Jahon konstitutsiyalari endi o‘zbek tilida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida “Agar dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tub burilish davrida ko‘pgina davlatlarda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilganini ko‘ramiz. Shu sababli, avvalo, senator va deputatlarimiz, keng jamoatchiligimiz, xalqimiz bilan yana bir bor maslahat qilib, jahon konstitutsiyaviy tajribasini o‘rganib, puxta o‘ylagan holda bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan Asosiy qonunimizni takomillashtirish masalasini ham ko‘rib chiqishimiz kerak”, deya taʼkidlangan edi.

Darhaqiqat, Konstitutsiya bu o‘zgarmas aqida emas, balki rivojlanishning dasturi xisoblanadi. Tuzatish, o‘zgartirish kiritish imkoniyati barcha konstitutsiyalarning fundamental xususiyatidir. Zamonaviy globalllashuv jarayonlarida jamiyat rivojlanishining turli bosqichlarida birdek xizmat qiladigan konstitutsiyani o‘zgarmas qilib yaratib bo‘lmasligi zamonlar o‘zgarishi bilan yana-da oydinlashib bormoqda.

Shu bois, butun dunyo mamlakatlari konstitutsiyaviy rivojlanishning o‘z modelini izlayotganini kuzatish mumkin.

Zero, Konstitutsiyaviy islohot hozirgi va kelajak barqaror rivojlanishning zarur yuridik zaminidir. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirishga qaratilgan aniq normalar barcha fuqarolar, jamoatchilik vakillari hamda xalqimizning taklif va fikrlari asosida shakllantirilib boriladi.

Bu borada inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tayyorlangan “Jahon konstitutsiyalari” kitobini mutoalaa qilish mobaynida hozirgi zamon uchun o‘ta dolzarb bo‘lgan axborotlashgan jamiyatda  insonlarning so‘z va fikr erkinligi bildirishdagi vositalar bilan munosabatlari  kabi tushunchalarning yuridik tartibga solinish jarayonlari qanday kechgani, boshqa davlatlar tajribasi bilan tanishib chiqish imkonini berdi.

Eng quvonarlisi yuridik atamalarning to‘liq mazmun va mohiyatini o‘zbek tilida tushunarli tarzda bayon etilganligini alohida eʼtirof etib o‘tish kerak. Ushbu kitobda  Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Iordaniya, Italiya, Polsha,  Saudiya Arabistoni, Slovakiya, Fransiya, Chexiya, Yaponiya kabi jami 11ta turli rivojlanishdagi, qadriyatlar jihatdan katta farqlanishlar bo‘lgan davlatlarning konstitutsiyalari kiritilgan.

O‘zbek tilida mana shunday katta mehnat evaziga to‘plangan, tarjima qilib, sohada faoliyat ko‘rsatayotgan olimlarning sharhlari, tahlillari bilan tayyorlangan ilmiy kitob ko‘p vaqtdan buyon intiqlik bilan kutilayotgan edi.

Mazkur ensiklopedik kitob bilan tanishishda mening ko‘proq eʼtiborimni tortgan jihat hozirgi zamonning eng dolzarb masalalaridan biri – jamiyatda raqamli huquqlarni mustahkamlash va rivojlantirish, axborot jamiyatini institutlashtirish, kiberxavfsizlikni huquqiy jihatdan tartibga solish yo‘nalishlarida qonunlarning ishlab chiqilishi, yuridik normalarning tartiblanishi jahon tajribasida qanday qo‘llanganligi bo‘ldi. Quyida “Jahon konstitutsiyalari” kitobiga kiritilgan davlatlar qonunchiligi bilan tanishib chiqamiz.

Fikr bildirish, So‘z va Matbuot erkinligi borasida tajribalar

 Bu borada AQSH konstitutsiyaning I-Qo‘shimcha (1791 yil) ko‘ra, so‘z va matbuot erkinligi eʼtiqod erkinligi bilan teng eʼtirof etilayotgan bo‘lsa, ularning erkinligini taqiqlovchi qonun qabul qilinmasligi alohida belgilab qo‘yilgan.

Kongress dinni mustahkamlaydigan yoki diniy eʼtiqod erkinligini taʼqiqlovchi yoxud so‘z, matbuot erkinligini, xalqning tinch to‘planish va shikoyatlarini qanoatlantirish uchun iltimosnoma bilan hukumatga murojaat etish huquqini cheklovchi bironta ham qonun qabul qilishi mumkin emas.

Germaniya konstitutsiyasiga ko‘ra esa, so‘z va matbuot erkinligi inson huquqlarining asosini tashkil etishi bois, Asosiy huquqlar to‘g‘risidagi birinchi bo‘limga kiritilgan. Bu bo‘lim Muqaddimadan keyinoq kelishi so‘z va fikr erkinligi inson huquqlarining ajralmas va o‘ta muhim bo‘lagi ekanligidan dalolatdir.

Yashash va jismoniy daxlsizlik huquqi, din va eʼtiqod erkinligi, boshpana huquqi, so‘z erkinligi, sanʼat va ilm-fan erkinligi, matbuot erkinligi, mulk huquqi kafolati Asosiy qonunda mustahkamlangan mumtoz huquq va erkinliklar sirasiga kiradi. Bu huquq va erkinliklarga yig‘ilishlar o‘tkazish erkinligi, uyushma va birlashmalar tuzish erkinligi, yozishmalar, pochta jo‘natmalari, telefon so‘zlashuvlari maxfiyligi, harakatlanish erkinligi, kasb tanlash huquqi, majburiy mehnatning taqiqlanishi, turar-joy daxlsizligi, shuningdek eʼtiqod erkinligi nuqtai nazaridan harbiy xizmatdan bosh tortish huquqini ham qo‘shish mumkin.

Shuningdek, bu huquqlardan mahrum bo‘lish va uning meʼyorlari Federal konstitutsiyaviy sud qarori bilan belgilanishi kiritilgan.

Slovakiya Respublikasi Konstitutsiyasining siyosiy huquqlar bo‘limida OAV erkinligi hamda uning maʼlum shaxslarning  manfaatlariga xizmat qilishini oldini olish va hokimiyatning tegishli axborotlarni davlat tilida berishi majburiyati yuklangan, eng muhimi axborot olish erkinligi va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha huquqiy imkoniyatlar berilgan bo‘lib, bizning konstitutsiyamizga ham takliflar tayyorlashda tajriba sifati ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq sanaladi. Jumladan:1. So‘z erkinligi va axborot huquqi kafolatlanadi. 2. Har kim o‘z fikrini og‘zaki ravishda, yozma, matbuotda, tasvirlash vositasida yoki boshqa usulda ifodalash, shuningdek davlatning chegarasidan qatʼi nazar g‘oyalar va axborotni to‘plash, idrok qilish va tarqatish huquqiga ega. 3. Bosma mahsulotlarni nashr etish oldindan ruxsat olinishini talab etmaydi. Radioeshittirish va televideniye sohasidagi tadbirkorlik davlatning ruxsat berishi bilan shartlanishi mumkin. Shartlar qonun bilan belgilanadi. 4. Basharti bunday choralar demokratik jamiyatda boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini, davlatning xavfsizligi jamoat tartibini, sog‘liqni va axloqiylikni muhofaza qilish uchun zarur bo‘lsa, so‘z erkinligi hamda axborotni to‘plash va tarqatish huquqi qonun tomonidan cheklanishi mumkin. 5. Ommaviy hokimiyat organlari o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotni davlat tilida tegishli tarzda taqdim etishga majburdir. Axborot berish shartlari va tartibi qonun bilan belgilanadi.

OAV erkinligi borasida Polsha Konstitsiyasiga ko‘ra, matbuot chiqarish uchun litsenziya berish taqiqlanadi. Bunda  Qonun tomonidan radio yoki televideniye stansiyasini ekspluatatsiya qilish uchun dastavval litsenziya olish majburiyati joriy etilishi mumkinligi Konstitsiyaning 54-moddasida qayd etilgan. Bundan tashqari 51-moddada 4. “Har kim noto‘g‘ri, to‘la bo‘lmagan yoki qonunga zid yo‘l bilan to‘plangan axborotni to‘g‘rilash, shuningdek uni yo‘qotishni talab qilish huquqiga ega”. Bunday moddaning bo‘lishi ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda avj olib borayotgan kiberbulling jarayonlarini tartiblanishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatishi Polsha matbuotini kuzatish jarayonida ham ko‘zga tashlandi.

OAVga tegishli mulkni musodara qilishdagi qonunlarning ishlash mexanizmlari

Italiya respublikasi Konstitutsiyasining I bo‘lim. Fuqarolarning huquqlari va burchlari, I BOB. Fuqarolik munosabatlari 21-moddasida OAV tegishli bo‘lgan mulkni musodara qilish bo‘yicha alohida norma ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, musodara qilish faqat asoslangan sud qaroriga asosan, matbuot to‘g‘risidagi qonun aniq musodara qilishga yo‘l qo‘yadigan huquqbuzarlik holatlarida yoki qonun javobgar shaxslarni aniqlashni talab qilishiga taalluqli huquqiy normalar buzilgan holatlarda qo‘llanishi mumkin.

Mutlaq kechiktirib bo‘lmaydigan va sud organlarining o‘z vaqtida ara- lashishi mumkin bo‘lmagan holatlarda davriy matbuotning musodara qili- nishi sud politsiyasining mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshiri- lishi mumkin, ular bu haqda sud hokimiyati organlariga darhol va yigirma to‘rt soatdan kechiktirmasdan xabar berishlari shart. Agar sud hokimiyati keyingi yigirma to‘rt soat ichida ko‘rilgan harakatlarni tasdiqlamasa, mu- sodara bekor qilingan va kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

OAV faoliyatining erkinligi va xavfsizligi bo‘yicha qonunlardan tashqari Jahon tajribasida qatʼiy choralar bo‘yicha ham bir qancha keyslarni ko‘rib chiqish mumkin.

Yaponiya Konstitutsiyasida matbuot bilan bog‘liq jinoyatlar yopiq eshiklar ortida ko‘rib chiqilishi belgilab qo‘yilganini ko‘rish mumkin.  Uning 82-moddasida “Agar sud yakdillik bilan oshkoralik davlat tartibi yoki axloqi uchun xavf tug‘dirishi to‘g‘risida qaror qabul qilsa, ishlarni sudda ko‘rish yopiq eshiklar ortida o‘tkazilishi mumkin.

Bunda siyosiy jinoyatlar, matbuot bilan bog‘liq jinoyatlar yoki fuqarolarning ushbu Konstitutsiyaning III bobida kafolatlangan huquqlariga taalluqli ishlar ochiq majlislarda ko‘rib chiqilishi kerak”, deb belgilab qo‘yilgan.

Iordaniya Konstitutsiyasida eʼlon qilinayotgan media materiallar manbalarining nazorat qilinishi qonun bilan belgilab qo‘yilishi taʼkidlangan. Shuningdek, “Harbiy holat yoki favqulodda holat eʼlon qilingan taqdirda, qonun jamoat xavfsizligi va milliy mudofaa maqsadlari bilan bog‘liq masalalarda gazetalar, nashrlar, kitoblar va axborot-kommunikatsiya vositalariga cheklangan senzurani joriy qilishi mumkin”.

Davlat boshqaruvida ko‘proq qadriyatlarga asoslangan davlatlarning qonunchiligida OAV umuman so‘z va fikr erkinligi yuzasidan belgilangan qonunlar bo‘yicha Saudiya Arabistoni podshohligi qonunchiligi bilan tanishib chiqdim. Saudiya Arabistonining Asosiy Nizomi 1992 yil 31 yanvarda Qirol Faxd ibn Abd al-Aziz Al-Saud tomonidan qabul qilingan 2013 yilda oxirgi nashr amalga oshirilgan bo‘lib, OAV tegishli moddalar “Huquq va majburiyatlar” bo‘limiga kiritilgan, unda “Ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar va boshqa ifoda vositalari xushmuomala, adolatli faoliyat yuritishi hamda qonunlarga rioya qilishi kerak. Ular ommani tarbiyalashda va milliy birlikni mustahkamlashda o‘z hissasini qo‘shishi kerak. Tartibsizliklar va nizoga olib keladigan yoki davlat xavfsizligi, uning ijtimoiy obro‘siga putur yetkazadigan yoxud inson qadr-qimmati va huquqlarini kamsitadigan har qanday harakatlar taqiqlanadi. Ushbu masalalar tegishli qonun bilan tartibga solinadi”.

Umuman olganda erkinlik huquqini taʼminlash uchun majburiyatlarni ham taʼminlanishi talab etiladi. Yuqorida ko‘rib chiqilgan va turli vaqtlardan beri tajribadan o‘tkazib kelinayotgan bu qonunlar majmuasidan sayqallangan jihatlaridan foydalanish Bosh qomusimizni zamon talablari asosida xalqimizning manfaatlariga xizmat qiladigan yuridik mayoq bo‘lishiga ishonaman.

 Konstitutsiyamizni, zamon bilan hamnafas shaklga keltirish bu kelajakdagi shaxs, jamiyat va davlat hayotining huquqiy poydevorini mustahkamlash demakdir. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda «Har bir fuqaroning ongi va shuuridan joy olgan, uning huquq va erkinliklarini to‘liq kafolatlagan Konstitutsiyamiz chinakam qomusga aylanishi kerak».

D.Kayumova