Prezident qarorlarining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i eʼlon qilinmayapti

Iqtisodchi Otabek Bakirov:

Hokimlar va hukumat qarorlarining eʼlon qilinmasligiga, ularga xizmat doirasida foydalanish uchun yoki maxfiy maqom bergan holda yashirin tarzda qabul qilinishiga ko‘nikib bo‘ldik.

Afsuski, bu holat endi sekin-asta O‘zbekistonda eng muhim normativ hujjatlardan hisoblangan Prezident qarorlari bilan bog‘liq ochiqlik masalasiga ham ko‘chmoqda. Oxirgi oylarda Milliy qonunchilik maʼlumotlari bazasi hisoblangan Lex.uz tizimida har uch Prezident qarorining bittasi eʼlon qilinmayapti.

Xususan, oktyabr oyida Davlat rahbari 28ta qaror qabul qilgan, shundan 10tasi (35,7%) bazaga joylashtirilmagan (389, 391, 393, 395, 396, 397, 398, 400, 401, 403). Noyabr oyiniing 18 kunida 15ta qaror imzolangan, shuning 5tasi (33,3%) eʼlon qilinmagan (420, 421, 422, 424, 426).

Davlat rahbari yangi davrning birinchi kunlaridan ochiqlik siyosatini o‘zining asosiy prinsiplaridan biri deb eʼlon qilgan. Lekin keyingi oylarda ochiqlik siyosatining ijrosi masalasida yetarlicha muammolar kuzatilmoqda.

Oddiy fuqarolarni qo‘ya turaylik, qabul qilinayotgan qarorlar bir idorada mavjud, lekin ikkinchisida yo‘q yoki yetkazilmagan. Hatto o‘zlariga taalluqli masalalar bo‘lsa ham.

Qarorlarda qayd etilgan holatlar, topshiriqlar, vazifalar bo‘yicha sudli, nizoli masalalarda nima bo‘ladi? Tomonlar o‘z asoslari uchun nimaga havola qilishadi? Manfaatlar to‘qnashuvini kim baholaydi?

Darvoqe, Normativ-huquqiy hujjatlarning eʼlon qilinishi ular qo‘llanilishining majburiy shartidir. Harqalay qonunlarimizda shunday yozib qo‘yilgan.