2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
“Bir kichik kompaniya, aniqrog‘i agentlik rivojlanayotgan edi (biz o‘ylagan va ishonganimizdek) kichik va o‘rta biznes davlat tomonidan himoya qilinadi degan balandparvoz gaplarga ishonib, ishlayotgan edi, ish o‘rinlari yaratayotgan edi, barcha soliqlarni to‘lab kelayotgan edi, o‘z vaqtida to‘layotgan edi! QQS to‘lovchisi sifatida soliq to‘lovchining koeffitsiyenti yashil zonada edi va zanjirdagi uzilish 0,0 ni tashkil etar edi.
Va bugun ertalab nimani ko‘ryapmiz? Daromad solig‘ini to‘lash uchun *** 000 000 so‘m miqdorida avans (dastlabki) to‘lovini to‘lashga daʼvo! Dastlabki to‘lov nima, uyg‘oning, nima uchun? Agar o‘tgan yilning oxirida biz moliyaviy ko‘rsatkichlarimizni ozmi-ko‘pmi yaxshilashga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsak, bu bizda har oy shunday daromad bor degani emas. Ishchilarning maoshi? Ijara? Bularni qanday to‘layman? Hatto-ki internet uchun hisobimda pulim yo‘q. Ogohlantirishlar yoki boshqa bildirishnomalarsiz, hatto uchetniy kartada ham oldindan to‘lovlar haqidagi xabar bo‘lmagan. Yangi yildan keyin uch oy o‘tgach, yil boshidan beri deyarli bir milliard hisoblangan! Siz u yerda aqldan ozganmisiz? Nega hech qachon bitta qonunni buzmagan, hamma narsani o‘z vaqtida to‘lagan tadbirkor endi sizning o‘zboshimchaliklaringizni qoplashi kerak? Sizning inspektorlaringiz har oy qo‘ng‘iroq qilishadi va u yoki bu soliqni oldindan to‘lashni talab qilishadi, buning o‘zi qoidabuzarlik, lekin biz har doim vaziyatga tushib, moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqib soliq to‘ladik. Nega soliqlardan qochadigan qarzdorlarni emas, balki vijdonan hamma narsani o‘z vaqtida to‘laydiganlarni qiynaysiz?
Menda endi pul yo‘q, endi xodimlarimga maoshlarini olmasliklarini qanday tushuntirishim mumkin? Pudratchilarga qanday to‘layman? Qolgan hamma narsa haqida men umuman indamay qo‘yay… Barcha faoliyat to‘xtatildi, men buyurtmalarim uchun pul to‘lay olmayman, ijaradagi joy egasi ertaga keladi, ko‘chishni so‘raydi, chunki pul yo‘q. Bir kun ichida siz nafaqat kompaniyani vayron qildingiz, balki 15 nafar xodimni ham ishdan mahrum qildingiz”.
Iqtisodchi Otabek Bakirov:
Mart oyining oxirgi ish haftasini xususiy biznes, ayniqsa uning kichik va o‘rta sektori sovuq dush qabul qilishdan boshladi. Ertalabdan ilovasini ochgan yoki bankdan ko‘chirma olgan tadbirkorlar hisob varaqlardan soliqqa avans tarzida tiyinigacha yechib olingan yoki talabnomalar kiritilgan va hisoblar kartotekaga o‘tkazib qo‘yilgan yoqimsiz holatga ro‘para bo‘ldilar. Kimdir hamkorlariga shartnomada kelishilgan pulni to‘lamadi, kimdir endi xodimlariga oylikni nasiya qiladi. Kimdir bugun hisobiga tushishi kerak bo‘lgan mablag‘ni o‘tkazmay turishni, kimdir esa naqd hisob kitob qilishni o‘ylay boshladi. Axir ekonomika shunday ishlaydi.
Soliq razvyorstkasi, xuddi bolsheviklarning oziq-ovqat razvyorstkasi kabi, faqat bir marta yutadi, undan keyingi sikllarda biznes xuddi dehqonlar qizil terroristlardan bug‘doyini yashira boshlagani singari yoki bug‘doy ekmay qo‘ya qolgani kabi ish tutadi.
Soliqni boqaymi yo o‘zimga ishlaymi deydi u. Soliq endi himoyalovchi politsiyachi emas, ko‘cha muyulishidagi qaroqchi o‘g‘ri singari gavdalanishni boshlaydi.
Biz bu xaskash boshimizga avval urilmaganmidi? Urilgandi. Yana urilmoqda. Nega? To‘g‘risi, bilmayman.
Lekin, bunga nima turtki bo‘lgani bilaman. Byudjetda pul topuvchini ham, pul sarflovchini ham bir qo‘lli qilingani. U qo‘l ertani emas, bugunni o‘ylashga majbur. Iqtisod o‘sishdan to‘xtagan, lekin xarajatlardan hech kim voz kechgani yo‘q. Qaror qabul qilish gorizonti esa 24 soat. Qanaqa mavsumiylik, qanaqa moliya yili, qanaqa iqtisodiy sikl haqida gapirish mumkin?
Endi nima bo‘ladi? Bilmayman. Tiyib turuvchi, buzg‘unchi harakatlarni ortga qaytaruvchi kuch yoki istakni hozircha ko‘rayotganim yo‘q. Shunday ekan, nima qilishni, tadbirkor bo‘lsangiz, o‘zingiz yaxshi bilasiz. Ayniqsa bir yilda to‘lanadigan soliq summasi mart oyidayoq hisobingizdan sug‘urib olingan bo‘lsa.
Soliq qo‘mitasi: Ortiqcha olingan avanslar qaytariladi
Bugun soat 13:00 ga qadar ortiqcha olingan bo‘nak mablag‘lari soliq to‘lovchilarga qaytariladi.
Qo‘mita majburiy tarzda bo‘nak undirilishini o‘zboshimchalik deb baholagan.
