Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning gaz eksporti bo‘yicha o‘zbek va xitoy statistikasidagi farqni xitoy statistikasida tranzit narxi ham hisobga olingani bilan tushuntirishi yangi savollarni yuzaga keltiradi.
Birinchidan, nega unda gaz eksporti bo‘yicha o‘zbek va xitoy statistikasidagi farq oktyabrdan boshlandi. Agar xitoylar statistikaga tranzitni ham qo‘shishgan bo‘lsa, farq yanvardan sentyabrgacha bo‘lgan davrda ham bo‘lishi kerak ediku. yanvardan sentyabrgacha statistikalarimiz orasida farq bo‘lmagan.
Ikkinchidan, mayli, statistikalardagi farq tranzit hisobiga deylik. Unda o‘zbek va xitoy statistikasi o‘rtasidagi farq 100 million dollar emas, kamida 500 million dollarni tashkil etishi kerak edi. Chunki vazir eslab o‘tgan, lekin nomi aylanishini hech kim istamaydigan yopiq kontora Asia Trans Gas MCHJ QK nafaqat o‘zbek gazi, turkman gazini ham transportirovka qiladi. Xitoyga O‘zbekiston hududidan o‘tadigan gaz tranziti uchun har yili 562 mln.dollargacha tashkil etishi mumkinligi haqida avval ham yozganmiz.
Uchinchidan, gaz eksporti to‘xtatilgani rasmiylar, xususan Energetika vazirligi tarafidan ham qayta va qayta takrorlanmoqda. Lekin bu gaplar amaliyotga biron marta to‘g‘ri kelgani yo‘q. Agar gaz eksporti to‘xtatilgan bo‘lsa va sizlar nomini mantiyadek takrorlaydigan O‘ztransgaz eksportni to‘xtatgan bo‘lsa, unda qaysi kompaniya gazni eksport qilmoqda? Oddiy mantiq: O‘ztransgaz eksporti amalga oshirmayotgan bo‘lsa, statistika bo‘yicha gaz eksporti qayd etilayotgan bo‘lsa, demak, kimdir eksport qilayaptiku. Kim o‘sha?
Haqiqatni aytish oson va yoqimli, deydi Pontiy Pilatning qahrli sudi va so‘rog‘i oldiga keltirilgan Ieshua Ha-Nosri.
Oradan 2000 yil o‘tib O‘zbekistonda haqiqatni aytish shunchalik qiyin va azobli bo‘lib ketdimi?