Antimonopoliya qo‘mitasi avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari metan gazi narxlarini sunʼiy ravishda oshirgan taqdirda ularga qarshi chora ko‘rish bilan tahdid qilmoqda.
Agar chakana sotuv, yaʼni gaz quyish shoxobchalari monopol yoki oligopol mavqega ega bo‘lganida bu bayonotlarni qo‘llab-quvvatlash va olqishlash lozim bo‘lardi.
Lekin O‘zbekistonda gaz shoxobchalari mutlaqo bozor sharoitida ishlaydi. Bozorning yagona yoki bir nechta egasi yo‘q. Chakana narxlar talab va taklifga qarab erkin shakllanadi (dangaliga aytganda, gaz narxlari oshishini bekor qilish bo‘yicha hukumat qarori 14 iyul qoq yarimtunda emas, sal ertaroq eʼlon qilinganida shu mashmasha – narxlar oshdi degan mish-mishlar ham bo‘lmasdi).
Unda nega antimonopoliya gaz shoxobchalariga dag‘dag‘a qilayapti? Chunki qo‘mitaning kuchi faqat shularga yetadi. Ishlayotgani, mavjudligini qandaydir tarzda oqlab turishlari kerak-ku.
Lekin masalan, narxi birjada 17,5 mln so‘mga, viloyatlarda 18-20 mln.so‘mga chiqqan dizel bo‘yicha qo‘mita lom-lim demaydi, deya olmaydi. Vaholanki, aynan dizel yoqilg‘isi barcha zanjirlarda mutlaqo monopollashtirilgan va hozir ochko‘z monopoliyatlar, ularning biri 4 mlrd.dollarlik Uzbekistan GTL, ikkinchisi esa importni egallab olgan yana bir cho‘ntak moliyaviy guruh vaziyatdan foydalanib narxlarni oshirmoqda. O‘zavtomotors bilan kurashib changga aylanishiga sal qolgan qo‘mita Uzbekistan GTL yoki oligarxiyaga qarshi kurashadimi? Yo‘q, albatta.
Buning uchun shakar, un narxlari bilan bo‘lganidek avval yuqoridan “Fas” degan siyosiy topshiriq bo‘lishi kerak. Shundagina qimirlashni boshlashadi. Hozircha esa bunday topshiriq yo‘q.