Import bojlari stavkalari ro‘yxatiga 2023 yil 11 yanvardan boshlab kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, sinklangan va polimer qoplamali prokat mahsulotlari uchun 10%, lekin har kilosi uchun kamida 0,25 dollarlik boj qo‘shilgan.
7210 49 0000, 72 10 70 8000 kodli ushbu mahsulotlar faqat saxovatpesha Alisher Usmonovga qarashli bo‘lgan kompaniyalar nazoratidagi Toshkent metallurgiya zavodi tomonidan ishlab chiqariladi.
Toshkent metallurgiya zavodi ishga tushirilgan 2020 yilda ushbu mahsulotlar importi uchun 10%lik boj kiritilgandi. Nazarimizda, mahalliylashtirish yolg‘onlari ostida va hukumatning proteksionizmidan bahramand bo‘layotgan oligarxiya uchun bu yetarli bo‘lmagan. Endi import qilinadigan sinklangan va polimer qoplamali prokatlar importi uchun kombinatsiyalashgan bojlar qo‘llanilishi hisobiga mahsulotlarning har tonnasiga uch barobardan ko‘proq, yaʼni 375 dollargacha boj to‘lash kerak bo‘ladi.
420 million dollarlik Toshkent metallurgiya zavodi kreditlar va Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga bunyod bo‘lgan. Lekin zavodning qurilishi ham Kreml oligarxiyasi nazoratidagi strukturalar tarafidan olib borilgan. Uning benefitsiarligi, yaʼni foydasi ham rus oligarxiyasi nazoratida.
Ziyoni davlatga, foydasi cho‘ntakka qabilidagi buzuq loyihalarning yaqqol misoli.
Endi nima bo‘ladi, deysizmi? Endi prokat importi taqa taq to‘xtaydi, chunki bunaqa ajdarho bojlar bilan O‘zbekistonga chetdan prokat olib kelish maʼnoga ega emas. Prokat bozoring yagona egasi oligarxiya boshchiligidagi Toshkent metallurgiya zavodi bo‘ladi.
Darvoqe, prokat uchun bojlarni qiymatga nisbatan naqd uch barobariga oshirish to‘g‘risidagi hujjatni topish imkoni bo‘lmadi. Balki doimgidek yashirin yoki maxfiy tarzda imzolangan bo‘lishi mumkin.