uchun ssenariylar tayyorlanilmagan. “Bo‘ldi tushundik, bu moddalarni o‘zgartirmaymiz” deyish uchun hech qanday tahlil va katta miya shartmas aslida.
- 2. Konstitutsiyaviy islohotlarga nisbatan xalq kayfiyati tadqiq etilmayapdi, demak, bunday analitika yuritilganda edi, reformatorlar bunday qaltis “taklif”ni olg‘a surishmagan bo‘lar edi. Qoraqalpoqdagi holat bugun istalgan hududda yuz berishi mumkin, chunki birlamchi ehtiyoj manbalari bo‘lgan gaz, suv, elektr energiya, soliq tizimidagi “yangilik”lar, kundan kun kambag‘allashib, moliyaviy ahvoli og‘irlashayotgan, ishsizlik, pandemiyadan keyingi ruhiy tushkunlik kayfiyati fonida bunday holatlarni tashkil qilish ancha oson va arzon.
- 3. Qoraqalpog‘istondagi hozirgi hukumat elita bo‘lib olib, o‘z xalqidan ancha uzoqlashgan, haqiqiy lider pozitsiyada emas ekan, xalq ergashadigan va gapini eshitadigan kuchga ega emasligi ko‘rinib qoldi, islohotlarni to‘g‘ri yetkazib bera olmagani, 73 modda o‘zgartiriladigan moddalar orasida aslida yo‘q ekanligini hatto tushintira olmadi. Demak yosh vatanparvar, yigit qizlarga stavka qilib, yangi chehralarni maydonga olib kirish kerak. Namoyishga chiqqanlarning deyarli barchasi yoshlar, demak liderlarni yoshlarni ichidan olish kerak. Prezidentning taʼkidlashicha, bu o‘zgarishlar aynan mahalliy hukumatning taklif – hohishi bo‘lgan, demak bu hukumat o‘z xalqini xohish istagidan bexabar. Xalqdan uzoqlashgan.
- 4. Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish muddatlarini cho‘zish, xalq ishonchini bu islohotlarga nisbatan oshirish kerak. Aks holda, salbiy effekt berishi hamda hududlarda ko‘tarilishlar boshlanishi mumkin.
- 5. Bugungi amalga oshirilayotgan islohotlar yo‘l yo‘lakay, oxirigacha o‘ylanmagan, ishlanmagan, strategik jihatdan turli risklar tahlili amalga oshirilmagan, natijaviga asoslanmagan tarzda amalga oshirilayapdi ekan. Buni oxirgi vaqtlarda qarorlar qabul qilinib, keyin to‘xtatilishi, yoki nomaʼlum muddatgacha muzlatilishidan guvoh bo‘lish mumkin.
- 6. Prezident imidjini ko‘tarishda o‘ta mayda chuyda “xod” larga stavka qilinishi orqali aksincha imidjni salbiy tomonga og‘ishiga olib kelmoqda. Buni tonirovka, amalda ishlamaydigan shartlar asosida turli “imtiyozlar” paketini eʼlon qilinishlari, tvitter, tik tokni ochilishi… Aslida bu masalalar prezident darajasida hal qilinishi, prezidentning siyosiy irodasi talab etiladigan muammolar emas!
- 7. Hukumatda, aynan prezident atrofida oxirigacha uylanmagan, siyosiy ishlov berilmagan, krizisli holatlarni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan, shunday holat yuzaga kelganda yechim bera olmaydiganlar ko‘p va eng tahlikalisi ularga quloq solishlari ekan.
Nima qilish kerak?
- 1. Ishsiz yoshlar bilan jiddiy ishlash kerak joylarda, hokimlarni baland parvoz yolg‘on hisobotlariga umuman ishonmaslik, hududlardagi ishsizlik holatini aniqlashda ko‘ngillilar maʼlumotlarini o‘rganish liniyalarini ochish, shu orqali jamoat nazoratini o‘rnatish, hududlarning haqiqiy iqtisodiy kartinasini chizib olish kerak.
- 2. Hududlarda xalq ichidan chiqqan yosh aktivistlarga stavka qilish, ularni tizimli tayyorlash, Qoraqalpog‘iston “keysi” misolida, shunday holat yuz berganda bu aktivistlar o‘zini qanday tutishi, xalqni ichiga kirib borishi, fitna o‘choqlarini aniqlash retsepturasini ularni miyasida shakllantirib qo‘yish kerak. Ularga sheʼr, qo‘shiq, baland parvoz gaplarni yodlatish emas, ularni polit texnika usullariga tayyorlash lozim. Bunday o‘quv mashg‘ulotlari hech qayerda o‘tkazilmaydi bizda (maxsus xizmatlardan tashqari).
- 3. Konstitutsiyaviy komissiya tarkibi qayta ko‘rib chiqilishi, shu kunga qadar “proval” bo‘lgan “islohotlar” ni mualliflarini hammasiga javob berish, komandadan ketkazish kerak. Ular bunday takliflarni berish orqali strateg emasligi yoki prezident imidjini tushirishga harakat deb baholanishi kerak.
- 4. Referendum orqali bu masalaga uzil kesil nuqta qo‘yilish masalasi kun tartibida bo‘lishi kerak. Aks holda bu “portlashi sekinlashtirilgan bomba” rejimida qolish bilan birga, tashqi kuchlarga “foydali” fakt bo‘lib qolaveradi. Vaqt omilida esa Qoraqalpoqning o‘z aktivistlari, ilm ahli, haqiqiy liderlari orqali mustaqillik ularga aslida hech qanday naf bermasligini, iqtisodiy moliyaviy, ekologik va territorial faktlar nuqtai nazaridan olganda ular foydasiga ishlamasligi, tashqi kuchlarga moliyaviy qaramligi ularni alal-oqibat qashshoq hududga aylantirishi, tinchlik buzilishi, mavhum kelajak kutishi, real hisob kitoblar, faktlar, keyslar bilan tushuntirilib, targ‘ibot tadbirlariga start berilishi kerak.