O‘zbekistondagi eng foydali zavodlardan biri narxidan arzoniga sotilgan

Xususiylashtirish boshlangani eʼlon qilinganidan rasman bir yildan ko‘proq vaqt o‘tib, takliflarni qabul qilish muddati kamida 5 marta uzaytirilganidan keyin, nihoyat kuni-kecha “Farg‘onaazot” AJdagi davlat aksiyalar paketini sotish bo‘yicha kelishuvga erishilgani eʼlon qilindi.

Manbalarga ko‘ra, maʼqullangan g‘olib nomi ancha avval maʼlum edi (bu nom noyabrdagi iqtisodiy forum kuluarlarida bir necha bor yangragan edi), lekin bitimni imzolash uchun Singapurga tashrif vaqtidan foydalanildi.

Demak, “Farg‘onaazot” AJ ustav kapitalidagi 99,02 foiz davlat aksiyalar paketi “Indorama Corporation Pte. Ltd” nazoratiga o‘tadi.

Sotib olish qiymati qariyb 140 million AQSH dollari (130 mln. AQSH dollari va 107 mlrd. so‘m)ni tashkil etadi, shuningdek, Investor tomonidan Korxonani modernizatsiya qilish uchun 100 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya kiritish majburiyati olinadi. Nega to‘lovning bir qismi so‘mda ekaniga yoki investitsion majburiyat nima uchun 100 million dollar etib belgilanganiga, bu sotuv qiymatiga qanday taʼsir o‘tkazganiga izoh berilmagan.

“Farg‘onaazot” AJni sotib olishga go‘yoki talabgor bo‘lgan 4 nafar talabgorlar nomi, ularning takliflari ochiqlanmagan (hech qursa zaxira g‘olib nomi, agarda Indorama fikridan qaytib qoladigan bo‘lsa).

O‘zi nafaqat “Farg‘onaazot” AJ, bironta boshqa aktiv sotilishi bo‘yicha ham talabgorlar takliflari Yangi O‘zbekistonda ochiqlanmagan. Ayrim bitimlar bo‘yicha allaqachon maʼqullangan investorlardan boshqa talabgorlar borligiga menda jiddiy shubhalar mavjud, masalan. Bo‘lgan bo‘lsa ham, ular formal, sparring talabgorlar rolini bajarishgan.

Shunday qilib, O‘zbekistonning davlat nazoratidagi eng daromadli zavodlaridan biri jami kapitalidan arzonroqqa, aniqrog‘i 93% qiymatiga ketdi. 2021 yilni 349 mlrd.so‘m sof foyda bilan yakunlagan zavod, dividend to‘lash bo‘yicha ham liderlardan bo‘lgan. Masalan, 2022 yil 9 oyi yakunlari bo‘yicha oddiy aksiyalar bo‘yicha nominalga nisbatan 217,35% qiymatda dividend to‘langan.

O‘rganib qolinganidek, investorga xodimlar sonini va ish haqlarini qisqartirmaslik vazifasi yuklangan. Bu investitsion majburiyatlar bilan birga sotilgan aktiv qiymatini keskin pasaytirgan bo‘lishi tabiiy.

Bu shunchaki malakasizlikmi yoki maqsadli harakatmi, mulohazalar bilan bo‘lishishga odam, to‘g‘risi, cho‘chiydi.

Manba