Ushbu suhbatimizda mehmonimiz professor Rustam Burnashev bilan Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi noroziliklar tabiatini muhokama qilamiz. Mintaqamizdagi noroziliklar tez-tez sodir bo‘layotgani nimadan dalolat beradi – bu inqirozmi yoki institutlar yetishmovchiligimi? Nima uchun bizga blogerlar, qurultoylar yoki boshqa muqobil soxta vakilliklar emas, reprezentativ (ko‘pchilikni tamsil etuvchi) institutlar, mustaqil ekspertiza va erkin OAVlar kerak? Qoraqalpog‘istondagi noroziliklar Qozog‘iston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarga qanday taʼsir ko‘rsatishi mumkin? Ostona bilan Toshkent noroziliklar bilan bog‘liq ichki siyosiy faollik susaymayotgan paytda qandaydir real iqtisodiy ittifoq tuza olishi mumkinmi? Nega etnik qurilishning yevropacha modelini bizda qo‘llab bo‘lmayapti?
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari norozilik keskin o‘sishiga duch keldi. Joriy yil yanvarida Qozog‘istonda jiddiy ichki siyosiy inqiroz yuz berdi va u ko‘p kishilar, jumladan, tinch aholi vakillari umriga zomin bo‘lgan fojiali voqealarga aylanib ketdi. Bahorda Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida (TBMV) noroziliklar faollashdi, u yerda, mutaxassislar bahosiga ko‘ra, markaziy hukumat keskin tozalash ishlarini olib bormoqda hamda mahalliy demokratiya orollarini va aholining tanlash erkinligini yo‘q qilmoqda. Iyul boshida Qoraqalpog‘iston Respublikasida qo‘qqisdan hukumatga qarshi norozilik aksiyalari o‘t olib ketdi. Respublikada favqulodda holat joriy etildi va qurbonlar bor. Qirg‘izistonda esa noroziliklar oddiy ishga aylanib qolgan, u yerda ommaviy norozilik aksiyalari oqibatida hokimiyat bir necha marta o‘zgardi.
Ayni choqda Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi noroziliklar tabiatining o‘xshash jihatlari ham va jiddiy farqlari ham bor. Mintaqadagi noroziliklarni jamiyatlarimizdagi hokimiyat sovet prinsipiga ko‘ra mustahkamlanishi, uning jamiyatdan o‘zini olib qochishi va jamiyatni yopiq va elita tuzilmalari boshqarishi birlashtirib tursa kerak. So‘nggi paytlarda bunday manipulyatsiya (o‘z aytganini qildirish uchun ruhiy taʼsir o‘tkazish) zamonaviy texnologiyalar, blogerlar va saroy mafkurachilari yordamida amalga oshirilmoqda. Bular barchasi hokimiyat bilan jamiyat o‘rtasida muloqotni borday qilib ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Aslida esa o‘rtadagi jarlik kattarib bormoqda, tez-tez yuz berayotgan noroziliklar ham shundan dalolat beradi.
Toki faol siyosiy maydon, odamlarning, jamoalarning, partiyalar yoki g‘oyalarning siyosiy raqobati bo‘lmas ekan, har bir demokratiya to‘nini kiyib ishga kirishgan hokimiyat o‘z umrini qo‘lidagi bor usullar bilan uzaytirishga harakat qilishiga guvoh bo‘laveramiz. Ijtimoiy fikrni boshqarishga urinishlar, turli referendum o‘tkazish va konstitutsiyaga o‘zgartish kiritishlar – bu tajriba Rossiyadan O‘zbekistongacha yig‘ilib bormoqda – oldindan hisobga olinmagan oqibatlarga olib kelmoqda.
Markaziy Osiyo jamiyatlarida norozilik kayfiyatiga qanday omillar taʼsir ko‘rsatadi? Nima uchun bizga blogerlar, qurultoylar yoki boshqa muboqil soxta vakilliklar emas, reprezentativ (ko‘pchilikni tamsil etuvchi) institutlar, mustaqil ekspertiza va erkin OAVlar kerak? Qoraqalpog‘istondagi noroziliklar Qozog‘iston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarga qanday taʼsir ko‘rsatishi mumkin? Ostona bilan Toshkent noroziliklar bilan bog‘liq ichki siyosiy faollik susaymayotgan paytda qandaydir real iqtisodiy ittifoq tuza olishi mumkinmi?
Ushbu savollarga Markaziy Osiyoda xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert Rustam Burnashev javob beradi.
Biz joriy yilda bunday norozilik chiqishlarini Markaziy Osiyoda: yanvarda Qozog‘istonda, keyinroq Tojikistonning TBMVda va Qoraqalpog‘istonda ko‘rdik. Hali ham yaqin o‘tgan yillarda Belarusda va Qirg‘izistonda yuz bergan noroziliklar ayrim ekspertlarning esida bor. Ularning o‘xshash va farqli jihatlarini nimalarda ko‘ramiz? Imkoni bo‘lsa, ularni bandma-band va sinish chiziqlariga ko‘ra so‘zlab bersangiz.
Mening fikrim bo‘yicha ularni o‘xshash noroziliklar deyish noto‘g‘ri va istiqbolsiz. Biz darrov umumlashtirishga intilamiz va shunga ko‘ra, bu umumlashtirish ushbu noroziliklarni tahlil qilmasdan, ularni tasniflash va umumlashtirishga urinishimizga aylanib ketadi. Qarashimchak, ushbu ziddiyatlarga asos bo‘lgan narsalar, sabablar va hokimiyatning ularga munosabati bir-biridan jiddiy farq qiladi. Ayni hol qandaydir umumiy jihatlarni topishimizga olib kelishi mumkin, ammo ular bu jarayonlar mohiyatini aks ettirmaydi. Mana, masalan, O‘zbekistonda yaqinda bz bergan voqealarni Qozog‘istonda yanvarda sodir bo‘lgan voqealar bilan vaziyat nuqtai nazaridan solishtiradigan bo‘lsak, ularni birlashtirib turadigan narsa faqat norozilik ekaninini aytishimiz mumkin. Ikkala holatda ham noroziliklar kelib chiqishini mutlaqo tasodifiy tadbir birlashtiradi. Va aytishimiz mumkinki, hokimiyatning noroziliklarga javobi qaysidir darajada o‘xshash edi – taassufki, Qozog‘istonda ham, O‘zbekistonda ham qurbonlar bo‘ldi – buni hokimiyatning taʼsiri yoki norozilik bildiruvchilarning aks harakati deyish mumkin, bu masala o‘ta jiddiy va ochiqligicha qolmoqda. Agar bu jarayonlarga chuqurroq kirib borsak, tafovutlar juda ko‘p ekanini ko‘ramiz. Ko‘zlangan maqsadlar ham boshqa, shiorlar ham boshqa. Masalan, Qozog‘iston haqida gapirsak, u yerdagi noroziliklarning asosiy shiori Qozog‘istondagi tuzumning siyosiy andozasini o‘zgartirishga yo‘naltirilgan edi. Agar O‘zbekistonning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi vaziyat haqida gapiradigan bo‘lsak, u yerdagi asosiy shior siyosiy tizimni o‘zgartirishga yo‘naltirilgani yo‘q. Hatto o‘sha yerdagi asosiy shiorni ajratib ko‘rsatish, norozilik bildiruvchilar nimani istayotganini aytish qiyin. Biz ular Qoraqalpog‘iston aholisi yaxshiroq hurmat qilinishini, manfaatlari masofadagi tuzilmalar orqali emas (hatto O‘zbekiston prezidenti aytishicha, Qoraqalpog‘istonning hokimiyat idoralari xalqdan uzoqlashib qolgan), bevosita hisobga olinishini istayapti, deb aytishimiz mumkin. Shuning uchun men bu ikki voqeani umumlashtirmoqchi emasman.
Rahmat. Mintaqadagi norozilikka chiqqanlarning umumiy aytmoqchi bo‘layotgan gapi nima? Bu juda kuchli markaziy hokimiyatga qaratilganmi? Biz nihoyat sovet va postsovet avtoritarizmidan so‘ng demokratlashamizmi, umuman olganda, avtoritarizmdan charchadikmi?
Aniq bir gap aytish qiyin. Ha, ikkinchi savolingizdagi gapingizga qo‘shilaman. Agar biror umumiy narsani topmoqchi bo‘lsak va faqat ushbu noroziliklarni tahlil qilish chegarasidan chiqishga harakat qilsak, shunday deyishimiz mumkin bo‘lar, men esa o‘zim yaxshi ko‘rgan mavzuga o‘tar edim. Bu siz birinchi savolingizda aytgan barcha mamlakatlarda hokimiyatning aholidan yoki vatandoshlardan o‘zini chetga olishiday umumiy tavsif mavzusiga o‘tishni aytyapman. Kimga qanday atama yoqsa, marhamat. Baʼzan “aholi” atamasini ishlatish vatandoshlarni shaxssizlantirish deyilayotganini, baʼzan esa, aksincha, “aholi” atamasini ishlatish kerak, chunki bu holda biosiyosat va biohokimiyat singari tahlil vositalari qo‘shiladi, degan gaplarni eshitib qolaman. Shunga qaramay, aholi bilan hokimiyat o‘rtasidagi masofa ushbu mojarolarni umumlashtirayotgan bo‘lishi, mana shu noroziliklarning, guvoh bo‘lib turganimiz aks harakatning (reaksiya) sababi va aynan mana shu masofa bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shunga ko‘ra, bu masofa hokimiyat darajasida qabul qilinayotgan qarorlar ish bermasligiga, muammolarni hal etmasligiga olib keladi, chunki ular davlat hokimiyat barpo etayotgani xayoliy makonda qabul qilinadi. Aholi esa boshqa makonda yashaydi. Bu ikki makon o‘zaro kesishmaydi. Mana shu yerda jiddiy muammo paydo bo‘ladi. Darvoqe, Qozog‘istonda ayni muammo haqida o‘ylab ko‘rilib, natijasi “Eshituvchi davlat” konsepsiyasi ko‘rinishida eʼlon qilindi. Ammo tushunamizki, “Eshitayotgan davlat” g‘oyasi zikr etilgan muammoni to‘liq hal etmaydi. U faqat nima ish qilish kerakligini belgilab beradi, chunki aholi ko‘tarayotgan masala, “gapimni eshitishsin, men qabul qilinayotgan qarorlarga taʼsir o‘tkaza olay va ushbu qarorlar aholining yo‘l-yo‘riqlarni hisobga olgan holda qabul qilinsin”, degan gaplardangina iborat emas.
Ayni holatda aholi aynan allaqanday demokratik jarayonlardan manfaatdor ekanini ishonch bilan ayta olmayman. Masalan, men arab dunyosini, ayniqsa, neftga boy arab monarxiyalarini tadqiq qilayotgan mutaxassislarga duch kelganimda, ular o‘sha monarxiyalar demokratiyadan juda uzoq ekanini, hatto u yerda demokratiyaga xos ritorikadan asar ham yo‘qligini aytadi. Shunga qaramay, u yerda monarxiya hokimiyatining vatandoshlar bilan o‘zaro harakati nafaqat tepadagilar, qolaversa, vatandoshlar manfaatlarini qatʼiy hisobga olishdan iborat qilib belgilangan. Shu o‘rinda qiziq model o‘rtaga chiqmoqda. Biz Yevropa siyosiy tizimi makonida ekanimiz sababli buni aholining demokratiyaga intilishi deb aytishimiz mumkin. Lekin ayni paytda shuni qayd etmoqchimanki, paternalizm (hokimiyat vatandoshlarning asosiy ehtiyojlarini qondirishi va evaziga vatandoshlar hokimiyatga xulq-atvor modellarini tiqishtirishishi ruxsat berishiga asoslangan munosabatlar tizimi), masʼuliyatni zimmaga olmaslik istagi, ayni paytda o‘z manfaatlarini hisobga olinadigan qilib amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishga o‘ta jiddiy talab bor.
Unda baribir maqbul formulani qidirish jarayonida ekanmiz-da? Bir tarafdan, siyosat yurgizish, yaʼni davlat hokimiyati, davlat idoralari, boshqa tomondan esa, jamiyatning fikrini va istaklarini to‘liq hisobga olish deganday…
Ha, qandaydir, izlam bor, bu yerda qandaydir izlam borligi haqida gapirishimiz mumkin, ammo demokratiya tamoyili va bu demokratiya tamoyilidir, deb uzil-kesil aytishday masʼuliyatni zimmamga olmayman.
Yaʼnikim, bu G‘arbda, turli mamlakatlarda qabul qilingan qandaydir demokratiya prinsiplari bo‘lishi shart emas, shundaymi? Keling, ushbu mavzuda gap ochilgandan so‘ng davlat bilan jamiyat o‘rtasidagi muloqot haqida biroz suhbatlashamiz, ammo ko‘rayotganimizdek, so‘nggi yillarda davlat ijtimoiy fikrni blogerlar orqali boshqarayotir. Ha, buni O‘zbekistonda ham ko‘ryapmiz, u bu mamlakatda Karimovning yopiq matbuoti o‘rnida ko‘pincha davlat boshqarayotgan, yaʼni tepadan boshqarilayotgan mubolag‘ali shamoyilga ham ega bo‘layotir. Bu hol qaror qabul qilayotgan kishilar uchun xavf tug‘diradimi? Chunki bu buzilgan va keragidan ortiq ijobiy manzara hosil qilmoqda. Siz bu o‘rinda qandaydir xavfni ko‘ryapsizmi?
Men O‘zbekiston axborot makonini baholashga tayyor emasman, chunki u bilan shug‘ullanayotganim yo‘q, taassufki, u yerda qanday noanʼanaviy ommaviy axborot vositalari, blogerlar, o‘zini jurnalist deb eʼlon qilganlar qanchalik kuch ekanini aytishga tayyor emasman. Bu savolingizga aniq javob berishim mushkul, menga o‘zim yashab turgan Qozog‘istondagi vaziyat yaqinroq va tushunarliroq, lekin O‘zbekistondagi vaziyatni baholashdan biroz chetga chiqib, masalaga umumiyroq nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsam, ha, xavf bor, xavf borligi shubhasiz, deb bemalol aytishim mumkin. Bu o‘rinda prinsipial xavf ijtimoiy tarmoqlarga ishonib, aholi (qarang, yana bu atamani ishlatyapmiz) haqida noto‘g‘ri tushuncha shakllangani bilan bog‘liq. Yaʼnikim, paydo bo‘lgan muayyan tasavvurga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan materiallar, qandaydir izohlar, qandaydir postlar aholining talablarini, qarashlarini aks ettiradi. Mening fikrim bo‘yicha, bu – mutlaqo noto‘g‘ri.
Gap shundaki, ijtimoiy tarmoqlar qamrovi juda notekis va butunlay o‘ziga xosdir, biz bu hodisa bilan jiddiy to‘qnash kelib turibmiz. Masalan, Ukrainadagi vaziyat, u yerdagi urush haqida gapira boshlasak va siz mendan qozog‘istonliklarning bu vaziyatga munosabati qanday, deb so‘rasangiz, men esa o‘zim hozir bo‘lgan noanʼanaviy media maydonlarida eʼlon qilinayotgan postlarga asoslanib, qozog‘istonliklar ommaviy ravishda urushga qarshi, Rossiya rahbariyatiga qarshi va ularning mavqesi shu, deb gapirsam, nima bo‘ladi? Ayni choqda kayfiyatim sal o‘zga, virtual do‘stlarimni tanlab olish butunlay boshqacha, ularning talablari o‘zgacha bo‘lganda, shunga ko‘ra, bu o‘zgarish, nazarimda, jiddiy bo‘lishi turgan gap edi, chunki o‘sha tarmoqlarda qatnashadigan har bir “bloger” faqat o‘z auditoriyasini shakllantiradi, uning auditoriyasi mutlaqo o‘ziga xos, shuning uchun, fikrim bo‘yicha, bunday blogerlar ko‘rsatmalariga tayanish nooqilona va tavakkalchilik bo‘lur edi. Baribir anʼanaviy axborot vositalari yoki tanlov andozasiga asoslanmagan – bunga Telegram‘ni misol qilib keltirish mumkin – ommaviy axborot vositalari ko‘proq foyda beradi, chunki ular axborotii faqat tanlangan auditoriyaga tarqatilmaydi va u yerda baho tanlab berilmaydi.
Nazariyotchilar ham institutlarni rivojlantirish zarurligi haqida gapirmoqda. Bugun siz bilan men gapirayotgan narsalar inqirozni anglatadimi yoki qandaydir institutlar yetishmasliginimi?
Ha, bu gapingizga, asosan, qo‘shilaman. Biz bu o‘rinda chindan ham institutlar faoliyati bilan bog‘liq muammolarga, institutsional tuzilmalar qanday tuzilgani va ular o‘z funksiyasini bajarishga qanchalik tayyor ekani muammosiga duch kelyapmiz. Ayni holatda O‘zbekistonda yuz berayotgan voqealarga qaytishimiz mumkin. Bu fojiali vaziyatda voqealarning sof institutsional formatini olib qaraydigan bo‘lsak, ko‘p jihatdan, aynan O‘zbekistondagi parlament institutlari zimmasidagi vazifalarni to‘liq bajarmagan, deb keskinroq ham aytsa bo‘ladi. Ajablanarlisi shundaki, g‘alati bo‘lsa ham, buni mojarodan so‘ng Nukusga ilk marta safar qilgan O‘zbekiston prezidenti Qoraqalpog‘iston parlamentiga (esingizda bo‘lsa kerak, Qoraqalpog‘iston – parlament respublikasi) murojaat qilayotib, ko‘rsatib o‘tdi. Uning gapidan so‘zma-so‘z iqtibos keltirishim qiyin, murojaatning mazmuni quyidagi so‘zlardan iborat: “Bu o‘zgarishlarni o‘zingiz taklif qilgan edingiz-ku, konstitutsiyaga o‘zgarishlarni o‘zingiz taklif qilgansiz, uni yoqlab ovoz bergansiz, aholining manfaatlarini hisobga olmasdan, shu ishni qilgansizlar”. Bu bilan parlament aholining manfaatlarini hisobga olmagan bo‘lib chiqyaptimi? Buning maʼnosi shuki, parlament xalqdan uzilib qolgan, odamlarni parlamentga tanlab olish mexanizmlari buzilgan, parlament vakillarining aholi bilan aloqalari juda zaif, ular aholining kayfiyatini bilmaydi.
Aytib o‘tganimdek, ular o‘zi bino qilib olgan voqelikdan kelib chiqib, ish tutadi va bu voqelik aholining o‘zi vujudga keltirgan voqelik bilan mos tushmaydi, de-yure Mirziyoyev mutlaqo haq, chunki aholining O‘zbekiston konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga aynan Oliy Majlis ega va konstitutsiyaga o‘zxgartirishlar kiritish bo‘yicha komissiyani Oliy Majlis tuzgan. Ro‘yxatga ko‘z tashlasangiz, 46 nafar komissiya aʼzosining ko‘pchiligi parlamentariylar, viloyat vakillari, faqat bir necha kishi, menimcha, 5 yoki 6 kishi – vazirliklardan. Yaʼnikim, bu – sof parlament tuzilmasi, komissiya raisining o‘rinbosarlaridan biri Qoraqalpog‘iston parlamenti (Jo‘qorg‘i Keneshi) raisidir. Ular tuzatishlarni muhokama qiladi va o‘sha tuzatishlarni qonunchilik idorasi Oliy Majlis majlisi muhokamasiga olib chiqadi. Qonunchilik majlisi o‘sha tuzatishlarni qabul qiladi va ularni umumxalq muhokamasiga havola etadi. Zikr etilgan bosqichlarning birortasida odamlar, “Qoraqalpog‘iston aholisi nima deydi, ular konstitutsiyaga kiritilayotgan bu o‘zgarishlarga qanday munosabat bildiradi?” degan savolni bermagan va mustaqil ekspertiza bo‘yicha institutsional mexanizm ishlamay qolgan. Buni hisbga olsa bo‘lar edi-ku. Ekspertiza o‘tkazish kerak edi, ammo u hech qayerda o‘tkazilmagan, bunga institutlar, parlament institutlari javobgar edi, ammo ular ishlamagan.
Biz shu o‘rinda yana Qozog‘istondagi “Eshituvchi davlat” modeliga qaytishimiz mumkin. Men bu modelni tanqid qilish kerak deb bilaman, chunki u institutsionallashmagan (institutga aylantirish, qonuniy maqom berish). Ha, Qozog‘istonda Ijtimoiy ishonch bo‘yicha milliy kengashni (NSOD – Natsionalniy sovet obщyestvennogo doveriya) tashkil qilish tavsiya etiladi, so‘ngra qurultoyday muqobil tuzilma taklif qilinadi. Ha, bu tuzilmalar qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilmagan, yana bu institutlarga odamlarni tanlab olish jarayoni shaffof emas, shunga ko‘ra, biz bu institutlarga rasmiy tarzda qandaydir g‘oyalarni taklif etadigan va o‘zlari taklif etayotgan g‘oyalar uchun masʼuliyatni zimmasiga oladigan tuzilmalar sifatida qaray olmaymiz. Yana savol kelib chiqadi: “Nega bu ishni Qozog‘iston parlamenti qilmayapti?” Aslida parlament bunday tashabbuslarni olg‘a surishi kerak. Nega bu ishni mustaqil aql markazlari (think-tanks), ular institutsional tarzda bunday g‘oyalarni o‘rtaga tashlashi va ularni o‘rtaga tashlash barobarida masʼuliyatni ham zimmasiga olsa bo‘lmaydimi? Binobarin, men savolingizda ilgari surilgan institutlarni tashkil etish bilan bog‘liq muammolar to‘g‘risidagi fikrga to‘liq qo‘shilaman. Qarang, bizda ana shu institutlar o‘z vazifasini bajarmaydi. Eʼtibor qilsangiz, kim muammolarni keltirib chiqarganidan va ularni kim bartaraf etishidan qatʼi nazar, qandaydir muammo sodir bo‘lib qolsa, birdan u odatda prezident hukmiga havola qilinadi, ammo juda ko‘p vakolatlar va masʼuliyat sohalarining prezidentga bevosita aloqasi yo‘q. Yaʼnikim, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida prezidentlik institutiga har doim bo‘lmasa ham, u yoki bu darajada masʼuliyatni zimmasiga olishga tayyor yagona institut sifatida qaralishiga butunlay ko‘nikib qolganmiz.
Voqelikning to‘liq manzarasiga ega bo‘lish uchun dunyoga bir necha nuqtai nazardan qarashimiz, yaʼni bir necha ekspertizaga ega bo‘lishimiz zarur, ekspertizalar soni qancha ko‘p bo‘lsa, xatarlar shuncha kamayadi. Afsuski, bizda hokimiyatning mustaqil institutlardan uzoqlashib qolgani mustaqil ekspertiza natijalari umuman ko‘rib chiqarilmasligiga sabab bo‘lmoqda. Siz bilan biz Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi mustaqil aql markazlarini yodga olishga urinsak ham, nari borsa, ulardan juda kichik va ayrim shaxslar bilan bog‘liq 2 – 3 tasini eslay olishimiz mumkin, xolos.
Mintaqadagi norozilik harakatlari tez-tez yuz berayotganini esga olsak, Qoraqalpog‘istondagi vaziyatning rivojlanish ssenariysi qanday bo‘lishi mumkin? Sizningcha, bundan keyin nima bo‘ladi?
Men uchun ssenariy tuzish – o‘ta jiddiy tadqiqot jarayoni, u jiddiy axborot yig‘ishni nazarda tutadi, hozirgi Qoraqalpog‘istondagi vaziyat bo‘yicha mavjud materiallar yetarli emas. Hozir qo‘limda Qoraqalpog‘iston aholisi kayfiyati, norozilik harakatlarida qanday ijtimoiy qatlamlar ishtirok etgani, qanday asosiy shiorlar va talablar bilan chiqqanigacha qadar – ular juda mujmal va noaniq bo‘lgan – aniq maʼlumotlar yo‘q, yaʼni hozir mavjud axborot oqimiga jiddiy shubham bor. Fikrimcha, bu oqimdagi xabarlar hissiyot mo‘l – buning o‘ziga yarasha sabablari bor – yoki taassuflar bo‘lsinki, “hokimiyat nima ish qilmasin, hammasi – yomon” yoki “hokimiyatni qo‘llab-quvvatlash kerak, chunki ular – ayirmachilar” qabilidagi jiddiy mafkuraviy taʼsir ostidadir. Yaʼnikim, qandaydir ssenariy tuzish uchun mavhumlik ko‘pligi xalaqit beradi. Agar biz bunday mavhumlik holatiga tushib qolsak va ssenariy tuzmoqchi bo‘lsak, Toshkent vaziyatni normallashtirishga, uni oldingi, 2022 yil iyunidagi, yaʼni konstitutsiyaga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartirishlar eʼlon qilingunigacha, norozilik chiqishlarigacha, ular paytida qurbonlar berilgungacha bo‘lgan holatga qaytarishga muvaffaq bo‘lmoqda, qabilidagi siyqa gaplarni takrorlashga majbur bo‘lamiz. Aslida bu ssenariy emas, balki voqelik tavsifi, fahmimcha, buning istiqboli yo‘q, deylik, faqat shunday mafkuraviy bo‘yoq yaratadi, xolos.
Rahmat, ushbu noroziliklar tabiatini muhokama qilganimizda, bir jihatni esga olib o‘tishni unutibman, shu haqda sizning fikringizni bilmoqchi edim. Umuman, millatchilik masalalari haqida nima deya olasiz? O‘zbekistonda nimalar yuz bermoqda, u yerda millatchilik bormi, umuman, Markaziy Osiyo mamlakatlarida millatchilik qanday rivojlanmoqda?
“Millatchilik” atamasining bir qancha qo‘shimcha maʼnolari bor. Bizda Yevropa davlatlari andozasidagi milliy davlat qurilishi nuqtai nazaridan millat qurilishi sifatidagi millatchilik bor; rivojlanishning madaniyat bilan bog‘liq masalalariga asosiy eʼtibor qaratiladigan etnik rivojlanish yo‘li sifatidagi millatchilik bor; yana, afsuski, siyosiy millatchilik bor – men uni ifoda qilishga ham qo‘rqaman, ammo bu – hozirgi muloqotimiz uchun etnosni siyosiy jihatdan barpo etishga urinish sifatida normal holat. Shunga ko‘ra, millatchilikning turli ko‘rinishlari bor, tushunamizki, Markaziy Osiyo mamlakatlari Rossiya imperiyasiga qaragani, so‘ngra milliy va hududiy chegaralash yuz bergan Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgani va o‘sha paytda ittifoqdosh respublikalar Yevropa andozasi bo‘yicha tashkil topgani, xullas, ular Yevropa siyosiy makonida bo‘lgani sabab davlat qurilishi nuqtai nazaridan mintaqamizda shunday davlat millatchiligi qaror topgan. Sovet Ittifoqi parchalanib ketgandan so‘ng bunday davlat qurilishi yuz berayotgani tushunarli, Yevropa nuqtai nazaridan – normal holat ham.
Albatta, bu mavjud makonimiz uchun tez-tez murakkabliklarni keltirib chiqarmoqda, chunki u chetdan kirib kelgan, yaʼni Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun bunday davlat millatchiligi – tashqi andoza, u “mustamlakachilik andozasi” deb ataladi va jiddiy murakkabliklarga sabab bo‘lmoqda. Masalan, O‘zbekistonda bunday maʼlum murakkablik o‘zbek va tojiklarning aynan davlat ramzlari nuqtai nazaridan, davlat qurilishi nuqtai nazaridan, davlat tili muammolariga oid o‘zaro munosabatlarda ko‘zga tashlanadi. O‘zbekistonda o‘zbek tili – davlat tili, ammo O‘zbekiston, xususan, Buxoro va Samarqand singari viloyatlar uchun tojik tilining ahamiyati baland, millat qurilishi bilan bog‘liq tarzda tojik tilini chetga surib qo‘yish – tabiiyki, muammoli masala. Ammo bu millatchilik bizda qabul qilingan davlat qurilishi bilan bog‘liq va biz bu andozadan voz kechamiz, deb o‘ylamayman. Lekin biz Markaziy Osiyo integratsiyasi deb atayotgan narsaning turli ko‘rinishlari bor, masalan, allaqanday Sug‘diyona andozasini shakllantirish taklif etilmoqda – Yevropa andozasi bo‘yicha davlat qurilishining mana shunday qirrali joylarini tekislashga urinishlar mavjud.
Agar biz o‘z madaniyatimizni rivojlantirish, til makonimizni kengaytirish nuqtai nazaridan texnik millatchilik haqida gapirayotgan bo‘lsak, bu – normal holat. Bu – mutlaqo normal holat, ammo umumlashtirish xususiyatiga ega bo‘lib qoladi, u holda milliy andozani yaratishga urinib, ko‘pincha mintaqaviy o‘ziga xoslikni yo‘qotib qo‘yamiz. Masalan, Qozog‘istonda shu yil ko‘klamida bu mamlakat o‘zining janubiy mintaqalarida tajassum topgan, degan qiziq bir g‘oyaga duch keldim. Lolaqizg‘aldoqlar bilan to‘lib-toshgan dasht. Qozog‘iston aslida lolaqizg‘aldoqlar bilan to‘lib-toshgan dashtgina emas, shimoliy Qozog‘istonday ulkan makoni ham bor, u yerning tabiati butunlay boshqacha va u Qozog‘istonning qolipli manzarasiga sig‘maydi. Xuddi shu holatni ko‘pincha O‘zbekistonda ham uchratamiz. Milliy madaniyatlarni bunday birxillashtirish, adabiy tilni shakllantirayotganda qandaydir mintaqaviy shevalar, mintaqaviy til namunalarini birxillashtirish – muammoli, ammo mutlaqo normal jarayon.
Madaniy millatchiligimiz siyosiy millatchilikka bostirib kirganda, etnokratik (muayyan xalq yoki etnik guruh vakillaridan tarkib topgan elitaga tegishli ijtimoiy tuzum) andozalar paydo bo‘lgan, muammoga duch kelamiz. Qaysidir siyosiy arbobni muhokama qilayotganda, uning dasturi, tutgan siyosiy mavqei qolib, u qozoqmi, o‘zbekmi, tojikmi yoki yo‘qligi – etnik kelib chiqishi esga olina boshlaydi. Bunday munosabat Qozog‘iston va O‘zbekistondagi bir qator siyosiy arboblarga nisbatan bo‘lgani maʼlum. Masalan, bunday munosabat Islom Karimovga nisbatan hozir ham mavjud. U juda faol tarzda mavjud bo‘lgan, u – biz kishining g‘oyalarini emas, qaysi tilni bilishi yomi bilmasigiga oid texnik tavsifni birinchi o‘ringa qo‘yadigan qolipimiz. U o‘ziga xos jihat bo‘lib, bilishimcha, Markaziy Osiyo anʼanalariga to‘g‘ri kelmaydi. Mintaqamiz aholisi – o‘zimiz ko‘rmagan XIX asrni, Markaziy Osiyoning mustamlakada yashamagan davrini oladigan bo‘lsak – ko‘p tilli muhitda yashab kelgan, yaʼni odamlar ko‘p tillarda bemalol gaplasha olgan yoki gaplasha olmagan, lekin bu biror kishining qobiliyatini yuzaga chiqarishi uchun muammo tug‘dirmagan. Yaʼnikim, qobiliyatni yuzaga chiqarish uchun boshqa, deylik, diniy omillar mavjud bo‘lgan. Fikrimcha, etnik mansublikni siyosiylashtirish jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi, taassufki, bizda shunga moyilliklar bor, biz bunday tamoyillarni so‘nggi yillarda 2010 yildan boshlab Qirg‘iziston janubidagi va Qozog‘istondagi dunganlar bilan bog‘liq mojarolar vaqtida kuzatdik, bu ham yetmaganday, etnik mojarolar tez-tez bo‘lib turibdi va ushbu muammoga hammadan ko‘p Qozog‘iston to‘qnash kelmoqda. Afsuski, Yevropaning etnik qurilish andozasini namuna qilib oldik va u unchalik konstruktiv bo‘lmagan mazmun bilan boyidi, ancha vaqtdan – necha o‘n yillarda beri mana shu konstruktiv bo‘lmagan mazmun saqlanib qolmoqda.
Suhbatimiz davomida biz bir necha marta Qozog‘iston bilan O‘zbekistondagi vaziyatni taqqosladik. Sizningcha, Qoraqalpog‘istondagi inqiroz Qozog‘iston bilan O‘zbekiston munosabatlariga taʼsir etishi mumkinmi?
Bu o‘rinda hamma narsa Qozog‘istonning qanday mavqeni egallashi bilan bog‘liq. Hozircha Ostonaning rasmiy mavqei – o‘ta bosiq va konstruktiv. Kuni kecha Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligining bayonoti eʼlon qilindi, unda Qozog‘istonning O‘zbekiston bilan o‘rtadagi kelishuvlarga sodiq ekani aniq-tiniq bayon qilindi. Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko‘tarildi. Ikki mamlakat o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari haqidagi deklaratsiya imzolangan. Bilishimcha, rasmiy Qozog‘iston ayni paytda, O‘zbekistonda, Qoraqalpog‘istonda yuz berayotgan voqealar – O‘zbekiston bilan Qoraqalpog‘istondagi ichki jarayonlar, degan chin maʼnodagi konstruktiv, oqilona mavqeni egalladi. Qoraqalpog‘istonning maqomi – juda o‘ziga xos, shuning uchun bu voqealarni faqat O‘zbekistonning ichidagi jarayonlar deyish unchalik to‘g‘ri emas. Afsuski, Qozog‘iston jamoatchiligi vakillari, qoraqalpoqlar qozoqlarga eng yaqin etnos va qozoqlar ularga qaysidir tarzda ko‘mak berishi keark, qabilidagi keskin bayonotlar bilan chiqdi. Agar gap gumanitar ko‘mak haqida ketayotgan bo‘lsa, bu – tabiiy. Ammo gap ushbu jarayonlarni siyosiylashtirish va bu jarayonlarga aralashish haqida ketayotgan bo‘lsa, bunday holatlarga tashqaridan aralashish sifatida qaraladi. Men bunday holat o‘zaro munosabatlarga halokatli tarzda taʼsir ko‘rsatadi, deya olmayman, ammo nima bo‘lganda ham, ikki tomonlama aloqalarga, qisman bo‘lsa-da, soya soladi. Umuman, bunday yakkam-dukkam iddaolar o‘qtin-o‘qtin va hissiy bo‘ladi, bunaqa holatlar bo‘lib turishini tushunamiz. Ammo yaxshi hamki, ular harakatlarga ko‘chmaydi va normal holat doirasida bo‘ladi. Shu sabab, bilishimcha, Qoraqalpog‘istondagi vaziyat rivojlanishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga jiddiy taʼsir ko‘rsatmaydi.
Suhbatimizni tugatayotib, noroziliklar mavzusidan biroz chalg‘ib, Qozog‘iston bilan O‘zbekiston munosabatlari haqida gaplashmoqchi edim. Aytib o‘tganingizdek, ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida deklaratsiya imzolandi. Toshkent bilan Ostona o‘rtasida qandaydir iqtisodiy ittifoq tuzilishi imkoniyatini qanday baholaysiz? Menimcha, mintaqaviy integratsiya yoki bir necha yil oldin mavjud bo‘lgan impuls – turtki biroz pasayib qolgan sharoitda mintaqadagi munosabatlarni bunday qurish eng maqbul va amaliy qadamlardan biri bo‘lishi mumkin. Hatto Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlardagi muammolar bu jarayonga to‘siq ham bo‘lmoqda. Siz bu g‘oyaga qanday qaraysiz?
Bu yo‘nalish Markaziy Osiyoning 2 ta davlati manfaatlariga mos kelishi barobarida hamkorlikni butun mintaqaga yoyish uchun juda yaxshi maydon hozirlaydi. Shu maʼnoda men berayotgan bahongizga to‘liq qo‘shilaman. Ushbu jarayonlarni amalga oshirishning qanday mexanizmlari bor, degan masalaning boshqa jihati ham bor. Afsuski, bunday mexanizmlarni ishlab chiqish juda murakkab ekanini va u mamlakatlarimizdagi mavjud sharoit bilan jiddiy tarzda chegaralanayotganini ko‘rib turibmiz. Masalan, Qozog‘iston – YEOIIga aʼzo mamlakat, uning ushbu tashkilotga kirmaydigan mamlakatlar bilan sherikligi hozirgi holatda chegaralangan. Lekin shunga qaramay, Qozog‘iston bilan O‘zbekiston shunday holatda ham ikki tomonlama munosabatlarni barpo etish yo‘llarini topa olyapti. COVID-19 bilan bog‘liq karantin choralari singari tasodifiy omillarni olib tashlasak, ushbu ikki tomonlama munosabatlarinng jadal rivojlanish tamoyili bor. Shuning uchun bu yerda Markaziy Osiyodagi davlatlararo hamkorlikning qandaydir andozasini taklif etishga tayyor bo‘lishimiz uchun samarali rivojlanishning o‘ta jiddiy variantlari mavjud.