Bir korrupsion mashmasha o‘rnini ikkinchisining shovqini bosib ketishiga va osongina unutilishiga o‘zbek jamiyati ko‘niktirib bo‘lindi.
Toshkentdagi uchta onkologik shifoxonani imi-jimida sotish va hokimiyatga yaqin kompaniyalarga berilgan tendersiz buyurtma bo‘yicha yopiq qaror masalasi Minerva city bilan bog‘liq qonundan tashqari vaziyat fonida esdan chiqayotgandek. Birinchi holat bo‘yicha, afsuski, na prokuratura, na korrupsiyaga qarshi kurash agentligi o‘z munosabatini bildirgani yo‘q.
Murali Lal Jalanning so‘zlari davlat xizmatchisini obro‘sizlantirish deb hisoblansa, uchta onkologik shifoxonaning sotilishi va yopiq qaror bilan yangisi bo‘yicha buyurtmaning egallanishi nima deb ataladi?
Shifokor-onkolog Shermuhammad Umirov yozayapti:
“Bugun O‘zbekistonda 100 mingdan ortiq onkologik kasalga chalingan bemorimiz bor va ularning 30 foizdan ortig‘i og‘ir ahvolda. 100 ming bemorning 10 mingga yaqini – 18 yoshga to‘lmagan bolalar.
Shunday qiyin vaziyatda onkologik shifoxonalarni kamaytirish yoki o‘rinlar sonini qisqartirish – fojia.
Yangi kasalxona qurilishi yaxshi ish, lekin Respublika onkologiya markazini Toshkent shahri va viloyati bilan qo‘shib yuborish noto‘g‘ri.
Viloyatning bitta tumanini misol keltiray, mingta onkologik kasali bor va shundan 500 ga yaqini bolalar. Bu kichkina sonmi? Shu 500 bemor boladan kamida 40 nafari nobud bo‘lyapti.
Dunyo bo‘yicha 1 soniyada 1 odam onkologik kasaldan vafot etadi. O‘zbekistonda esa taxminan har 10 daqiqada bitta onkologik kasalga chalingan odam nobud bo‘ladi.
Bugun, hozir shu shifoxonalarning qabul bo‘limiga boring, odamni ko‘rasiz. Qanchadan qancha navbat. Nur terapiya olishga oylab kutib turishibdi. Yotib davolanishga oylab kutish kerak.
O‘rinlar sonini ko‘paytirish o‘rniga 100 ta joyga qisqarib ketyapti. Bu – kasallar oylab navbat kutishini, bemorlarning ovoragarchiligini keltirib chiqaradi. Bu kasallik kutib turadigan kasallik emas. Bugun davolanmasa, ertaga yana yonidan bitta o‘sma o‘sib chiqadi. Kun sayin og‘irlashadi.
Ko‘krak saratoniga chalingan 35 yoshli bemorning muolajalariga yordam berdim. Oxirgi bosqichda bo‘lgani uchun uyiga ruxsat berib yuborilgan. Qornida, o‘pkasida suv yig‘ilib ketgan. Kunora borganim uchun qizchasiyam meni yaxshi tanib qolgan ekan. Ayol uzoq yashamadi, vafot etdi. Oradan 2 oylar o‘tib, ko‘chada qizcha meni ko‘rib: “Oyimni qachon qaytarib kelasiz?” deb so‘rayapti. Chunki onasi o‘lganda uyidagilar: “Shifokor amaking oyingni davolash uchun olib ketishdi”, deyishgan ekan”.
Manba