BYD va UzAuto Motors hamkorligi zararli monopoliyaning yangi bosqichimi?

Ko‘pchilikda “milliy” avtomobil kompaniyamiz Xitoyning BYD kompaniyasi bilan shartnoma tuzayotganligi avtomobilsozligimizning kelajagiga bo‘lgan ishonchni yana qaytargan bo‘lishi mumkin (albatta bu shartnomaga skeptik qarayotganlar ham yetarlicha).

Lekin, bu shartnomaga obyektiv baho beriladigan bo‘lsa, taxminan quyidagi xulosa va fikrlarni olish mumkin.

Birinchidan, bu shartnoma elektromobillar importiga to‘siqlarni oshirishi mumkin. Balki qisqa muddatda import bojlarining oshishini ko‘rmasligimiz mumkindir lekin import qilish huquqi keskin cheklanadi(yoki boshqa maʼmuriy cheklovlarning oshish ehtimoli yuqori). Yaʼni import qilish huquqi faqatgina milliy avtomobil zavodimizga taqdim qilinadi. Boshqacha aytganda, import elektromobillarning ichki bozorimizdagi narxi hozirgiga nisbatan oshadi hamda uni import qilish imkoniyati faqat maʼlum tanlangan guruhlargagina beriladi.

Ikkinchidan, biroz vaqt o‘tib qo‘shma korxona ishlab chiqarishni boshlashi bilan import elektromobillarni olib kirish yana-da qiyinlashadi. Bir jihatni unutmaslik kerakki, Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarishning kengayib eksport bo‘lishidan yetarli darajada manfaatdor emas, chunki O‘zbekistonga qo‘shni bozorlarga avtomobil yetkazib berishda Xitoyda hech qanday logistik muammolar mavjud emas. Boshqacha aytganda, zavodning ichki bozorga kirishidan asosiy maqsadi ichki bozor uchun avtomobil ishlab chiqarish va yetkazib berish. Kompaniya tashqi raqobat haqida bosh qotirmasdan ichki bozorda maʼlum darajada ishlab chiqarishni tashkil qilish orqali monopol foydani oladi (albatta foydani mahalliy kompaniya bilan bo‘lishadi). Bunga o‘xshagan holat esa aynan avtomobilsozlik tariximizda bo‘lgan. Elektromobillar bilan kuzatilayotgan holat esa o‘tgan davrdagi zararli avtomobil monopoliyasining keyingi bosqichi xolos.

Xullas, BYD bilan shartnoma katta ehtimol bilan avtomobilsozlik sohasini yorqin kelajak tomon yetaklamaydi. Albatta, bu shartnomadan manfaatdor guruhlar mavjud, lekin bu manfaatdorlar isteʼmolchilar (xalq) emas. Balki, Xitoydagi avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya va mahalliy ishlab chiqaruvchimiz hamda mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchimizning ishlab turishidan manfaatdor bo‘lganlar. O‘zbekistondagi mahalliylashtirish allaqachon “o‘g‘rilikka” aylanib ulgurgan. Yaʼni mahalliyshtirish niqobi ostida baʼzi ishlab chiqaruvchilar isteʼmolchilar (xalq)ning daromadi va boyligini “o‘g‘irlash”ni hamda ularni kambag‘allashtirishni juda yaxshi o‘rganib olgan. Endi esa faqatgina bu yo‘nalishni yangi bosqichga olib chiqishmoqda xolos.

Elektromobillarni mahalliylashtirishimiz avtomobilsozligimizning kelajagi emas, balki yana-da kattaroq parazitga aylanishi xolos.

Manba