Kamoliddin Rabbimov 1999—2002-yillarda Oʻzbekiston respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasi aspiranturasida oʻqigan. 2000—2001-yillarda Oʻzbekiston respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida ilmiy tadqiqotchi, 2001—2004-yillar „Ijtimoiy fikr“ sotsiologik tadqiqotlar markazida ilmiy tadqiqotchi, 2004—2005-yillarda Fuqarolik jamiyatini oʻrganish institutida katta ilmiy xodim vazifalarida ishlagan. 2007—2021-yillarda Fransiyada yashagan.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov:
Aslida, Konstitutsion islohotlarni asoslashda, birinchi maʼmuriyatni tanqid qilinishi – xalq uchun kerakli yondashuv.
Birinchidan, bunday kampaniyaning fundamentida “Biz repressiyalarga qaytmaymiz! Qaytishni istamaymiz!” degan pozitsiya turadi. Bu pozitsiya, davlat bilan jamiyat o‘rtasidagi ijtimoiy kelishuvni, kontraktni eslatadi: siz bizni islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlang, biz esa, repressiyalarga qaytmasdan, baʼzan tezroq, baʼzan sekinroq – lekin islohotlarni davom etamiz.
Yaʼni, ikkinchi maʼmuriyat o‘zining oldiga maʼlum planka qo‘ymoqda: hokimiyatda bo‘lar ekanmiz, siyosiy tizimning tabiatini qattiqlashuviga yo‘l bermaymiz, repressiyalarga qaytilmaydi, islohotlar va liberallashuv davom etadi, deyilmoqda.
Haqiqatda, keyingi yillarda ikkinchi maʼmuriyat legitimlik defitsiti bilan to‘qnashishi mumkin. legitimlik defitsiti fonida, davlat siyosiy chora-tadbirlar bilan javob berishi kerak bo‘ladi: yangi tashabbuslar, loyihalar, maʼmuriy-siyosiy islohotlar… Lekin agar ijtimoiy barqarorlikni, oldingidek, mexanik – kuch ishlatish orqali taʼminlansa, birinchi maʼmuriyat holatiga qaytilgan bo‘ladi.

Bu davrda biz rosa ezildik
Ko‘pchilik “Karimov davrida ko‘p narsalarga erishgan taniqli shaxslar, bugun uni tanqid qilishmoqda” degan eʼtiroz bildirishmoqda. Bu tanqidlar – vaziyatni umumiylashtirish hisoblanadi. Haqiqatda, Yulduz Usmonova, Ozodbek Nazarbekov, Matyoqub Matchonov va boshqalar Karimov davrida ko‘zga ko‘ringan sanʼat arboblari edi.
Lekin, jamiyatimiz, odamlar Karimov davridagi o‘yin qoidasini to‘liq anglashi, buni unutmasligi kerak. Karimov davrida, nafaqat sanʼatkorlar, balki davlat arboblari ham misli ko‘rilmagan bosim ostida edi. O‘sha vaqtlarda ham Karimovning ishonchida bo‘lgan, katta mulozim bo‘lib ishlab turgan odamlar, haftasiga, oyiga kamida bir-ikki marta podvallarga tushib chiqishardi. Bu – sof Stalincha boshqaruv edi. Muttasil qo‘rqitish, va vaqti-vaqti bilan mukofotlash…
Yulduz Usmonova qanchalik “Gulisan” deb kuylamasin, u O‘zbekistondan chiqarib yuborildi. Bir vaqtlar opani o‘zi “yurtfurushlar, tuprog‘ingga zor bo‘ladi” deb kuylagan edi, va ko‘p yillar o‘zi Turkiyada yashashga majbur bo‘ldi. Ozodbek Nazarbekov ham, Matyoqub Matchonov va boshqalar ham, Karimov davrida tanilgani, davlat mukofotlari va lavozimlar olgani rost. Lekin, bu davrdagi qo‘rquv muhiti, odamlarning bir-biriga ishonmasligi, total nazorat tizimi, kechga borib nima bo‘lishini hech kim bilmasligi – davlat siyosatining odati edi.
Bugun vaziyat biz istagan darajada huquqiy, liberal emas. Davlat koridorlarida, jamiyatda, odamlarning tafakkurida kurash ketmoqda. Lekin, bugun odamlar ijtimoiy tarmoqlarda bemalol hokimiyatni tanqid qilyapti. Kelajakda, odamlar hukumatni rasmiy OAVlarida, TV kanallarida tanqid qila olishlari kerak.
Lekin, ijtimoiy tarmoqlarda ham qo‘rqmasdan, ommaviy tanqid qilish asosida bitta ishonch bor – yaʼni, “men hokimiyatni tanqid qilaman, va buning uchun menga hech narsa bo‘lmaydi!” degan ishonch. Bu ishonch, aslida, ikkinchi maʼmuriyat uchun katta yutuq, tarixiy tan olish hisoblanadi.
Prezidentlik muddatini uzaytirish
Ko‘pchilik prezidentlik vakolatlarini besh yildan yetti yilga cho‘zilishi va prezidentlik muddatini nollashtirish haqida, fikrimni so‘radi. Men bu borada, oldinlari ko‘p marta o‘z fikrimni aytganman. Jumladan, pozitsiyamni Ozodlikka intervyularimda bildirganman. Fikrim o‘zgarmagan. Agar ikkinchi maʼmuriyat tarixiy xotiraga oriyentir olsa, besh-o‘n yilni kelajakdagi katta davrga almashmasligi kerak degan edim. Referendum eʼlon qilinishidan oldin, baʼzi davlat xodimlari mendan fikrimni so‘rashdi. Men yuqoridagi fikrimni aytdim.
Meni nazarimda, qaltis qaror. Men oliy hokimiyatdagi maʼlum xavotirlar, g‘am-tashvishlar haqida tasavvurga egaman. Hokimiyatdagi loyihalar va rejalar haqida ham eshitganman. Lekin, “vaziyat” degan og‘ir narsa ham bor. Vaziyat esa, odatda, qiyinlashib borishga moyil. Shuning uchun, Konstitutsionalizm, hokimiyatni o‘zi uchun ham, yaxshiroq yechim edi.
Nazarimda, endigi savol quyidagicha: “keyingi yillar nima bilan to‘ldiriladi: real va tarixiy islohotlar bilanmi, yoki mexanik barqarorlik maqsadidagi nazorat falsafasi bilanmi?”
