Xalqqa Konteynerlar emas, normal Poliklinikalar kerak!

Konteynerlardan hukumat aʼzolarining o‘zlari foydalansin!

Shaharda poliklinikalar yetishmaydi. Viloyat va tuman markazlarida ham shu ahvol. Aholi o‘sishiga nisbatan, ayniqsa oxirgi 6 yildagi urbanizatsiya darajasiga nisbatan poliklinika xizmatlari bilan qamrab olish ortda qolayotgani ham bor gap.

Grafigi bo‘yicha 2 soat yo 4 soat ishlaydigan malakali vrachga ko‘rinish uchun tong soat 6da yoki 7da borib navbat olish kerak. Buni ayollar, ayniqsa bolali ayollar har kuni bo‘lmasayam, har hafta, har oy o‘zining tanasida juda yaxshi his qilishadi.

Chunki poliklinikalar quvvati yetishmaydi. Malakali shifokorlar davlat poliklinikalarida eng minimum stavkada ishlaydi. Qolgan vaqt ular xususiy shifoxonalarda. Chunki davlat poliklinikalari malakali shifokorlarning minimal hayot tarzida yashash xarajatlarini qoplamaydi.

Davlat maktablarida Taʼlim bilan qoplash qanday abgor darajaga yetgan bo‘lsa, birlamchi tibbiyot -poliklinikalar bilan qoplashda ham ahvol shu.

Shuning uchun yangi poliklinikalar kerak. Lekin bu yo‘lda “podmena” bilan shug‘ullanmaslik zarur. Konteyner bu poliklinika emas. Agar tajriba o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, marhamat hukumat shifoxonasi va poliklinikalarini xalqqa qaytaring-da, o‘zlaringiz — vazirlar, hokimlar shu konteynerga qatnang!

Gap bu ishning, konteynerlarning “dezinfeksiya tunneli” yo “konteyner shifoxonasi” kabi milliardlab pul ishlash va davlat mablag‘larini o‘zlashtirish uchun o‘ylab topilgan instrumentlarning davomi ekanidagina emas, ularning aholi uchun mutlaqo iqtisodiy samarasizligida va befoydaligida.

170ta konteynerni jihozlash, o‘rnatish qanchaga tushadi? Bitta konteyner narxi qanchagacha shishirilayapti? Oylik ekspluatatsiyasi-chi?

Xo‘p, shu xarajatlarning jamini hisoblasak, o‘rniga muqobil hisob-kitob qilsak, nechta normal poliklinika qurish mumkin?

O‘zi Sog‘liqni saqlash vazirligida Shodmonov i ko‘dan keyin iqtisodiy mazmun va samaradorlik o‘lchovi qayta tiklandimi?

Nimadir masala o‘ylab topilganida Bitta bemorni tibbiy xizmat bilan qamrab olinishi tannarxi va samaradorligi hisobi qilinadimi?

Hurmatli Musayev aynan iqtisodiy mushohada kishisi bo‘lgani uchun sohaga o‘tkazilmaganmidi?

Agar tibbiyot samaradorligi uyma-uy yurib xizmat ko‘rsatish va har bir mahallada konteyner qurish bilan bog‘liq bo‘lsa, nega normal dunyoda bemorlar va shifokorlarni bir joyga optimal tarzda yig‘ish prinsipi ustida qurilgan poliklinika instituti bekor bo‘lib ketmayapti?

Manba