Iqtisodchi Otabek Bakirov:
Gaz bo‘yicha o‘zbek va xitoy statistikasida keskin katta farq yuzaga kelgan O‘zbekistondan gaz eksporti va Xitoyga O‘zbekistondan gaz importi bo‘yicha o‘zaro bog‘liq statistikada sentyabr oyigacha katta farq bo‘lmagan.
Lekin oktyabr oyida O‘zbekiston va Xitoy maʼlumotlari keskin farqlanishni boshlagan.
Demak, sevimli o‘zbek statistikasiga ko‘ra, O‘zbekiston oktyabr oyida 91,7 mln. dollarlik gaz eksport qilgan. Maʼlumot uchun, O‘zbekiston faqat Xitoyga gaz eksport qilib kelmoqda.
Xitoy statistikasiga ko‘ra, O‘zbekistondan oktyabrda 148 486 087 dollar yoki 148,5 mln. dollarlik gaz import qilingan. 56.8 mln. dollar farq.
Yaʼni, o‘zbek statistikasida Xitoyga eksport qilinayotgan gaz hajmi 1,62 barobarga kamroq ko‘rsatilgan. Bu nima uchun, tushunarsiz, balki sovuqdan qaqshayotgan o‘zbekistonliklarni g‘azabini keltirmaslik uchunmi yo gaz eksportidan milliardlar ishlayotgan cho‘ntaklarning iltimoslari shunday bo‘lganmi, aytish qiyin.
Nima bo‘lganda ham, statistikada gaz eksportini kamaytirib ko‘rsatish “gaz eksport qilmayapmiz”, “gaz eksportini to‘xtatdik” degan mantralarning davomi bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, gaz ishlab chiqarish tobora qisqarib borayotgan sharoitda.
P.S. Va umuman, statistika qanday yuritilishi, uning chuqurligi va boyitilganligi, universalligi qanaqa taʼminlanishi lozimligini biznikilar Xitoylardan, hech qursa qirg‘izlardan o‘rganishsa yomon bo‘lmasdi.