Biz har kuni internetdan ko‘plab o‘zimizga kerak va albatta umuman kerak bo‘lmagan maʼlumotlar ummoni bilan to‘qnash kelamiz. Albatta, bu zamon talabi va maʼlumot olmoqchi bo‘lgan inson bunga ko‘nikadi. Ko‘pchiligimiz axborot saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar va ommaga mashhur blogerlarning kanallariga tayanib u yoki bu xabarni yaqinlarimiz, do‘stlarimiz yoki hamkasblarimiz bilan bo‘lishamiz. Ana shu vaqtda katta bir qadamni unutib qo‘yamiz. Bu maʼlumotni tekshirish. Yaʼni siz va biz sizdirilayotgan maʼlumotni to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini bilishimiz, bundan keyingina o‘zimiz yaqin deb bilgan insonlar bilan bo‘lishimiz kerakligi. Lekin, ko‘pchiligimiz bu narsa haqida o‘ylamaymiz ham.
Mana oddiy misol. Kuni kecha mamlakatimizda o‘zini birinchi axborot portali deb taʼkidlaydigan UZA saytida “O‘zbek olimlari saratonni 99 foizgacha davolash imkonini beruvchi yangi preparat ishlab chiqdi” nomli yangilik paydo bo‘ldi. Juda kuchli nomlangan xabar. Mamlakatimizdagi minglab emas, balki 10 minglab insonlarni yuragiga umid bag‘ishlovchi xabar.
Maqolada aytilishicha O‘zbek olimlari tomonidan ishlab chiqilgan yangi dori vositasining bitta dozasi hozirgi kunda AQSHda 70 ming dollar, Yevropa mamlakatlarida 25 ming dollar atrofida sotilmoqda. O‘zbekiston fanlar akademiyasi Yadro fizika instituti ushbu dorini respublikamizdagi 3ta onkologik klinikalarga 1,5 ming AQSH dollari narx bilan yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan. Mahsulot Amerika Qo‘shma Shtatlari, Germaniya, Rossiyadagi mahsulotlarga nisbatan 10 barobar toza bo‘lishi bilan birga, 15-50 martagacha arzon. Eng asosiysi, hozirgi kunda bu dori 4-bosqichdagi rak kasalligining 97-99 foizgacha tuzalishini taʼminlayapti. Jahondagi tibbiyotchilar revolyutsion dorilar qatoriga kiruvchi bu preparatga “fantastik natija”, deb baho berishmoqda deyiladi xabarda. Intervyu bergan inson ham O‘zbekiston fanlar akademiyasi Yadro fizika instituti direktori, texnika fanlari doktori, professor Ilhom Sodiqov.
Bu xabar O‘zbek ijtimoiy tarmoqlarida yashin tezligida tarqadi. Dardi bor bemorlar, ularning yaqinlari esa dori vositasini qayerdan olish mumkinligi, kim bilan bog‘lanish kerakligi, kerak bo‘lsa doimgidek tanish-bilish yoki bir oz ko‘proq mablag‘ taklif qilib shifo beruvchi mazkur dorini topish ilinjida qidiruvni boshlab yubordilar.
24 mart kuni soat 15:56da joylashtirilgan maqola bo‘yicha 25 mart kuni soat 14:16da Sog‘liqni saqlash vazirligi munosabat bildirdi. Unda Aytilishicha “Yurtimizda saratonni 99 foizgacha davolovchi preparat yaratilgani haqidagi xabarlar haqiqatga zid”. Maʼlum bo‘lishicha, bu dori vositasi radiofarmpreparat sifatida AQSH, Yevropa va Osiyo davlatlarida faqatgina prostata bezi va neyroendokrin o‘smalar diagnostikasi va muolajasida qo‘llaniladi. Preparat vaqtinchalik vosita hisoblanadi va bemorlarning hayotini uzaytirishga imkoniyat yaratadi. Shu bilan birga, har qanday yangi dori vositasi amaliyotda foydalanilishidan toki samarasi tasdiqlanishiga qadar turli izlanishlar, o‘rganishlar olib borilishi va samaradorligi to‘g‘risida tegishli xulosalar qilinishi uchun uzoq vaqt talab etiladi.
Bu nimani anglatadi? Qariyb bir sutka davomida shov-shuv, bemorlar uchun umid chirog‘i, ularning yaqinlari uchun turli izlanishlar. Birgina maʼlumotni tekshirmasdan qabul qilish bu bir inson taqdirida qancha sinovlarni boshidan kechirishga majbur qiladigan holat. Afsuski, dunyoda barcha saraton kasalliklarini to‘liq davolay oladigan universal dori vositasi hozircha mavjud emas. Buni ko‘pchilik biladi, lekin umid inson qalbida doim yashaydi, bu esa juda kuchli motivatsiya. Biz bu bilan o‘quvchilarimizni axborot saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarni talqin qilishda juda ehtiyotkor bo‘lishlarini eslagan holda, maslahatimiz, doim maʼlumotlarni tekshiring. Bir emas uch-to‘rt manbadan tekshiring.
Shundan kelib chiqib, ommaviy axborot vositalaridan insonlar hayoti bilan bog‘liq bu kabi muhim yangiliklarni jamoatchilikka yetkazishda eʼtiborli bo‘lishlarini so‘rab qolamiz.