2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
Yanvarda O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarishning fizik hajmi deyarli 10%ga, jon boshiga fizik ishlab chiqarish esa deyarli 12%ga qisqarib ketgan.
Sanoatdagi tanazzulning zanjiri, tabiiyki, energetikadan boshlangan.
Demak, krizisli yanvarda:
- Gaz ishlab chiqarish 4,7 mlrd. kubdan, 4,3 mlrd. kubgacha;
- Ko‘mir 482 ming tonnadan 415 ming tonnagacha;
- Gaz kondensati 120 ming tonnadan 109 ming tonnagacha;
- Elektr energiyasi 6,7 mlrd. kVt. soatdan 6,5 mlrd. kVt. soatgacha;
- Issiqlik energiyasi 3,4 mln. Gkaldan 3,1 mln. Gkalgacha qisqarib ketgan.
Zanjir energetikadan sanoatning boshqa sohalariga ham ulangan. Xususan, bo‘yoq va laklar ishlab chiqarish 7 barobardan ko‘pga, avtomobil ishlab chiqarish deyarli 4 barobarga, dvigatel ishlab chiqarish deyarli 3 barobarga, sement ishlab chiqarish 2 barobardan ko‘pga qisqargan.
Yana bir og‘ir zarbani tekstil sohasi qabul qilib olgan. Xususan, kalava ip ishlab chiqarish 31%ga qisqargan.
Anchadan buyon degradatsiya kuzatilayotgan aroq va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi esa krizisli yanvarda ortgan.
Savdo va umumiy ovqatlanishda asosiy zarbani kichik biznes qabul qilgan. Yirik korxonalarda esa ishonish qiyin bo‘lgan karrasiga o‘sish
Ko‘pchilik yanvar krizisida savdo va umumiy ovqatlanish sektori kamroq jarohatlandi, deb hisoblashi mumkin. Sirtdan qaraganda shunday. Lekin rasmiy statistika savolli vaziyatda ayrim oydinliklarga yo‘l ochadi va ayni paytda juda og‘ir savollarni kun tartibiga chiqaradi.
Demak, yanvar oyida chakana savdoda yirik korxonalarda 23,9%lik o‘sish qayd etilgan bo‘lsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikda 14,9%lik qisqarish qayd etilgan.
Ulgurji savdoda yirik korxonalarda 44,6%lik o‘sish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikda 13,4%lik qisqarish ko‘rsatilgan.
Umumiy ovqatlanishda yirik korxonalarda 30,0%lik o‘sish, kichik biznesda 22,8%lik qisqarish qayd etilgan.
Aytish kerakki, savdo va umumiy ovqatlanish bo‘yicha yanvar oyi rasmiy statistikasi yirik korxonalar qismida juda ko‘p ishonish qiyin bo‘lgan raqamlarni beradi.
Masalan, chakana savdoda yirik korxonalar bo‘yicha yanvar oyida Qoraqalpog‘istonda 2,5 barobar, Farg‘onada 2,2 barobar, Qashqadaryoda 2,1 barobar o‘sish ko‘rsatilgan. Xuddi shunaqa, ulgurji savdoda yirik korxonalar bo‘yicha Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida 2-3 barobardan ziyod o‘sish ko‘rsatkichlari yasalgan.
Namangan viloyatida umumiy ovqatlanish bo‘yicha yirik korxonalarda oz emas, ko‘p emas, naq 39,1 barobariga o‘sish qayd etilgan. Sovuq va qahraton yanvarda Namanganda nima yuz bergan o‘zi?
Balki bu statistikani o‘rganib qolingan usullarda “yaxshilash” uchun qilingandir, bir narsa deyish qiyin. Lekin Statistika agentligi mazkur raqamlar bo‘yicha kamida xizmat tekshiruvi o‘tkazishi va vaziyatni izohlashi kerak bo‘ladi.
