“Jahon konstitutsiyalarida xotin-qizlar huquqlari to‘g‘risidagi qoidalarning aks etishi” mavzusidagi xalqaro davra suhbati tashkillashtirildi.
Jamoatchilik eshituvining maqsadi – O‘zbekiston va xorijiy davlatlalarning ayollar, xotin-qizlarning qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoyalash, sohaning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini rivojlantirish borasidagi tajribasi borasida o‘zaro fikr almashish hamda shu asosda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasiga tegishli takliflar ishlab chiqish.
Ishtirokchilar so‘nggi yillarda gender tenglik masalasi O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini alohida eʼtirof etdilar. Bunda, avvalambor, mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini har tomonlama taʼminlash masalalariga oid 40dan ziyod normativ-huquqiy hujjat, xususan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” va “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi muhim yangi qonunlar qabul qilindi. O‘zbekiston xotin-qizlarni kamsitish va taʼqib qilishning barcha shakllaridan huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya qilishni nazarda tutuvchi barcha asosiy xalqaro shartnomalarga qo‘shildi.
Mehnat kodeksi va boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlariga xotin-qizlar uchun taqiqlangan kasbiy faoliyat sohalarini qisqartirish, qonunchilikdagi gender-assimetrik qoidalarni bartaraf etishga qaratilgan qo‘shimchlara va o‘zgartirishlar kiritildi. Muhimi, ushbu qonunlarni ishlab chiqishda BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Aholishunoslik jamg‘armasi, Bolalar jamg‘armasi, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy Komissar boshqarmasi, Xalqaro migratsiya tashkiloti va Xalqaro mehnat tashkiloti kabi BMT tuzilmalari mutaxassislari ishtirok etdilar.
Shuningdek, 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, 2030 yilga qadar O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasi, Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning qabul qilinishi ushbu sohaning huquqiy asoslarini tubdan mustahkamladi va tegishli tizimli faoliyatni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda.
Xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashning institutsional asoslari yana-da mustahkamlandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni taʼminlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, Oliy Majlis Senatida alohida qo‘mita, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi yangitdan tashkil etildi va faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rnini kuchaytirish, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, bandligini taʼminlash, daromadlarini ko‘paytirish, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, «Ayollar daftari» bilan manzilli ishlash, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish, oila asoslarini yana-da mustahkamlash kabi masalalarni xal etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar, dasturlar va tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, mutasaddi tashkilotlar tomonidan xotin-qizlarning muammolari o‘z vaqtida bartaraf etilishi ustidan samarali jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jamoatchilik eshituvida bugungi kunda O‘zbekiston boshqaruv tizimida ayollar ulushi 33 foizga yetgani, 81 ta vazirlik va idorada ilg‘or va bilimli ayollardan iborat 15 ming nafardan ortiq kadrlar zaxirasi shakllantirilgani alohida eʼtirof etildi. Tashkilot va korxona raxbarlarining o‘rtacha 45,3 foizi – ayollardir. Xotin-qizlar sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sohalarda faoliyat yuritayotganlarning 82 foizini, fan, taʼlim, madaniyat, sanʼat sohasida 72, qishloq xo‘jaligida 45, tadbirkorlik subyektlarining 29 foizini tashkil etadi.
“Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmaydi” degan tamoyil asosida birgina 2021 yilda 900 mingga yaqin xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik yordamlar ko‘rsatildi. 18 mingta ayollarga uy-joy xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar ajratildi. Boquvchisini yo‘qotgan ayollarning farzandlari uchun bog‘cha xarajatlarini byudjetdan qoplash tartibi joriy etildi. Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2 trillion so‘mdan ziyod kredit va subsidiyalar ajratildi. Natijada 320 mingdan ortiq xotin-qizlar doimiy ish va daromadga ega bo‘ldilar, ayol rahbarlar boshqaruvidagi kichik korxona va mikrofirmalar soni 36,4 mingdan ortdi. Ularning sof daromadi 2020 yilga nisbatan 7 trln so‘mga oshib, 22,6 trln so‘mni tashkil etdi.
O‘zbekiston ushbu sohada samarali xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yganligi ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, “Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi BMT Konvensiyasi (CEDAW), Vena deklaratsiyasi, Pekin deklaratsiyasi va harakatlar platmormasi doirasida BMTning tegishli konvensiyaviy tashkilotlariga xalqaro majburiyatlarining ijrosi yuzasidan davriy (jriy yilda – oltinchi) hisobotlarini taqdim etib kelmoqda.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari va erishilgan marralar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT, Parlamentlararo ittifoq, Jahon banki tomonidan alohida eʼtirof etilmoqda. Ayollar, biznes va qonun indeksida O‘zbekiston 2020 yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizi, Senat aʼzolarining qariyb 25 foizini xotin-qizlar tashkil etgani xolda, parlamentdagi xotin-qizlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta milliy parlamentlar o‘rtasida 37-o‘ringa ko‘tarildi. “Siyosatdagi ayollar” jahon reytingida 45–o‘rinni egalladi.
Jamoatchilik eshituvi ishtirokchilari O‘zbekistonda erishilgan marralarni eʼtirof etgan holda, sohaning konstitutsiyaviy-huquqiy asosini yana-da mustahkamlash xozirgi davr, zamonamizning talabi ekanligini alohida taʼkidladilar. Xususan, xotin-qizlar va erkaklarning barcha iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquqlardan foydalanishda teng huquqliligini taʼminlash, tashkilot yoki korxona tomonidan jinslar o‘rtasidagi kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish, xotin-qizlarni har qanday zo‘ravonlikdan himoya qilish va ularning oila hamda mehnat vazifalari o‘rtasida muvozanatni saqlashda muammoli holatlar xanuz uchrab turgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu esa, xotin-qizlar huquqlarini konstitutsiyaviy asosda belgilashni taqozo etadi.
Ishtirokchilar, shuningdek, 1990-2015 yillarda dunyo mamlakatlarida amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlarda ishtirok etgan xotin-qizlar ulushi 19%ni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilda ushbu ko‘rsatkich 26%ga yetganiga eʼtibor qaratdilar. Shu maʼnoda konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirilishida quyidagi ikki omilga:
birinchi omil, islohotlar natijasida xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoyasining kuchaytirilishi;
ikkinchi omil, ayollar, xotin-qizlar, ularning jamoat birlashmalarining konstitutsiyaviy islohotlardagi ishtirokiga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladilar.
Jumladan, O‘zbekistonning amaldagi Konstitutsiyasi 18-moddasida “barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida teng”ligi, 46-moddasida esa “xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli”ligi belgilab qo‘yilgan holda, Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi quyidagi yangiliklarning ahamiyati alohida ko‘rsatib o‘tildi.
Birinchi guruh yangiliklari, Konstitutsiya Muqaddimasida o‘z aksini topgan:
• xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalari ustuvorligini eʼtirof etilishi;
• har bir insonning shaʼni va qadr-qimmati, farovonligi hamda manfaatlari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladigan, insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etish hamda mustahkamlashning maqsad qilib olinishi;
• demokratiya g‘oyalariga, ijtimoiy adolat, erkinlik va tenglik kabi qadriyatlarning mustahkamlab qo‘yilishi.
Ikkinchi guruh yangiliklar, Konstitutsiya 37-moddasining yangi tahririda namoyish bo‘ladi:
• har kim munosib mehnat qilish, erkin kasb tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitilishlarsiz va belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga egaligi;
• mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning o‘zi va oilasi yashashi uchun yetarli bo‘lishi kerakligi;
• homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi;
• har bir ishlovchi ayol homilador bo‘lgan taqdirda va tug‘ish davrida haq to‘lanadigan taʼtilga hamda yangi tug‘ilgan chaqaloqni parvarish qilish uchun taʼtilga yoki bolani farzandlikka olish uchun taʼtilga chiqish huquqiga ega ekani belgilab qo‘yilmoqda.
Natijada ayollarning huquq va imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirilishiga erishiladi.
Uchinchi guruh takliflarni Konstitutsiya 63-moddasi yangi tahririda ko‘rish mumkin:
• oila jamiyatning tabiiy va asosiy bo‘g‘ini, aholini saqlab qolish hamda ko‘paytirish negizi sifatida jamiyat va davlatning alohida muhofazasi ostida bo‘lishi;
• nikoh ayol va erkakning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanishi;
• davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratishi hamda ko‘p bolali oilalarga qonunga muvofiq imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar berishi mustahkamlanmoqda.
Jamoatchilik eshituvi ishtirokchilari ushbu vazifalar va Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi “ijtimoiy davlat qurish”ga qaratilgan boshqa yangiliklar ham Yangi O‘zbekiston gender tenglikni taʼminlash siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga mosligini taʼkidladilar.
Bir paytning o‘zida, xalqaro jamoatchilik eshituvi ishtirokchilari xorijiy davlatlar Konstitutsiyalarida gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoyalashga oid, hususan quyidagi qo‘shimcha normalar ham mavjudligiga eʼtibor qaratdilar:
• ayollar hayotning barcha jabhalarida, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ijtimoiy va oilaviy hayotda erkaklar bilan teng huquqlarga egaligi, davlat xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishi, erkaklar va ayollarga teng mehnat uchun teng haq to‘lash tamoyilini qo‘llashi;
• erkaklar va ayollar oilada, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy hayotda hamda taʼlim, mehnat hamda ijtimoiy taʼminot, davlat mukofotlarini olishda teng huquqlarga egaligi;
• har bir ayol to‘liq va teng insoniy qadr-qimmatga egaligi, bu siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy faoliyatda teng imkoniyatlarni o‘z ichiga olishi, ayollar bolalarning vasiyligi va homiyligi bo‘yicha erkaklar bilan bir xil huquqlarga egaligi va Parlament bu huquqlarning amalga oshirilishini qonun bilan tartibga solishi hamda Konstitutsiyada mustahkamlangan ayollar huquqlarini buzadigan barcha qonunlar, urf-odatlar, madaniy amaliyotlar huquqbuzarlik sifatida eʼtirof etilishi;
• ayollarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllari bekor qilinishi, ularning majburiy mehnatidan foydalanish taqiqlanishi, erkaklar va ayollar barcha sohalarda, ayniqsa nikoh va oilaviy munosabatlarda teng huquqlarga egaligi va nikoh o‘zaro rozilik va monogamiya shartlari tamoyillari asosida belgilanishi;
• davlat xotin-qizlarning farovonligi va huquqlarini himoya qilishga intilishi zarurligi;
• ayollarni jinsi yoki nikohiga qarab kamsituvchi har qanday qonun maqomi o‘z kuchini yo‘qotishi, ayollarni kamsituvchi xatti-harakatlar, xususan, jinsiy haqorat qilish, bezorilik va zo‘ravonlik yoki kuch ishlatish, ishda, biznesda va jamoat ishlarida kamsitish hamda mulkdan, jumladan, meros orqali olingan mulkdan mahrum qilish taʼqiqlanishi;
• har bir ayol xavfsiz onalik va reproduktiv salomatlik huquqiga egaligi hamda diniy, ijtimoiy, madaniy anʼanalar, urf-odatlar yoki boshqa sabablarga ko‘ra jismoniy, ruhiy, jinsiy zo‘ravonlikga duchor bo‘lishi mumkin emasligi va bunday qilmish qonun bilan jazolanishi va jabrlanuvchi qonunga muvofiq tovon undirishga haqliligi, ayollar ijobiy diskriminatsiya asosida taʼlim, sog‘liqni saqlash, ishga joylashish va ijtimoiy taʼminot sohasida alohida imkoniyatlar olish huquqiga ega bo‘lishi kerakligi.
Jamoatchilik eshituvlari ishtirokchilari, milliy va xorijiy konstitutsiyaviy rivojlanish qonuniyatlarini qiyosiy o‘rganish asosida Konstitutsiyaviy komissiyaga otin-qizlar huquqlarini taʼminlash, ushbu sohadagi xalqaro standartlarga muvofiq ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha quyidagi taklif va tavsiyalarni bildirdilar:
Birinchi taklif: xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan normalarni Konstitutsiyaviy qonun loyihasida aks ettirish masalasini ko‘rib chiqish, xususan, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 46-moddasiga xotin-qizlar va erkaklar mehnatiga teng haq to‘lash, oilada va oilaviy munosabatlarda ayollar va erkaklar huquqlarining tengligini taʼminlash kabi prinsiplarni kiritish.
Ikkinchi taklif: O‘zbekiston Konstitutsiyasining 25-moddasiga davlat xotin-qizlarni har qanday zo‘ravonlikdan himoya qilishi va xotin-qizlarning oila va mehnat vazifalari o‘rtasida muvozanatni saqlashini taʼminlash, xotin-qizlar kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmasligiga qaratilgan normalarni aks ettirish.
Uchinchi taklif: davlat xotin-qizlar va erkaklarning barcha iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquqlardan foydalanishda teng huquqliligini taʼminlashi va shu maqsadda har qanday shaxs, tashkilot yoki korxona tomonidan jinslar o‘rtasidagi kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish uchun tegishli choralarni ko‘rishini konstitutsiyaviy norma sifatida belgilab qo‘yish.
To‘rtinchi taklif: ayollar va erkaklarga taʼlim olish, kasb-hunar o‘rgatishda, mehnatda va mansab pag‘onalarida ko‘tarilishida (ishda), iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy-madaniy va boshqa faoliyat sohalarida teng imkoniyatlar, shuningdek, ularning mehnati va sog‘lig‘ini muhofaza qilish uchun shart-sharoitlar yaratish.
TADBIR 2022 yil 20 iyul kuni Konstitutsiyaviy komissiya, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Davlat va huquq instituti tomonidan BMTning vakolatxonasi hamda YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ko‘magida tashkil etildi.